Sog‘lom hayot | 11:40 / 26.11.2025
1539
18 daqiqa o‘qiladi

Narsissizm, shizotipiya, antisotsiallik: shaxsiyat buzilishlari qanday paydo bo‘ladi?

Inson xarakteri tasodifiy shakllanmaydi, u bolalikdagi kechinmalar, oilaviy muhit, genetik omillar va stresslarga berilgan javoblar natijasi sifatida rivojlanadi. Ayrim xulq modellarining haddan tashqari kuchayishi shaxsiyat tiplarini, ba’zan esa uning buzilishlarini yuzaga keltiradi. Ushbu maqolada shaxsiyat buzilishi shakllari va holatni davolash usullari haqida yoritiladi.

Shaxsiyat buzilishi insonning o‘ylash, his qilish va boshqalar bilan munosabat qurish usulini izdan chiqaradigan, uzoq yillar davomida shakllanadigan ruhiy holatdir. Oddiy kayfiyat o‘zgarishlaridan farqli ravishda mazkur buzilish individning fe’l-atvoriga chuqur singib ketadi va deyarli doimiy bo‘ladi. Oqibatda odam vaziyatga moslashishda qiynaladi, stressni boshqara olmay qoladi, atrofdagilar bilan munosabatlarida tez-tez kelishmovchiliklar yuzaga keladi.

Eng e’tiborlisi, bunday buzilishga ega odam ko‘pincha o‘zida muammo borligini sezmaydi: u buni “oddiy xarakter” deb o‘ylaydi. Aslida esa shaxsiyat buzilishi ish faoliyatidan tortib oilaviy hayotgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda barqarorlikni izdan chiqaradi va insonning sifatli turmush kechirishiga to‘sqinlik qiladi.

Bu holat vaqtinchalik emotsional tushkunlik yoki stress ta’sirida emas, ko‘pincha yoshlik davrdan yoki o‘sish jarayonida shakllanadi va yillar davomida saqlanadi.

Asosiy belgilari:

Shaxsiyat buzilishida odamning xulqi va hissiyotlari odatdagidan farq qiladi. Bunday odam:

  • hissiyotlari o‘ta kuchli bo‘ladi yoki aksincha, deyarli hech narsa his qilmagandek ko‘rinadi;
  • ko‘pincha o‘ylamasdan ish qiladi, shoshqaloqlik ustun bo‘ladi;
  • vaziyatga moslashishga qiynaladi;
  • munosabatlarida janjal, tushunmovchilik va beqarorlik tez-tez takrorlanadi;
  • odamga tez ishonmaydi yoki haddan tashqari kuchli yopishib qoladi;
  • o‘zini baholashida barqarorlik yetishmaydi: bir kuni o‘zini eng zo‘r deb bilsa, ertasi kuni shaxsiyatidan nafratlanishi mumkin.

Ko‘pchilik bu kabi holatlarni “fe’lim shunaqa”, “xarakterim og‘ir” deb qabul qiladi. Shu sababli aslida ruhiy yordamga muhtoj bo‘lsa ham, mutaxassislarga murojaat qilmay, muammoni yillar davomida o‘zi bilan olib yuradi.

Muammo qanday paydo bo‘ladi?

O‘zbekiston kontekstida shaxsiyat buzilishiga doir rasmiy statistikalarni deyarli topib bo‘lmaydi, mamlakatda ruhiy salomatlikka oid masalalar hali ham kuchli stigma ostida. Psixolog yoki psixiatrga murojaat qilish ko‘pchilik uchun “uyat”, “sharmandalik” deb qaraladi. Shu bois shaxsiyat buzilishiga uchragan ko‘plab odamlar holati yillar davomida noto‘g‘ri talqin qilinadi. Jamiyatda bunday odamlar ko‘pincha”xarakteri yomon”, “o‘zi shunaqa”,“tarbiyasi buzuq bo‘lgan-da” degan ayblovlarga duch keladi. Aslida esa shaxsiyat buzilishi tarbiya bilan bog‘liq muammo emas. Ilmiy izlanishlar shaxsiyat tuzilmasi va emotsional tartibga solish mexanizmlarining genetika, bolalikdagi travma, tarbiya sifati, ijtimoiy sharoit va miya faoliyatidagi o‘zgarishlar uyg‘unligida shakllanishini ko‘rsatadi. Demak, bunda insonning “yomon xarakteri” emas, uning ruhiy tizimi muayyan bosqichda noto‘g‘ri yo‘nalishda shakllangan bo‘ladi:

