Jahon | 13:00 / 31.10.2024
5392
9 daqiqa o‘qiladi

Qamalda qolayotgan g‘azoliklar, AQShning Isroilga yordami va frontda boy berayotgan Ukraina - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektorining shimoliy qismidagi ko‘chalar va guzarlarda bir oydan buyon Isroil armiyasining hududga berayotgan zarbalari tufayli o‘lgan falastinliklarning murdasining hidi chiqa boshladi.

5 oktyabr kuni ro‘y bergan yopirilma aviazarbalardan so‘ng Isroil armiyasi ertasiga yer ustidan bostirib kirishni boshlagan.

Yerusti va havodan berilayotgan zarbalardan tashqari, Isroil hududni qamal qilgan hamda aholini oziq-ovqat va toza ichimlik suvdan mosuvo qilgan.

Isroil armiyasi G‘azoning shimoliy qismidagi ko‘chalar va guzarlarni murdalar bilan qorishgan vayronalarga aylantirgan. Bir paytlar hayot qaynagan mavzelar yer bilan bitta qilib tekislangan va biror hayot alomati qolmagan.

Isroil hujumlaridan yaralangan va davolana olmayotgan falastinliklardan biri shunday hikoya qiladi:

«Biz 20 kuni ovqatsiz va suvsiz kun kechirdik. Isroil askarlari tashqaridan yordam olishga to‘sqinlik qilishdi. Har kuni tunda ro‘y beradigan portlashlar oqibatida uxlay ham olmasdik».

Bayt lahiyalik turg‘un ham bir necha kun och qolgani, internet yo‘qligi sabab hech kimdan yordam so‘rolmaganini hikoya qiladi.

«Vayrongarchiliklar shu darajada ediki, biz o‘z uylarimizni taniy olmay qoldik. O‘lganlarni ko‘mishga ham sharoit yo‘q. Mayyitlarni shundoq ko‘cha yoqasiga yotqizib qo‘yishgan», deydi u.

2023 yilning 7 oktyabrida G‘azoda yuz berayotgan qirg‘inbarot urush qurbonlari 43 ming 163 kishiga yetgan. Yaradorlar soni 101 ming 510 nafar. So‘nggi sutka ichida G‘azoning turli qismlarida 102 kishi o‘ldirilgan. 287 kishi yaralangan.

Livanda otashkesim ehtimoli

Livan bosh vaziri Najib Miyqotiy Livanning Al-Jadid telekanaliga bergan intervyusida yaqin soatlar yoki kunlar ichida Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishish mumkinligi haqida gapirdi.

U AQSh prezidentining yordamchisi, Davlat departamentining energetik xavfsizlik bo‘yicha katta maslahatchisi Eymos Hokstin bilan telefon orqali suhbati chog‘ida shunday xulosaga kelgan.

«Bu telefon muloqotigacha o‘t ochishni to‘xtatish 5 noyabrdan avval ro‘y bermaydi, deya kutayotgan edim», degan u.

Miyqotiyning qayd etishicha, Hokstin o‘zining Bayrutga so‘nggi tashrifi chog‘ida Livan parlamenti spikeri Nabih Barriga «maxfiy» taklif bergan. Unga ko‘ra, Litani daryosidan janubda Livan armiyasidan bo‘lak hech qanday qurollangan guruhlar bo‘lmasligi kerak va «Hizbulloh» bu hududni tark etishi kerak.

AQShning Isroilga yordami

Isroilning hujumlarini qo‘llab-quvvatlash va AQShning Yaqin Sharqdagi ishtirokini mustahkamlash uchun milliardlab dollar sarflanmoqda. Xususan, AQSh 2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroilga 17,9 mlrd dollarlik harbiy yordam ko‘rsatgan.

Bu haqda «2023 yilning 7 oktyabridan 2024 yilning 30 sentabrigacha Isroilning harbiy operatsiyalari va u bilan bog‘liq AQSh operatsiyalari xarajatlari» dokladida so‘z boradi. Doklad Braun universiteti qoshidagi xalqaro va jamoatchilik munosabatlari bo‘yicha Uotson instituti tomonidan tayyorlangan.

Ko‘rsatib o‘tilgan davrda AQSh Isroilga xorijiy harbiy moliyalashtirish doirasida 6,8 mlrd dollar, «Temir gumbaz» doxil raketa hujumidan mudofaa tizimini yaratish va yangilash uchun 5,7 mlrd dollar, og‘ir qurol-yarog‘larni ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 1 mlrd dollar, Tel-Avivga ilgari berilgan Amerika qurol-yarog‘larini modernizatsiya qilish uchun 4,4 mlrd dollar mablag‘ taqdim etgan.

Institut xodimlari 2024 yilning 13 avgustida Jo Bayden ma’muriyati Isroilga yana 20 mlrd dollarlik qurol-yarog‘lar berilishini ma’qullagani eslatiladi.

AQShning yangi sanksiya to‘lqini

Amerika Qo‘shma Shtatlari uchinchi davlatlar orqali Rossiya harbiy texnikasi uchun butlovchi qismlar eksportiga qarshi kurashmoqchi.

