Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2025 yil yakunlari: Birinchi Business Club o‘zbek tilida so‘zlashuvchi 50 dan ortiq tadbirkorni birlashtirgan hamjamiyatga aylandi
Ish boshlanishiga sanoqli oylar bo‘lishiga qaramay, Birinchi Business Club istiqbolli g‘oyadan real natijalarga ega to‘laqonli biznes-hamjamiyatga aylanishga muvaffaq bo‘ldi.
Foto: Birinchi Business Club
Birinchi Business Club’ning faoliyati shu yil kuzda boshlandi va ikki oyda 50 dan ziyod o‘zbek tilida so‘zlashuvchi tadbirkor klubga ishonch bildirib, uning atrofida birlashdi. Rasman 18 oktyabrda ochilgan klub bugunga kelib o‘zbek tilida ish yurituvchi va qaror qabul qiluvchi biznes egalari va top-menejerlarning yopiq hamjamiyati sifatida o‘zini namoyon etdi.
2025 yil yakunlari
Birinchi Business Club o‘zbek tilida so‘zlashuvchi biznes ahli uchun ilk keng qamrovli jamiyatni taqdim etdi. Qisqa muddat ichida klub rezidentlar uchun 22 tadan ortiq maxsus tadbirlar tashkil etdi. Uchrashuvlarda nafaqat klub a’zolari, balki o‘nlab tashqi ekspertlar va yirik kompaniyalarning asoschilari ham qatnashdilar va ma’ruzalar qildilar. Bunday shakldagi tadbirlarni akseleratorlarga qiyoslash mumkin – ularda tadbirkorlar real keyslar va topshiriqlarni muhokama qilib, tajribaliroq hamkasblardan maslahatlar oladilar.
Zero, klub hamkorliklar, bitimlar yuzaga keladigan va resurslar almashinuvi ro‘y beradigan jonli biznes-muhit sifatida ish yuritadi. Buning samarasi o‘laroq, rezidentlar shu kungacha bir qancha qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga erishdilar. Bundan tashqari, Birinchi klubining qatnashchilari uchun Xalqaro biznes-klublar alyansi eshiklari ochiq, bu o‘zbek tadbirkorlarining biznes-imkoniyatlarini kengaytiradi va yangi bozorlarga chiqishlarini osonlashtiradi.

Rezidentlar klub haqida qanday fikrdalar?
E’tiborli jihati shundaki, rezidentlarning 80 foizi klubga shaxsiy tavsiyalar orqali kelishgan. Bunday ko‘rsatkich hamjamiyat ichidagi o‘zaro ishonchning yuqori darajada ekaniga dalolat qiladi. Klubda ochiq va samimiy muloqot muhiti mavjud. Ahamiyatlisi, barcha muhokamalar o‘zbek tilida kechadi – ishtirokchilar bir-birini to‘liq tushunadigan, o‘zlari uchun qulay bo‘lgan tilda muloqot qiladilar. Bu esa, birgalikdagi faoliyatning ravon, biror-bir to‘sqinliklarsiz kechishini ta’minlaydi va qaror qabul qilinishini jadallashtiradi. Keling, bu haqda rezidentlarning o‘zlaridan eshitaylik.
Ma’ruf Mahkamov – Sanat Hali va Milat Hali brendlarining asoschisi, 12 ta gilam do‘konidan iborat tarmoqni boshqaradi. U an’anaviy savdoni raqamli vositalar bilan uyg‘unlashtirib, mijoz tajribasini tizimli ravishda takomillashtirib keladi.
“Men uchun 2025 yil Birinchi Business Club’da ko‘plab boshqaruv qarorlarini qayta mulohaza qilish nuqtasi bo‘ldi. Shu kabi bosqichlarni allaqachon bosib o‘tgan tadbirkorlar bilan muloqot maqsadlarni aniqroq ifodalash va biznesga teranroq nazar tashlashga yordam beradi. Aytishim mumkinki, oldinda bizni yirik loyihalar kutyapti. Men tajriba, qo‘llab-quvvatlash va samimiy muloqotga boy muhitda ushbu maqsadlar sari intilish imkoniyatini raqobat afzalligi deb hisoblayman”.

