Jahon | 13:59 / 22.07.2024
5801
11 daqiqa o‘qiladi

Kurashdan chiqqan Bayden, Xalqaro sudning Isroil bo‘yicha qarorini quvvatlagan Yevropa va Ozarboyjonning talabi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Yevropa Ittifoqi Haagadagi BMT Xalqaro sudining Falastin hududlari bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatladi.

O‘tgan juma kuni Xalqaro sud Isroilning Falastin hududlarini bosib olishini noqonuniy deb topdi. Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Borrel Yevropa Ittifoqining siyosiy yo‘nalishini o‘zgartirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi Haagadagi Xalqaro sudning Isroilning G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi turar joy siyosati xalqaro qonunlarga zid ekanligi haqidagi qarorini olqishladi. Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning aytishicha, sudning Isroil Falastin hududlarida mavjudligi noqonuniy ekani haqidagi xulosasi, umuman olganda, Bryusselning pozitsiyasiga mos keladi.

«Dunyo bo‘ylab xalqaro huquq buzilishi fonida biz BMT sudining barcha qarorlariga, ular qanday masalalar bo‘yicha qabul qilinganidan qat’i nazar, sodiq ekanligimizni ma’naviy jihatdan yana bir bor tasdiqlashga majburmiz. Xalqaro sud fikrini va uning Yevropa Ittifoqi siyosati uchun mumkin bo‘lgan oqibatlarini diqqat bilan tahlil qilishimiz kerak», dedi Borrel.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro sud 19 iyul kuni Isroilni «Falastin hududlaridagi okkupatsiyasini imkon qadar tezroq to‘xtatishga» chaqirdi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukmni «noto‘g‘ri qaror» deb atadi. Sud qarori majburiy emas, biroq Isroilning G‘azo sektoridagi Falastinning HAMAS harakati bilan urushi fonida bu Isroilga bosimning kuchayishiga olib kelishi mumkin, deya qayd etadi AFP.

1967 yilda Isroil arablarning ehtimoliy tajovuzini bahona qilib, G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilni egallab oldi. O‘shandan beri Isroil rasmiylari bosib olingan hududlarda yahudiy aholi punktlari qurilishini qo‘llab-quvvatlab keladi. Hozirda bunday aholi punktlarida 400 mingga yaqin isroillik istiqomat qiladi.

2005 yilda Isroil G‘azo sektorini to‘liq ozod qildi. Oradan bir yil o‘tib mintaqada saylovlar bo‘lib o‘tdi va unda Falastinning HAMAS harakati g‘alaba qozondi.

Oradan 18 yil o‘tib, Isroil yana G‘azo sektoriga hujum uyushtirdi. Urushning 289-kuniga kelib G‘azodagi qurbonlar soni 38 ming 983 kishiga yetdi. 89 ming 727 kishi yaralangan. So‘nggi bir sutka ichida 64 kishi o‘ldirildi, 105 kishi yarador qilindi.

Bayden poygani tark etdi

AQSh prezidenti Jo Bayden 21 iyul kuni prezidentlik poygasidan chiqayotganini e’lon qildi. Bu haqdagi xabarni u eng birinchi X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.

«Sizning prezidentingiz sifatida xizmat qilish men uchun hayotimdagi eng katta sharaf bo‘ldi. Men qayta saylanish niyatida bo‘lgan bo‘lsam-da, nomzodimni qaytarib olish va butun e’tiborimni faqat prezidentlik muddatimning qolgan qismida o‘z vazifamni bajarishga qaratishim partiyam va mamlakatlarim manfaatlariga mos keladi, deb hisoblayman», — degan 81 yoshli Bayden amerikaliklarga murojaatida.

Shu tariqa, Bayden 1968 yilda ikkinchi muddatga saylanmasligini e’lon qilgan Lindon Jonsondan keyingi birinchi prezident bo‘ldi.

Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqqanini e’lon qilishi ortidan AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisni prezidentlik lavozimi uchun nomzod sifatida ilgari surishni taklif qildi.

«2020 yilda partiya nomzodi sifatidagi ilk qarorim Kamala Harrisni vitse-prezident sifatida tanlash bo‘lgandi. Bu mening eng yaxshi qarorim edi», — degan Bayden.

Vitse-prezidenti Kamala Harris ham AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. «Prezidentning tasdig‘ini olish men uchun katta sharaf va men bu nomzodlikni qo‘lga kiritish va g‘alaba qozonish niyatidaman», degan u.

Harris respublikachi Donald Trampni mag‘lub etish uchun «Demokratik partiya va xalqni birlashtirish» maqsadida «hamma narsani qilishini» qo‘shimcha qildi.

Bayden o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qilganidan so‘ng Tramp uni «mamlakat tarixidagi eng yomon prezident» deb atagan.

Trampga ko‘ra, demokratlarning endigi nomzodi sifatida ko‘rilayotgan vitse-prezident Kamala Harrisni yengish Baydenni yengishdan ko‘ra osonroq bo‘ladi.

U Bayden «prezidentlik saylovida ishtirok etishga loyiq nomzod bo‘lmagani va bu lavozimga umuman munosib emasligi»ni ta’kidlagan.

«U prezidentlik lavozimiga faqat yolg‘on, soxta xabarlar va o‘z yerto‘lasidan chiqmasdan erishgandi. Amerikani yomon ko‘ruvchi Vashington isteblishmenti, OAV, korrupsiyalashgan ichki davlatlar uni himoya qilish uchun qo‘llaridan kelganini qilishdi, lekin u sharmandali tarzda kurashdan chiqdi. Unutmanglar, bizning barcha g‘alabalarimiz sizlar tufayli. Lekin biz gaz pedalidan oyog‘imizni olmaymiz. Faqat olg‘a bosamiz», — deya yozgan u.

