O‘zbekiston | 17:12 / 28.11.2020
11786
9 daqiqa o‘qiladi

«Ustoz-2020» milliy mukofoti natijalaridan norozilar bor. XTV va tanlov tashkilotchilari bu borada izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qator o‘qituvchilar tomonidan Xalq ta'limi vazirligi e'lon qilgan #Ustoz2020 ko‘rik-tanlovi dastlabki natijalaridan norozilik tufayli prezidentga yo‘llangan murojaat paydo bo‘ldi. Ayni shu masalada internet orqali Kun.uz bilan bog‘langan o‘qituvchilar ham tanlov xolis o‘tganiga shubha bildirgan.

Davlat rahbariga yo‘llangan maktub matni quyidagicha:

“Hurmatli Shavkat Miromonovich. Biz, xalq ta'limi tizimidagi bir qator o‘qituvchilar Sizga murojaat qilmoqdamiz. Biz ta'lim tizimidagi islohotlarga ishongan holda, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan e'lon qilingan #Ustoz2020 ko‘rik-tanlovida qatnashdik, ammo biz birinchi bosqich natijalaridan qattiq norozimiz. Tanlov shartlariga ko‘ra, ikki daqiqalik videorolik o‘qituvchining ijodkorligi va izlanuvchanligiga ko‘ra baholanishi kerak edi. Biroq, tanlovga topshirilgan arizalarni insho ko‘rinishida qabul qilib, faqat inshoga qarab videoroliklarni baholashgan. Nizomda esa inshoga urg‘u berilmagan. Katta ehtimol bilan, bizning arizalarimiz va videoroliklarimiz ko‘rib chiqilmagan.

Nufuzli Global Teacher Prize tanloviga qanday mezon asosida o‘qituvchilarni saralashmoqda, bizga qorong‘iligicha qolmoqda. Ayrim, sertifikatlar bilan kifoyalangan, ichida ma'lum g‘oyasi bo‘lmagan videoroliklarni xalqaro kuzatuvchilarga taqdim qilib, yurtimiz obro‘sini tavakkalga qo‘yishmoqchimi? Ta'limda arzirli bir yangilik yaratgan, mavjud cheklangan imkoniyatlardan shaxsan qulaylik yaratib, yillar davomida ko‘plab mehnat qilgan o‘qituvchilar nomunosib baholangan.

Hurmatli Shavkat Miromonovich! Nima uchun, bizda ta'limdan boshlab hamma sohada “qo‘l uchida” yondashib ishlash mexanizmi kuchayib ketgan? Rivojlangan davlatlarda, har bir jarayonga ipidan-ignasigacha ahamiyat qaratilib, har bir hodisa ilmiy ishdek tahlil qilinadi, ularning rivojlanish sababi ham shunda, deb o‘ylaymiz. Biz tanlovdagi mag‘lubiyatimiz uchun emas, tizimdagi nohaqliklardan qattiq norozimiz. O‘zimizdan kuchli, bilimli kadrlarni tan olishga tayyormiz, ammo nufuzli xalqaro tanlovga shunchalik yuzakilik bilan yondashish mumkinmi? 12 ming 495 nafar ishtirokchini 9 nafar hakamlar hay'ati qanday qilib qisqa muddatda tahlil qilishi mumkin? 24 ming 990 ta esse va 12 ming 495 ta rolikni 10 kun ichida 9 kishi baholay olishi aql bovar qilmas ish, deb hisoblaymiz. Attestatsiyalardan noroziliklar, isbot qila olmaydiganimiz tanish-bilishchilik yoki korrupsiya, yon bosish holatlari, bekordan bekorga tarqalmaydigan turli mish-mishlarni tekshirib, qonunan chora ko‘rishlarini, bizni boshimizda o‘tirgan katta-kichik rahbarlarning o‘z dunyoqarashidan kelib chiqib turib, qarorlar qabul qilishi tizimni falaj holatga olib kelishiga qarshimiz! Albatta, bizni ustimizdan turli raddiyalar berib, o‘zlarini oqlash uchun tashkilotchilar hamma imkoniyatini ishga solishini yaxshi anglaymiz, lekin shuni aytmoqchimizki, biz ko‘plab o‘qituvchilar endi hech qachon milliy tanlovga qatnashmaymiz, ishonchimiz qolmadi.