  • Bolalikdagi travmalar va tarbiya. Shaxsiyat buzilishining eng keng tarqalgan sababi bolalikda olingan ruhiy jarohatlardir. Uzoq davom etgan e’tiborsizlik, ota-onaning bir-biriga zid talablari, qo‘pollik, jismoniy yoki emotsional zo‘ravonlik bolaning dunyoni “xavfli joy” sifatida qabul qilishiga olib keladi. Bunday tajriba shaxsda o‘ziga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi, boshqalar bilan sog‘lom munosabat o‘rnatish qobiliyatini izdan chiqaradi. Ulg‘ayganda odamlarni ishonchsizlik bilan qabul qilishi, munosabatlarda haddan tashqari bog‘lanib qolishi yoki aksincha, hissiy jihatdan yopiqlikka moyillashishi mumkin. Ya’ni bolalikdagi beqarorlik shaxsiyatning yetilmagan “asos”ini shakllantirib, keyinchalik ruhiy muvozanat buzilishiga olib keladi.
  • Genetika va temperament. Ba’zan insonning tug‘ma xususiyatlari uning xarakteriga yo‘nalish beradi: kimdir o‘ta sezgir, kimdir tez hayajonga tushadigan, yana kimdir o‘ylamasdan keskin harakat qiladigan bo‘ladi. Bu xususiyatlar ko‘pincha genetika va temperamentning ta’siri natijasida yuzaga keladi. Ammo mazkur jihatlar o‘z-o‘zidan muammo tug‘dirmaydi: ularni shaxsiyat buzilishining “tayyor retsepti” deb bo‘lmaydi. Aslida ushbu vositalar vaziyat uchun “poydevor”ni yaratadi. Qolganini esa inson ulg‘aygan muhit belgilaydi. Agar bunday tug‘ma jihatlar beqaror, qo‘pollik ko‘p bo‘lgan yoki e’tibor yetishmaydigan oilada shakllansa, ular salbiy yo‘nalishga burilib ketishi mumkin. Ammo aksincha: mehrli, qo‘llab-quvvatlovchi, bolaning his-tuyg‘ulari qadrlanadigan muhit bo‘lsa, hatto impulsiv yoki o‘ta sezgir temperament ham sog‘lom xarakterga aylanadi. Ya’ni genetika yo‘lning faqat boshlanishini belgilaydi. Qaysi tomonga yurish esa muhit, tarbiya va hayotiy tajribalarga bog‘liq.
  • Jamiyat va ijtimoiy tajriba. Shaxsiyatning shakllanishi faqat oilaga bog‘liq emas, ushbu jarayonda jamiyatdagi tajriba ham katta rol o‘ynaydi. Oilaviy qadriyatlar, do‘stlar muhiti, ijtimoiy bosim, yolg‘izlik yoki ko‘pchilik orasida ham o‘zini begona his qilish hislari insonning o‘ziga va boshqalarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi. Masalan, odam doim tanqid qilinadigan yoki qadri bilinmaydigan muhitda yashasa, o‘zini past baholash, himoyaviy tajovuzkorlik yoki boshqalarga haddan tashqari kuchli bog‘lanib qolish singari xulqlar shakllanishi mumkin.
  • Neyrobiologik omillar. Miya faoliyatidagi ayrim biologik farqlar ham shaxsiyat buzilishi rivojlanishiga ta’sir etadi. Emotsiyalarni nazorat qilish, impulsni boshqarish, xavfni baholash yoki stressga javob berish uchun mas’ul bo‘lgan miya qismlarining faoliyati har bir insonda turlicha. Ushbu mexanizmlar stress, jarohat yoki kasallik sabab o‘zgarishi mumkin. Oqibatda odam hissiyotlarini boshqarishda qiyinchilikka duch keladi, qarorlarni tez-tez o‘ylamasdan qabul qiladi yoki vaziyatga mos reaksiya bera olmaydi. Bu esa munosabatlar va kundalik hayotda muammolarning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Turlari

Psixiatriyada shaxsiyat buzilishlari uchta katta klasterga ajratiladi. Har bir klaster o‘ziga xos xatti-harakatlar, fikrlash shakllari va emotsional reaksiya bilan tavsiflanadi.

