Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Sag‘bon” podstansiyasida ketma-ket avariyalar. Muammo qachon bartaraf etiladi?
Ushbu podstansiya Olmazor hamda Toshkent tumanlariga elektr yetkazib beradi. 2023 yildan beri kuzatilayotgan avariyalar tufayli iste’molchilar elektrdan uzilib qolyapti. Xususan, shu yilning iyun oyida 3 marta avariya kuzatildi. Mas’ullarning Kun.uzʼga aytishicha, hozir ishlab turgan qurilmalarning ko‘pi eskirgani, iste’mol ko‘rsatkichining oshgani avariyalarni keltirib chiqaryapti.
“Sag‘bon” podstansiyasi 1967 yilda ishga tushirilgan. Transformatorlar 1991-1993 yillarda va oxirgi marta 2023 yilda almashtirilgan. “Bitta transformatorning ishlash muddati 25 yilni tashkil etadi. Bu qurilmalar sovet davridan qolgan bo‘lib, katta yuklamaga mo‘ljallanmagan. Hozir prezidentning 91-sonli qaroriga ko‘ra, rekonstruksiya ishlarini olib boryapmiz”, - deydi Olmazor tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi Abdurashid Abdurazzoqov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda elektr energiyasi iste’moli ortgan, bu ko‘proq konditsioner ishlatish bilan bog‘liq.

“Bu transformatorga juda katta yuklama olib keladi. Transformatorlar kunning issig‘ida qiziydi, “nagruzka” hisobiga undan ham ko‘proq qiziydi. Hozir rekonstruksiya-modernizatsiya ishlari olib borilayotgani sababli bitta transformator “nagruzka”da o‘tiribdi. Shuning uchun 2 soat o‘chirishga majbur bo‘lyapmiz. Avariyaviy holatlarga keladigan bo‘lsak, podstansiyada iyun oyida 3 marta avariyaviy holat ro‘y berdi. Ishlatayotgan qurilmalarimizning eskirgani, iste’mol quvvatining haddan tashqari oshishi avariyalarga sabab bo‘lyapti”, - deydi Abdurazzoqov.
Shu paytgacha 2 ta 25 000 kVlik transformator 40 000 kVligiga almashgan. Lekin eski qurilmalar to‘liqligicha yangilanmagan.
“Shuning uchun avariyaviy holatlar bo‘lib turibdi. Sentyabrgacha Sag‘bon podstansiyasida rekonstruksiya-modernizatsiya ishlarini to‘liq bitirishni mo‘ljallaganmiz”, - deydi Olmazor tumani elektr ta’minoti muhandisi.
Muhandisga ko‘ra, ayni vaqtda 35 kVlik qurilmalar, aholiga chiqadigan 10 kV krun yacheykalar (tashqi o‘rnatish uchun mo‘ljallangan, yuqori kuchlanishli elektr qurilmalari) hamda kabel tarmoqlari yangilanadi.
“Shu podstansiyamizda rekonstruksiya-modernizatsiya ishlari tugaganidan so‘ng bunaqa holatlar qaytarilmasligiga harakat qilamiz. Modernizatsiya ishlari bo‘yicha ozgina o‘chirishga majbur bo‘lyapmiz. “Nagruzka”ni to‘g‘ri taqsimlash va podstansiyani avariyaviy holatdan saqlash uchun”, - deydi u.
Hududda ketayotgan yangilanish ishlari bilan tumanning Yangi Toshkent mahallasi faollari ham tanishdi. “Avariyalar bo‘lib, mahallamiz tokdan uzilib turadi, lekin murojaat qilsak tezda hal qilib beradi, xodimlarga rahmat, issiqni issiq demay, tun-u kun ishlayapti”, - deydi mahalla raisi Shokir Karabayev.

