O‘zbekiston | 21:51 / 08.08.2022
26170
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati XTB boshlig‘i hibsga olingani bo‘yicha vazirlik izoh berdi

Bundan 2 oy avval Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov budjet mablag‘larini talon-taroj qilishda gumonlanib hibsga olingan edi. Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov ish sudga oshirilganini ma’lum qilib, holatning kelib chiqishi bo‘yicha izoh berdi.

Temur Komilovning 8 avgust kungi matbuot anjumanida berilgan savolga javoban ma’lum qilishicha, uyushgan korrupsiyaviy jinoyatning fosh etilishiga vazirlikning ichki audit xizmati o‘tkazgan tekshiruvlar asos bo‘lgan.

“Bu holatning tarixiga qisqacha to‘xtalib o‘tsam. 2020 yildan boshlab Xalq ta’limi vazirligi Andijon viloyati boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida ichki audit tizimini kuchaytirib, tegishli organlar bilan bir qancha ishlarni qilgan edik. O‘sha yilning boshida Andijonda 5,9 mlrd so‘mlik mablag‘ talon-taroj qilingani aniqlanib, prokuraturaga oshirilgan edi. O‘rganishlar davom etib, 2020 yilning noyabr oyida 25 mlrd so‘mlik o‘g‘irlikni aniqlab, bu haqda rasman xabar ham bergan edik.

6 + 25 = 32 mlrd bo‘ldi. Bilasizlar, materiallar huquq-tartibot organlariga berilganidan so‘ng, nazorat-taftishdan o‘tkaziladi va tegishli moliyaviy organlar uni qayta taftish qilishadi. O‘shanda 33,8 mlrd so‘mlik ish sudga oshirilgan edi. Shundan keyin, afsuski, bu kabi holatlar Andijonda to‘xtamagani ham ma’lum bo‘ldi.

2021 yil sentabr oyida vazirlikning o‘zi masofaviy kameral tahlil o‘tkazgach, o‘zlashtirish alomatlari borligini aniqladi. Ochiqchasiga aytaman, o‘zimizning kuchimiz yetmadi, chunki plastik kartalardagi “oborotka” bank siri hisoblanadi. Shu sabab Hisob palatasiga rasman murojaat qildik. Palata bilan birgalikda o‘tkazilgan tekshirishda, afsuski, o‘tgan yili oktyabrda yana 11 mlrd so‘mdan ziyod, bu safar plastik kartochka orqali amalga oshirilgan o‘g‘irlik aniqlandi.

Bu ish ham huquq-tartibot organlariga taqdim etildi. Shu raqamlarni qo‘shganda katta astronomik raqamni o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Huquq-tartibot organlari o‘tkazgan tergovda davlat moliyaviy nazorati organlari bilan birgalikda bevosita vazirlikning ichki audit xizmati mas’ullari ham ishtirok etishdi. Hozirgi kunda tergov ishlari yakunlanib, uyushgan jinoyat bo‘yicha ish sudga oshirilgan. Sud organlari bu jarayon yakunlanganidan keyin belgilangan tartibda e’lon qilishsa kerak”, – dedi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 2 yildan buyon Andijon viloyati XTB boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Azizbek Mirkomilov yirik korrupsion mojaro ortidan 2022 yil 7 iyunda hibsga olingan edi.

U 48 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-taroj qilinishi holati bo‘yicha gumondorlardan biri ekani aytilgandi.

Mirkomilov ushlanishidan bir kun oldin xuddi shu jinoyat ishi doirasida Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov ham qo‘lga olingan edi. Hokim eski lavozimida (viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i) ishlagan vaqtda korrupsiyaga qo‘l urganlikda gumonlanyapti.

May oyi holatiga, Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan; yetkazilgan zararning 23 foizi qoplangan.

Fevral oyida esa Andijon shahar XTB rahbarlari 57 mlrd budjet pullarini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani ma’lum bo‘lgandi. Kun.uz o‘z manbalariga tayanib bo‘limning sobiq va amaldagi mudirlari Sunbula Eraliyeva va Nuriddin Nazarov qamoqqa olingani, tergovga tortilayotgan shaxslar soni 40 nafarga yaqinligi haqida xabar bergandi

Mavzuga oid