A klaster: “G‘ayrioddiy va shubhali xulq” guruhi

Bu guruhdagi shaxsiyat tiplari bilan yashaydigan insonlar atrofdagilarga ishonmaydi, ularning fikrlashi noodatiy va hatto boshqalarga biroz “g‘alati” tuyuladi. Ularning ijtimoiy moslashuvi qiyin, suhbatlarida noqulaylik seziladi, dunyoni boshqacha ko‘rishi esa ko‘p hollarda jamiyatdan uzoqlashtiradi. Ushbu klasterga quyidagi buzilishlar kiradi:

  • Paranoid shaxsiyat tipi. Bu turdagi odamlar atrofdagilarga doimiy shubha bilan qaraydi. Ular uchun har bir so‘z, har bir harakatning “yashirin ma’nosi” bordek tuyuladi. Oddiy tanqidni ham hujum sifatida qabul qilishi, odamlarning niyatidan shubhalanishi va hatto yaqinlariga ham to‘liq ishonmasligi mumkin. Doimiy ehtiyotkorlik, ichki taranglik va “mendan foydalanishyapti” degan fikrlar ularning hayotini murakkablashtiradi. Mazkur tipdagilar munosabatlarda sovuqqon bo‘lish, odamlardan uzoq turishni afzal ko‘radi.
  • Shizoid shaxsiyat tipi. Shizoidlar ko‘pincha yolg‘izlikni tanlaydi. Ular uchun odamlar bilan yaqin bo‘lish, kuchli emotsional munosabatlar yoki do‘stlik chuqur qiziqish uyg‘otmaydi. Emotsiyalarini ochiq ifoda qilmaydi, shuning uchun ko‘pchilik ularni befarq yoki hissiz deb o‘ylaydi. Aslida esa bundaylar shunchaki ichki dunyosida faolroq, tashqi aloqaga ehtiyoj sezmaydi. Shaxsiy hududi, mustaqilligi va tinchligi ular uchun eng muhim qadriyat hisoblanadi.
  • Shizotipal shaxsiyat tipi. Bu turdagi insonlar noodatiy fikrlashi, g‘ayrioddiy e’tiqodlari yoki o‘ziga xos qarashlari bilan ajralib turadi. Ular ba’zan vaziyatlarni noto‘g‘ri talqin qilishi, tasodifiy voqealarda alohida ma’no ko‘rishi yoki mistik qarashlarga berilishi mumkin.

B klaster: “Emotsional beqaror va impulsiv xulq” guruhi

Mazkur klaster vakillarida his-tuyg‘ular juda keskin o‘zgaradi. Ular tez jahli chiqishi, hissiyot ta’sirida qarorlar qabul qilishi, munosabatlarida o‘zgarishlar ko‘p bo‘lishi bilan ajralib turadi. Ushbu klasterga quyidagilar kiradi:

Antisotsial shaxsiyat buzilishi. Bu turdagi odamlar jamiyat qoidasini “majburiy tartib” deb emas, balki “to‘siq” sifatida qabul qiladi. Ular ko‘pincha qonunlarni buzishi, yolg‘on gapirishi yoki boshqalardan foydalanishi mumkin. Manipulyatsiya ular uchun oddiy vosita bo‘lib qoladi: kerak bo‘lsa odamlarni aldab, achinish hissini uyg‘otib yoki tajovuzkor yo‘l bilan maqsadiga erishadi. Eng xavotirli jihati shundaki, ular ko‘pincha qilgan ishidan pushaymon bo‘lmaydi. Jamiyat me’yorlariga bo‘ysunmaslik, agressivlik, xavfli xatti-harakatlar ularning yon daftarchasidagi odatiy xulq shaklidir. Bunday insonlar ishda, oilada, do‘stlikda barqarorlikni ushlab turolmaydi, chunki ular uchun mas’uliyat, javobgarlik va empatiya deyarli mavjud emas.

Chegaradosh shaxsiyat buzilishi. Mazkur tipdagi odamlarda his-tuyg‘ular shu qadar tez va keskin o‘zgaradiki, ular o‘zlarini ham boshqarib ulgurmaydi. Bir lahzada mehribon, iliq, samimiy bo‘lishi mumkin, keyingi daqiqada esa keskin jahli chiqadi, qo‘rqadi yoki o‘zini keraksiz his qiladi. Ularning ichki olamida eng katta qo‘rquv – tashlab ketilish. Bir kishi ularga e’tibor bermay qo‘ysa yoki qisqa masofa saqlasa, buni “meni tark etyapti” deb qabul qiladi. Bu esa impulsiv harakatlar, ya’ni o‘ylamay qilingan qarorlar, keskin janjallar, hatto o‘ziga zarar yetkazishgacha olib kelishi mumkin. Munosabatlar ham shunga yarasha: bir odamni bir kun “mukammal”, ertasiga esa “umuman yaramaydigan” deb baholaydi. Bu to‘lqinlanish chegaradosh shaxsiyatning eng xarakterli belgisi hisoblanadi.

Gisteroid (histrionik) shaxsiyat buzilishi. Gisteroidlar uchun sahna hech qachon yopilmaydi: ular qayerga borsa, o‘sha yerda “asosiy rol”ni egallashga intiladi. E’tibor markazida bo‘lish, maqtov eshitish, o‘z jozibasini namoyish qilish ularning ichki ehtiyojiga aylanadi. Ular ko‘pincha haddan tashqari dramatik gapiradi, hissiyotlarini bo‘rttirib ifodalaydi, kiyinish uslubida ham e’tibor tortish muhim o‘rin tutadi. Boshqalar ularni quvnoq, ochiq, do‘stona deb qabul qilishi mumkin, ammo ko‘p hollarda bunday insonlarning munosabatlari sayoz bo‘ladi: ular boshqalarning chuqur his-tuyg‘ularini anglashda qiynaladi.

  • Narsissistik shaxsiyat buzilishi. Mazkur klasterga kiruvchi odamlarda o‘ziga bo‘lgan muhabbat me’yori oshib ketadi. Ular o‘zini boshqalardan ustun deb bilishi, maqtov va tasdiqni doimiy izlab yurishi bilan ajralib turadi. Ular uchun obro‘, qiyofa, muvaffaqiyat ichki tayanch emas, boshqalar orqali mustahkamlanadigan qadriyat sanaladi. Eng kichik tanqid ham ularni larzaga soladi, tashqi olqish bo‘lmasa, ichki ishonch tayanchsiz qoladi. Ko‘pincha ular boshqalarning his-tuyg‘usini hisobga olmaydi, empatiya past bo‘ladi, suhbatlarda o‘zini markazga qo‘yadi. Biroq tashqi ishonchning ortida ko‘pincha noaniqlik, o‘z-o‘zini shubha ostiga qo‘yish va ichki mo‘rtlik yashirinadi.

C klaster:“Tashvishli va qo‘rqoq shaxsiyat” guruhi

Bu guruhga kiruvchi odamlar uchun hayotning asosiy fonida doimiy xavotir, ehtiyotkorlik va o‘zidan shubhalanish hukm suradi. Ular ijtimoiy aloqalarda o‘zini erkin tutolmaydi, qaror qabul qilishda ikkilanadi, tanqid yoki rad etilishdan haddan tashqari qo‘rqadi.

Qochuvchan shaxsiyat buzilishi. Ushbu tipdagi odamlar o‘z ichida bo‘rttirilgan katta qo‘rquv bilan yashaydi: “Meni rad etishsa-chi?”, “Kulgiga qolmasmikanman?”, “Yomon ko‘rsalar-chi?” va hakozolar. Ular uchun ijtimoiy vaziyatlar kichik sinov emas, haqiqiy xavotir manbai. Shu sabab ular yangi joylar, notanish odamlar yoki hatto kichik suhbatlardan ham qochishga harakat qiladi. O‘zini past baholash odatga aylanadi: ko‘pincha shaxsini jozibador, qobiliyatli yoki arzigulik deb his qilmaydi. Eng qiyin tomoni, ular aslida ijtimoiy aloqani juda xohlaydi, ammo rad etilishdan haddan tashqari kuchli qo‘rqib, bu istakni yashirishga majbur bo‘ladi. Natijada yolg‘izlikni tanlaydi, o‘zini jamiyatdan chetlashtiradi.

Bog‘liq shaxsiyat buzilishi. Bog‘liq shaxsiyat tipidagi odamlar uchun eng katta qo‘rquv – yolg‘iz qolish. Ular hayotdagi eng oddiy qarorlarni ham kimdir tasdiqlamasidan qabul qilolmaydi: nima kiyish, qayerga borish, hatto nimani tanlash masalasida ham. Bunday insonlar doimo yonida bo‘ladigan, yo‘l ko‘rsatadigan, boshpana beradigan kimnidir izlaydi. Munosabat tugasa, ichki xavotir shu qadar kuchayadiki, yolg‘izlik hissidan qutulish uchun ular darhol yangi munosabatga kirishib ketishi mumkin. Bunday insonlar ko‘pincha o‘z huquqini talab qilishdan qo‘rqadi, hatto zarar ko‘rayotgan bo‘lsa ham munosabatni tark etmaydi. Bu esa ularni manipulyatsiya va suiiste’mollik uchun eng oson nishonga aylantiradi.