Shavkat Miromonovich! Ta'lim tizimi, xalq ta'limi bugun va ertani hal qiluvchi eng katta omilligini hisobga olgan holda, bizning murojaatimizni shaxsan o‘zingiz ko‘rib chiqishingizni va adolat qaror topishini istaymiz”, – deyiladi murojaatda.

Kun.uz muxbiri bu masala yuzasidan Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova bilan bog‘landi va quyidagicha izoh oldi:

– Joriy yilda yilning eng yaxshi o‘qituvchisini saralashda ilk bor Davlat organi aralashuvi bo‘lmayapti. Avvallari tanlovda tanish-bilishchilik, korrupsiya holatlari bo‘lgani to‘g‘risida ishtirokchilar tomonidan iddaolar bo‘lishi mumkin edi. Bu yil O‘zbekiston tarixida ilk bor eng yaxshi o‘qituvchini tanlab olishni o‘qituvchilarning o‘ziga ya'ni “O‘qituvchilar uyushmasi” nodavlat notijorat tashkilotiga topshirdik. Ular mustaqil ravishda tanlovni o‘tkazib, o‘zlari eng yaxshi o‘qituvchini saralab oladi. Davlat organlari nodavlat tashkilot faoliyatiga aralashishi mumkin emas.

«O‘qituvchilar uyushmasi» nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Nargiza Qo‘chqorovaning bu boradagi fikrlari quyidagicha bo‘ldi:

– Chindan ham bunday tanlov ilk bora davlat tashkiloti aralashuvisiz, nodavlat notijorat tashkilot – ya'ni bizning uyushmamiz ishtirokida o‘tkazilyapti. Bu jarayonda nafaqat biz, balki xalqaro hamkorlarimiz ham ishtirok etmoqdalar. Keng qamrovdagi, ishtirokchilar soni juda ko‘p bo‘lgan har qanday tanlovda noroziliklar bo‘lishi ham tabiiy. Biz bu masala yuzasidan ochiq muloqotga tayyormiz.

13 ming nafarga yaqin o‘qituvchi tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan. Hakamlar hay'ati uchun g‘oliblarni saralab olish oson kechmadi. Sababi har bir ro‘yxatdan o‘tgan o‘qituvchi g‘oliblikka munosib. Ammo kuchlilar ichidan eng kuchlilar tanlab olinishi bu har qanday tanlovning asosiy shartidir.

Xalqaro nufuzli tanlovlar tajribasiga asoslanib, I bosqichda ishtirokchilar avval texnik saralashdan o‘tkazildi. Dastlab tanlov shartlariga amal qilmasdan bittadan ko‘p ariza topshirgan ishtirokchilar chetlatildi, keyin so‘rovnoma savollariga to‘liq javob bermagan, aniq misollar ishlatilmagan, ikkita savolda bitta javobdan nusxa olib qo‘yilgan, nominatsiya talablariga javob bermasdan ariza topshirgan, videorolikda onlayn dars yoki taqdimot yuklagan ishtirokchilarning arizalari ham texnik saralashdan o‘tmadi. Afsuski bunday arizalar ko‘pchilikni tashkil qildi.