Sardor Tursunov – energiya-tejamkor va uy uchun zamonaviy issiqlik yechimlari bozorida ish yurituvchi ThermoPlus va SA GROUP brendlari vakili.
“Birinchi Business Club’da qatnashish nafaqat yangi kontaktlarni, balki barqaror tayanch hissini ham taqdim etdi. Atrofingda biznesga sen kabi astoydil kirishgan tadbirkorlar bo‘lsa, jiddiy qarorlarni qabul qilish va yana ham yuksakroq maqsadlarni ko‘zlash osonroq bo‘ladi. Bunday muhit kundalik masalalarga o‘ralashib qolmay, o‘sish haqida tizimli fikr yuritishda yordam beradi. Aynan mana shu tajriba bilan biz 2026 yilga kirib boramiz va kelgusi yilni biznesning yanada o‘sishi hamda kengayishining navbatdagi bosqichi sifatida ko‘ramiz”.

Azizbek Saidaliyev – MADAD kompaniyasining asoschisi, qurilish materiallari bozorida tizimli servisni rivojlantiradi. Kompaniya logistikaga, sifat nazorati va yetkazib berishlarning oldindan tayin bo‘lishiga tayanadi.
“MADAD uchun 2025 yilda Birinchi Business Club birdamlik va o‘zaro ishonch asosida biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydigan muhit bo‘ldi. Bu holat kompaniyamizga yangi bosqichga chiqish va uzoq muddatli rejalarni dadilroq tuzishda yordam berdi. Ishga yondashuvimizda hamfikr bo‘lgan va o‘z kuchiga ishongan rezidentlar bilan birgalikda ushbu maqsadlar tomon intilish biz uchun nihoyatda muhim. Oldimizda yanada kengroq ko‘lamli vazifalar va natijalar kutyapti, ularga biz birgalikda erishamiz”.
Shuningdek, tizimli yondashuvi va mijozlar uchun tezkor yechimlari bilan shuhrat qozongan NIS Optimum kompaniyasining asoschisi ham Birinchi Business Club to‘g‘risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U klub tadbirkorlar nafaqat muvaffaqiyatli keyslarni, balki real boshqaruv chorlovlarini ham muhokama etadigan ishchi muhitni shakllantirganligini alohida qayd etdi. Rezidentning ta’kidlashiga ko‘ra, tajriba almashinuvining bunday formati bosiqroq qarorlar qabul qilish va oldinga dadil intilishda yordam beradi.

2026 yil uchun rejalar
Avvalo, 2026 yilda Birinchi Business Club shakllanish bosqichidan kengayish bosqichiga o‘tadi. Klub hamjamiyatni yanada kengaytirib, a’zolari sonini 150 nafardan oshirishni rejalashtirgan. Qolaversa, o‘zbek tilida so‘zlashuvchi tadbirkorlarning chet eldagi xalqaro munosabatlari ham kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, ta’lim yo‘nalishiga alohida e’tibor beriladi. Sohaga ixtisoslashgan yopiq formatdagi uchrashuvlar va maxsus dasturlarni joriy etish rejalashtirilgan, ularda qatnashchilar amaliy keyslarni tahlil qiladilar va real biznes-topshiriqlar ustida ishlaydilar. Yilning asosiy voqeasi esa, rezidentlar va taklif etilgan ekspertlar ishtirokidagi har yilgi Birinchi forumi bo‘ladi.
Bundan tashqari, klub boshqaruvchi sifatida o‘sishga va strategik rivojlanishga qaratilgan Birinchi Leaders dasturini ham yo‘lga qo‘yadi. Parallel ravishda o‘z mobil ilovasini rivojlantiradi, u netvorking, kommunikatsiya va klubning ichki imkoniyatlaridan foydalanish uchun ajoyib vositaga aylanadi.
O‘sish, hamkorlik va biznesni kengaytirish muhitini yaratuvchi klub haqida batafsil: birinchi.uz
Aloqa uchun: Sayt | Instagram | Telegram