Qo‘shma Shtatlar Rossiya Federatsiyasiga Ukrainaga qarshi kurashda yordam berayotgan bir qancha davlatlarning 400 ga yaqin shaxs va kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Ular birinchi navbatda mikrochiplar va ilg‘or elektronika yetkazib berish bilan shug‘ullangan, deb xabar berdi Bloomberg.

Maqsadlar ro‘yxatiga Xitoy, Hindiston va Turkiya kompaniyalari kirdi, ular harbiy texnika uchun muhim qismlarni jo‘natishda ayblangan.

Bundan tashqari, AQSh Rossiya prezidenti Vladimir Putinning amakivachchasining qizi Anna Tsivilevaga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. 2024 yilda u Rossiya mudofaa vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Hindistonning Shreya Life Sciences farmatsevtika kompaniyasi Rossiyaga Amerika savdo belgilari bilan himoyalangan katta hajmdagi texnologiyani jo‘natganlikda ayblanmoqda. Bularga sun’iy intellekt va mashinani o‘rganish uchun mo‘ljallangan ilg‘or serverlar kiradi.

«Biz Rossiyaning o‘z jangovar mashinasini jihozlash qobiliyatini kamaytirish va zaiflashtirish, shuningdek, sanksiyalarimiz va eksport nazoratimizni chetlab o‘tish yoki chetlab o‘tish orqali ularning sa’y-harakatlariga yordam berishga intilayotganlarni to‘xtatishga qat’iy bel bog‘laganmiz», degan AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyyemo.

AQSh va ittifoqchilari 2022 yilda Ukrainaga bosqinidan so‘ng Rossiyaga qarshi minglab sanksiyalar kiritgan. Shunga qaramay, Rossiya yalpi ichki mahsuloti joriy yil oxirigacha 3,5-4 foizga o‘sishi mumkin.

Frontda boy berayotgan Ukraina

Ukrainalik general Dmitro Marchenkoga ko‘ra, Donetsk oblastida frontdagi vaziyat o‘q-dorilar, qurol-yarog‘ va odamlar yetishmasligi, shuningdek, «boshqaruvning nomutanosibligi» tufayli murakkablashgan.

Ukraina qurolli kuchlari Selidove shahrini deyarli egallab olgan rus qo‘shinlari oldinga siljishi fonida Donetsk oblastida o‘z pozitsiyalarini yo‘qotishda davom etmoqda.

«Barchamiz bilamiz, agar frontimiz parchalanib ketyapti, desam, harbiy sirni oshkor etmagan bo‘laman. Afsuski, rossiyaliklar allaqachon Selidovega kirib borgan. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda ular uni o‘rab olishadi va bu ularga Pokrovskka taktik kirish imkonini beradi», — degan Marchenko.

U frontdagi bu holatning uchta sababini aytib o‘tdi: «Birinchidan, o‘q-dorilar, qurol-yarog‘lar yetishmaydi. Ikkinchidan, odamlar yo‘q, qo‘shimcha kuchlar yo‘q. Odamlar juda charchagan, ular frontda pozitsiyalarini ushlab tura olmayapti. Uchinchidan, bu boshqaruvdagi nomutanosiblik». «Hozir bo‘layotgan narsa bo‘yicha men aytmoqchimanki, bunday bo‘lmasligi kerak», — deya xulosa qildi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshidan 2022 yil 6 aprelgacha Mikolayiv shahri mudofaasiga muvaffaqiyatli rahbarlik qilgan general-mayor.

Bu orada Rossiya qo‘shinlari Donetsk oblasti Pokrovsk rayonidagi Gornyak shahrini ham o‘z nazoratga olgan.

Ochiq fotosuratlar va videolardan ruslar Selidove, Bogoyavlenka, Novoukrainka aholi punktlarida, shuningdek, Shaxtarske va Novoalekseyevka yaqinida ham oldinga siljishgani ko‘rinmoqda.

Ispaniyadagi halokatli suv toshqinlari

Ispaniyada ro‘y bergan halokatli suv toshqinlari so‘nggi 28 yil ichidagi eng yirik tabiiy ofat bo‘lgani ta’kidlanmoqda. Ikki kun tinmay yog‘gan yomg‘irlar tufayli mamlakatning janubi va sharqida yuz bergan suv toshqinlari qurbonlari soni 95 kishiga yetgan.

Operativ koordinatsiya markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 92 kishi Valensiyada, ikki kishi Kastiliya-La-Mancha avtonom hamjamiyatida va bir kishi Malagada halok bo‘lgan.

Valensiya avtonom hamjamiyatida yana o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi. Tabiiy ofat ro‘y bergan hududda qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.

1,2 ming odam va 5 mingdan ziyod avtomobillar yo‘llarda tirbandlikda turib qolishgan.

Valensiya aeroporti ham uchish-qo‘nish yo‘lagini suv bosgani uchun vaqtinchalik ish faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu esa ko‘plab reyslarning bekor bo‘lishi hamda boshqa aeroportlarga yo‘naltirilishiga sabab bo‘ldi.

Hukumat ayrim joylarda 1 kvadrat metr yuzaga yarim tonna yomg‘ir yog‘ganini xabar qilishgan. Bu suv toshqini so‘nggi 28 yil ichida Ispaniyada yuz bergan eng yirik tabiiy ofat bo‘lgani ham qayd etilmoqda.

Mavzuga oid