Shundan keyin texnik saralashdan o‘tgan jami 2289 ta ariza hakamlarga taqdim etildi va ular tomonidan baholandi. Baholash jarayonida eng yuqori ball olgan 250 ta ariza ikkinchi marta tekshiruvdan o‘tdi va ular orasidan 150 ishtirokchi ikkinchi bosqich uchun saralandi. Hakamlar birorta ishtirokchining ism-familiyasini ko‘rmadi, so‘rovnomaga javoblar ular ro‘yxatdan o‘tganda berilgan ID bilan raqamlanib hakamlarga berildi, videolar esa alohida taqdim etildi.

Tanlovning barcha bosqichlarida hakamlar tomonidan ishtirokchilarning baholanishi belgilangan talablarga mosligi xalqaro auditor tomonidan tekshiriladi va xulosasi Varkey Foundation’ga taqdim etiladi. Bundan tashqari, eng muhim jihati shundaki, ushbu tanlovda qatnashgan barcha ishtirokchilar va hatto qatnashmagan o‘qituvchilar Global Teacher Prize mukofotida to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnashishlari mumkin.

Xo‘sh, g‘oliblar qanday mezonlar asosida baholandi (ushbu mezonlar tanlov shartlarida ham ko‘rsatilgan):

  • faoliyat samaradorligi va natijadorligi, o‘quvchilarining ta'limdagi yutuqlari;
  • shaxsiy fazilatlar (pedagogik sezgi, ijodkorlik, improvizatsiya, uyushqoqlik va muloqot madaniyati) ;
  • maktabdan tashqari faoliyatida kasbiy va tashkiliy mahorati namunalarini ko‘rsatadigan yutuqlarining mavjudligi;
  • ta'lim tizimi kelajagiga qo‘shgan hissasi va o‘qituvchilik kasbini targ‘ib qilishi;
  • bo‘sh o‘zlashtiruvchi va iqtidorli o‘quvchilar bilan ish olib borishi;
  • o‘qitishda innovatsion ta'lim usullarini qo‘llashi.

Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, hakamlar hay'atiga xalqaro tajribaga ega, nufuzli xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli qatnashgan, o‘z ishini biladigan, eng asosiysi, halol mutaxassislarni jalb qildik. Assotsiatsiya ham, vazirlik ham hakamlar ishiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmadi. Hakamlar har bir ishni adolat bilan, mezonlarga rioya qilgan holda ko‘rib chiqishdi.

Komil Jalilov, hakamlar hay'ati a'zosi, Chevening va Fullbright xalqaro dasturlari stipendiati:

– Shuni alohida aytishim kerak, hakamlar berilgan barcha ishlarni saytda e'lon qilingan mezonlar asosida tekshirishdi. Baholash jarayonida avvalo mezonlar va deskriptorlar aprobatsiyadan o‘tishi kerak. So‘ng barcha hakamlar bu mezonlar va deskriptorlarni bir xil talqin qilishlari uchun “benchmarking” degan jarayon o‘tkazilishi kerak. Aprobatsiya va “benchmarking” jarayonlari barcha qonun qoidalarga rioya qilgan holda o‘tkazildi. Bir narsa: hakamlarga texnik talablarga javob bergan ishlargina taqdim etildi. Tanlovlarga topshirilgan ishlar texnik talablarga javob berishini tekshirish - bu normal jarayon va men biladigan tanlovlarning barchasida bu narsa amalga oshiriladi.

Tanlovga taqdim etilgan ishlar borasida shuni aytishim mumkinki, kuchli ishlar bilan birga, oldi-qochdi gaplardan iborat bo‘lgan ishlar ham bor edi. Yoki konkret misollar keltirmagan, umumiy gaplar bilan cheklangan ishlar ham bor edi. Cheklangan so‘zlar doirasida yutuqlarini, ta'limdagi innovatsion yondashuvlarini konkret misollar bilan ko‘rsata olish ham katta mahorat talab qiladi. Masalan, o‘qituvchi aytmoqchi bo‘lgan gapini uzundan uzoq kirish qismi, har xil iqtiboslar bilan boshlab, keyin esa o‘z faoliyati haqida konkret misollarni sig‘dira olmagan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid