O‘zbekiston | 13:42 / 28.10.2022
5933
10 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’lim tizimiga marketing xizmatini joriy etish-davr talabi

Aksariyat insonlar “Marketing xizmatidan faqat mahsulot ishlab chiqarish va uning realizatsiyasini amalga oshirishda foydalaniladi”, - deb o‘ylashadi. Aslida esa bugungi tez o‘zgaruvchan bozor sharoitlarida, shuningdek kuchli raqobat muhiti yaratilgan barcha tizimlarda marketing xizmatiga bo‘lgan ehtiyoj o‘z-o‘zidan ortib boradi. Chunki bunday muhitda sog‘lom raqobat shartlari asosida ustunlikka erishishning yagona yo‘li bu marketingni yaxshi yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.

Bugun yurtimizda oliy ta’lim olish istagida yoshlar soni yildan yilga ortib bormoqda. O‘z o‘rnida ushbu talabdan kelib chiqqan holda davlat oliy ta’lim muassasalari bilan tengma-teng faoliyat yuritib kelayotgan xususiy oliy ta’lim muassasalari va xorijiy davlatlar universitetlarining yurtimizdagi filiallari soni ham tobora ko‘payib bormoqda. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, yoshlarga oliy ta’lim berish sohasida ham kuchli raqobat muhiti vujudga kelmoqda. Raqobat muhiti esa ta’lim sifatining oshishiga,yetishib kelayotgan kadrlarning har tomonlama yetuk va bilimli bo‘lishiga zamin yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni esa sohadagi mavjud raqobat muhitining yanada kuchayishiga olib kelishi turgan gap. Chunki,  mazkur konsepsiyada oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish kabi masalalar bilan birga oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini ta’minlash, moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash ham ko‘zda tutilgan.

Ushbu konsepsiyada belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yilning iyul oyigacha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan hamda Toshkent davlat agrar universiteti rektori bo‘lgan Jamshid Xodjayev boshchiligida universitetning nufuzini nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham yanada oshirish, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim jarayoniga xorijiy innovatsion uslublarni joriy etish borasida qator ishlar amalga oshirildi va bugungi kunda ham davom ettirilmoqda. Jumladan, universitetning yangi Marketing bo‘limi tashkil etildi. Rahbar va pedagog xodimlar tarkibi chuqur o‘rganilib, tahlil qilindi. Xodimlarning ta’lim sohasiga qo‘yilayotgan zamonaviy talablarga va lavozim bo‘yicha malaka talablariga muvofiqligini aniqlash, kasbiy mahorati va bilimini, ilmiy yo‘nalishdagi faoliyatini baholash maqsadida attestatsiya o‘tkazildi. Attestatsiyada universitet rivojiga munosib hissa qo‘sha oladigan, ta’lim sifatini oshirishga qodir kuchli va malakali mutaxassislar tarkibi shakllantirildi.

Xorijdan kadrlarni ishga qabul qilish bo‘yicha Recruting kompaniyalar va xorijiy davlatlardagi elchixonalar bilan hamkorlikda Rossiya, Latviya, Litva, Polsha davlatlaridan prorektorlar, fakultet dekani va bo‘lim boshlig‘i lavozimlariga professional boshqaruvchilarni jalb etish va ularni tanlov orqali ishga olish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, qarorlarni qabul qilish bo‘yicha boshqaruvni markazdan o‘rta va quyi bo‘g‘inga tushirish ham rejalashtirilmokda.

Talabalarning olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash va ularning qishloq xo‘jaligi sohasidagi haqiqiy ish jarayonini yaqindan o‘rganishlari uchun yurtimizdagi agroklasterlar bilan mutaxassislik kafedralarning mustahkam hamkorligi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Sirdaryo viloyatidagi “Indorama” paxta-to‘qimachilik klasteri bilan Dehqonchilik va melioratsiya kafedrasi, Toshkent viloyatidagi “TCT CLUSTER” MChJ xorijiy korxonasi bilan O‘simlikshunoslik, Seleksiya, Baliqchilik, O‘simliklarni himoya qilish kafedralari, Farg‘ona viloyatidagi “POSCO International textile” paxta-to‘qimachilik kompaniyasi bilan O‘simlikshunoslik, O‘simliklarni himoya qilish, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash kafedralari, BMTning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti (FAO) bilan Meva-sabzavotchilik, Mexanizatsiya, Agrokimyo va Tuproqshunoslik fakultetlari, AQShning xalqaro taraqqiyot agentligi USAID bilan Meva-sabzavotchilik, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash fakultetlari o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

Universitet hududida xorijiy tillarni va informatsion texnologiyalarni o‘qitishga ixtisoslashgan o‘quv kurslari tashkil etildi. Bundan tashqari, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha 20 dan ortiq kasb va sport to‘garaklari tashkil etilgan. Talabalarni amaliyotlarga yuborish bo‘yicha elektron platforma yaratildi.

Shuningdek, yurtimizdagi davlat oliy ta’lim muassasalari orasida ilk bor Toshkent davlat agrar universitetida Marketing bo‘limi tashkil etildi. Ushbu bo‘lim tomonidan 2022 yilning o‘tgan oylari mobaynida samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, universitet professor o‘qituvchilari va talabalar o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatildi. Shuningdek,  oliy o‘quv yurtining yangi rasmiy sayti yaratildi va fakultetlarning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari tartibga keltirildi. Universitetni kelgusida rivojlantirishning marketing strategiyasi ishlab chiqildi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, universitet talabalari soni 2021 yilda 10 636 nafarni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 1644 taga ko‘paygan. 2022 yilda esa talabalar soni 11800 nafarni tashkil etdi. Marketing strategiyasi bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar natijasida bu ko‘rsatkich 2026 yilga borib 13500 nafarni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.

Universitetdagi xorijiy talabalar soni 2021 yilda 20 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 75 nafarni tashkil etdi. 2026 yilga borib, universitetdagi xorijiy talabalar soni 200 nafarga yetishi kutilmoqda.

2021 yilda universitet ilmiy xodimlari tomonidan 107 ta o‘quv adabiyotlari yaratilgan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 200 tani tashkil etdi. 2026 yilga borib yaratilgan xorijiy adabiyotlar soni 250 tani tashkil etishi rejalashtirilgan. Universitetdagi infratuzilmani yaxshilash maqsadida qiymati 2,6 mln dollarga teng bo‘lgan “Ekofiziologik tadqiqotlar” ilmiy laboratoriyasi olib kelindi. Talabalar turar joyiga 456 mln so‘mlik maishiy texnikalar xarid qilindi. 14,8 milliard so‘mga teng bo‘lgan 7 ta qozonxona va 4 ta yer ostidan suv chiqarish inshooti qurildi. Axborot-maslahat markazi (Extension center) faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqildi.

Shuningdek, universitetning moliya-iqtisodiy holatini ko‘tarish maqsadida  universitet hududidagi bo‘sh turgan obektlarni “E-AUKSION” tizimi orqali ijaraga berish yo‘lga qo‘yildi. Toshkent davlat agrar universitetining kuzatuv kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2022 yil yanvardan universitet moliyaviy mustaqillikka o‘tdi va 11,9 mlrd so‘m moliyalashtirish manbai aniqlandi.

Bugungi kunda yurtimizda faoliyat yuritayotgan 177 ta oliy ta’lim muassasalarining 45 tasi aynan so‘nggi yillarda tashkil etilgan. Ulardan 21 tasi davlat oliy ta’lim muassasalari bo‘lsa, 19 tasi nodavlat oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichlar bundan keyin ham oshib borishini hamda “Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilab berilganidek, har bir oliy o‘quv yurtining moliyaviy mustaqilligi ta’minlanishini hisobga olsak, oliy ta’lim tizimida jiddiy raqobat muhiti shakllanayotganini tan olmasdan ilojimiz yo‘q. Bunday sharoitda har bir oliy o‘quv yurti, xususan, davlat oliy o‘quv yurtlari o‘z faoliyatini qaytadan ko‘rib chiqishi, yurtimizdagi ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, mutaxassislik yo‘nalishlarini optimallashtirishi talab etiladi. Bunda esa har qanday bozor iqtisodiyoti sharoitida, barcha sohalarga birdek zarur bo‘lgan marketing strategiyasi alohida o‘rin tutadi. Zero u xoh davlat oliy o‘quv yurti, xoh xususiy oliy o‘quv yurti bo‘lsin, bundan qat’iy nazar, aynan, raqobatbardosh marketing strategiyasi va to‘g‘ri tanlangan marketologlar bilan birgalikda tobora ko‘payib borayotgan oliy ta’lim muassasalari orasida yaratilgan kuchli raqobat muhitida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ladi.   

Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, “Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlashda har bir oliy ta’lim muassasalarida bugungi mehnat bozori takliflarini tahlil qila oladigan, ish beruvchilar va xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli shartlar asosida aloqalarni o‘rnata oladigan yangi marketing xizmatini yo‘lga qo‘yish, mavjud marketing bo‘limlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish bugungi kunning talabidir. Bu borada  Toshkent davlat agrar universitetida marketing xizmati tomonidan amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlar yuqoridagi fikrimizning dalili bo‘la oladi.

Mavzuga oid