“Endi hozir ko‘rib turgan narsamiz amalga oshsa, Sag‘bon podstansiyasiga ulangan mahalla hududlari tok bilan ta’minlanmasdan qolmaydi. Endi ma’lum bir texnik sabablarga ko‘ra, ko‘zdan kechirish jarayonlari bo‘lgan paytda o‘chmasa, boshqa paytda o‘chmaydi. Aholidan bir narsani iltimos qilib qolaman, 3 ta faza kirib kelayotgan bo‘lsa, biron bir fazada nosozlik bartaraf etilgan bo‘lsa, aholimiz darrov ikkinchi fazaga o‘tishadi. O‘sha 20 ta xonadon qo‘shilsa, ehtiyoj ko‘pligining sababiga qo‘yilgan transformator ichidagi cho‘g‘lar erib ketadi. Uzilish hosil bo‘lganda, o‘sha aholi toksiz qolib ketadi. Ana undan keyin uchinchi fazaga o‘tishadi. Uchinchi fazaga o‘tgandan keyin o‘z-o‘zidan butun transformator emas, buyog‘ida katta podstansiyalar ham “nagruzka” bo‘lib, erib ketadi”, - deydi Karabayev.
Mahalla raisining aytishicha, katta-katta binolarga alohida liniya chiqarish kerak, shunda aholiga ortiqcha zarar bo‘lmaydi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisi matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyev avariyalarni qurilmalar eskirgani bilan izohladi. Vaqtinchalik uzilishlar esa xodimlarning xavfsizligini ta’minlash uchun qilingan.
“Nima uchun agar shu transformator o‘rnatilgan bo‘lsa ham o‘chadi? Birinchi navbatda o‘sha ishlar olib borilganda ishlayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida podstansiya qo‘lda o‘chirilib turiladi. Shu maqsadda o‘tgan yili faqatgina mana shu kuch transformatorlari almashtirilgan bo‘lsa, kuz-qish mavsumi tugashi bilan hozir yordamchi qurilmalarni almashtirish bizning asosiy vazifamiz hisoblanadi. 1 yilda bir paytning o‘zida qilishning imkoni yo‘q. Agar bir paytda qiladigan bo‘lsak, bir oy mobaynida podstansiyani o‘chirib turishimiz kerak. Shu sababli, ma’lum bir vaqtlarga bo‘lgan holda mana shu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti”, - deydi u.
Kun.uz muxbiri Toshkent tumani uchun alohida qurilayotgan “Qizg‘aldoq” podstansiyasi haqida so‘radi. Nuraliyevning so‘zlariga ko‘ra, podstansiyada yakuniy ishlar qolgan. Foydalanishga topshirilgach, “Sag‘bon”da energiya barqarorligi oshadi. Faxriddin Nuraliyev suhbat davomida issiq haroratda elektrga cheklov kiritishga to‘g‘ri kelayotganini aytdi.

“Past kuchlanishli elektr tarmoqlarida kelayotgan avariyalarni aytishim mumkin. Shuning natijasida mana bu kuzatilayotgan issiq haroratda elektr energiyasiga bo‘lgan talablar ko‘payadi. Mana shunday holatlarda cheklov kiritishga, qisqa muddatga o‘chirib turishga ham majbur bo‘lamiz. Endi buni avariyaviy hodisalar deb ayta olmaymiz. Ya’ni yirik avariyalarning oldini olish maqsadida mana shunday cheklovlar ham kiritiladi. Elektr energiyasini yetkazib berishda yoki boshqa resurslarni yetkazib berishda, albatta, uzilishlar bor, bugun yo‘q deb ayta olmaymiz. Lekin ilgarigiga qaraganda bu ancha kamaydi. Birgina Toshkent shahrida avariyaviy o‘chishlarni deyarli bu yil 55 foizga kamaytirishga erishildi”, - deydi u.
Ma’lumot o‘rnida, prezident qarori bilan Yunusobod, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida umumiy quvvati 664 MVA bo‘lgan 5 ta 110 kV kuchlanishli podstansiya qurish belgilangan. Bundan tashqari, 49,6 km uzunlikdagi 35 kV va 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurilishi kerak. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 3,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.