Tartibparast shaxsiyat buzilishi. Mazkur shaxsiyat tipi ko‘pincha “tartibni sevish” deya tavsiflanadi, lekin aslida bu nazorat qilish ehtiyoji hisoblanadi. Ular uchun mukammallik shunchaki xohish emas, majburiyat: har bir detal, har bir qadam, har bir qoidaning eng kichik nuqtasi ham ideal bo‘lishi kerak. Bu mukammallikni izlash ishni cho‘zib yuboradi, odamni charchatadi, boshqalarni esa siqib qo‘yadi. Ular vazifalarni o‘ziga olishni yaxshi ko‘radi, chunki “boshqalar baribir to‘g‘ri qila olmaydi” deb o‘ylaydi. Biroq shu qat’iyatning narxi bor: moslashuvchanlik past, dam olish qiyin, yaqinlar bilan munosabat esa ko‘pincha haddan tashqari talabchanlik sabab tarang holga tushadi.

Qachon mutaxassisga murojaat qilish kerak?

Agar odamda:

  • his-tuyg‘ularni boshqara olmaslik
  • o‘ziga zarar yetkazish xohishi
  • tez-tez mojarolarga kirishish
  • odamlar bilan barqaror munosabat qila olmaslik
  • hayot sifatining pasayishi kuzatilsa, bu psixiatriya yoki psixolog ko‘rigidan o‘tish zarurligini bildiradi.

Davolash imkoni bormi?

Shaxsiyat buzilishini bartaraf etish bir kunlik jarayon emas, bosqichma-bosqich olib boriladigan, odamning hayot tarzini tubdan yaxshilashga qaratilgan uzoq muddatli terapiyadir.

Muolajalar, odatda, psixoterapiyadan boshlanadi. Ushbu jarayonda mutaxassis odamning fikrlashi, his qilishi va turli vaziyatlarda qanday reaksiya berishini tahlil qiladi. Eng ko‘p qo‘llanadigan yondashuvlardan biri dialektik-hulq-atvor terapiyasi (DBT) hisoblanadi. U insonning keskin hissiyotlar bilan kurashish, o‘zini tinchlantirish va vaziyatni boshqarish ko‘nikmalarini o‘rganishiga yordam beradi. Ayniqsa, tez xafa bo‘lib qoladigan, munosabatlari beqaror bo‘lgan yoki impulsiv harakat qiladigan odamlarga yaxshi samara beradi.

Kognitiv-hulq-atvor terapiyasi (KBT) esa odamning o‘ziga zarar keltiradigan fikrlari va xatti-harakatlarini tanib olish, ularga yanada sog‘lom alternativalar topishga yordam beradi. Ba’zan bolalikdagi ruhiy jarohatlar, noto‘g‘ri shakllangan shaxsiy sxemalar yoki takrorlanadigan hayotiy xatolar bilan ishlash uchun maxsus sxema terapiyasi ham qo‘llanadi.

Dorilar shaxsiyat buzilishini butunlay yo‘qotmaydi, biroq yordamchi vosita sifatida tavsiya qilinadi. Agar insonda kuchli xavotir, depressiya, uyqusizlik yoki agressiya kuzatilsa, psixiatr antidepressantlar, stabilizatorlar, yengil antipsixotik dorilar yozib berishi mumkin. Bu dorilar belgilarning keskinlashuvini kamaytiradi va terapiyaning samarali o‘tishiga sharoit yaratadi. Dorilar faqat shifokor nazoratida qabul qilinishi shart.

Eng muhim omillardan biri – hayot tarzini sog‘lomlashtirish. Barqaror uyqu, muntazam jismoniy faollik, zararli odatlardan voz kechish, shaxsiy chegaralarni o‘rganish, to‘g‘ri muloqot va stressni boshqarish ko‘nikmalari terapiya natijasini mustahkamlaydi. To‘g‘ri yondashuv, mutaxassisga murojaat va o‘z ustida ishlash orqali shaxsiyat buzilishlari bilan yashayotgan insonlar ham barqaror, sog‘lom va mazmunli hayot qurishi mumkin.