Trampning imkoniyatlari

AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton prezidentlik kurashida Tramp g‘alaba qozonmasligi kerakligi haqida fikr bildirgan.

“Tramp — Ukraina uchun juda yomon yangilik. Trampda biror bir konsepsiyaning o‘zi borligiga ishonmayman, u siyosat bilan shug‘ullanmaydi, u bitimlar tuzadi — chunki u dunyoni aynan shunday ko‘radi. U Zelenskiy bilan suhbatlashgani haqida hikoya qilar ekan, u “Men AQShning keyingi prezidenti sifatida butun dunyoga tinchlik keltiraman, shuncha insonni hayotdan olib ketgan va ko‘plab oilalarda yetimlarni ko‘paytirgan urushga yakun yasayman”, degan.

Men psixiatr emasman, lekin “butun dunyoga tinchlik olib kelaman”, deydigan insonlar ruhan sog‘ emasligini bilaman. U urushni yakunlash to‘g‘risidagi muzokaralarni qanday olib borish to‘g‘risida mutlaqo tushunchaga ega emas, lekin uning Vladimir Putin bilan yaqinligi Rossiya tomoniga yon berishi, Ukraina uchun halokatli oqibatlar olib keladi, deb o‘ylayman.

Hozir juda og‘ir davr va nafaqat Ukraina uchun. Biz Ukrainaga xayriya qilish yoki ko‘ngilchalik uchun yordam qo‘lini cho‘zmadik. Bizning Ukrainaga yordam berayotganimizga sabab Amerika milliy xavfsizligi asosida Yevropa qit’asida provokatsiya qilinmagan agressiyadan himoya qilish, tinchlik va barqarorlikka intilish yotgani uchundir. Bu bizga ulkan manfaat keltiradi.

Biz bu ishlarni beminnat amalga oshirayotganimiz yo‘q. Bayden administratsiyasi Ukrainaga yordamni demokratiya uchun qandaydir ezoterik kurash sifatida xarakterlaydi. Bu ham to‘g‘ri emas. Gap Amerikaning tub manfaatlari haqida bormoqda. Buni Tramp ham, uning ehtimolli vitse-prezidenti Jyey Di Vens ham tushunmaydi”, — degan Jon Bolton.

Isroilning Yamanga zarbasi

Isroil Yamandagi husiychilar nazoratida bo‘lgan Hudayda portiga F-15 qiruvchi samolyotlari bilan aviazarbalar yo‘lladi. Bunga husiychilar dron bilan Tel-Avivga hujum qilgani sabab bo‘lgan.

Sanodagi husiychilar hukumati Isroil dengiz sohili yaqinidagi neft saqlanuvchi omborlarga, shuningdek elektr stansiyalar bo‘ylab zarba yo‘llaganini ma’lum qilgan. Husiychilarga aloqador yangiliklar agentligi zarbalar oqibatida uch kishi halok bo‘lib, 80 dan ortiq kishi yaralangan.

«Biz hujum qilgan portdan harbiy maqsadlarda foydalanilgan va Eron tomonidan husiychilarga yetkazib berilgan qurol-yarog‘larni tashish punkti bo‘lib xizmat qilgan», degan Netanyahu.

Husiychilar vakili Muhammad Abdulsalom Hudayda porti bo‘ylab aviazarbalarni «Isroilning Yamanga qarshi shafqatsiz tajovuzi» deb atab, undan maqsad husiychilarga G‘azo sektoridagi falastinliklarni qo‘llashni to‘xtatishi uchun bosim uyushtirish ekani, ammo bunday bo‘lmasligini aytgan.

«Husiychilar bizga 200 martadan ortiq hujum uyushtirdi. Ular Isroil fuqarolariga zarar yetkazgan ilk holatdan keyin biz ularga zarba berdik. Va biz bu talab qilingan istalgan joyda shunday qilamiz», — deya qo‘shimcha qilgan Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant.

Husiychilarning oliy siyosiy kengashi esa Isroil aviazarbalariga «samarali javob» bo‘lishini ma’lum qilgan.

Ozarboyjonning talabi

Ozarboyjon toki Armaniston o‘z konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritmas ekan, ular bilan sulh shartnomasi tuzmoqchi emas. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev aytib o‘tgan.

“Armaniston konstitutsiyasida Mustaqillik deklaratsiyasiga havola bor, bu esa Ozarboyjonning hududiy yaxlitligiga daxl qiladi, chunki unda Armaniston Tog‘li Qorabog‘ deb atab olingan hudud bilan qo‘shilishi haqida gapirilgan. Toki bu punkt bor ekan, sulh shartnomasi imkonsiz bo‘lib qolaveradi”, - degan Aliyev.

Aliyevga ko‘ra, armanlarning konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi talab aslo Ozarboyjon tomonidan Armanistonning ichki ishlariga aralashish hisoblanmaydi.

Chindan ham Armanistonning mustaqillik to‘g‘risidagi deklaratsiyasida Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ milliy kengashining “Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning qo‘shilishi to‘g‘risidagi” 1989 yil 1 dekabrdagi qo‘shma qarori asosida mustaqil arman davlatchiligini tuzish haqida gap boradi.

Biroq Tog‘li Qorabog‘ separatistik hududi uning prezidenti Samvel Shahramyanning farmoni bilan 2024 yilning 1 yanvaridan boshlab tugatilgan. Ya’ni endi amalda yo‘q narsa bilan qo‘shilib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid