O‘zbekiston | 11:41 / 23.07.2021
55613
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim bitiruvchilarga testsiz va qo‘shimcha imtihonsiz o‘qishga kirish huquqi berilmoqda

Prezident “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi – Prezident ta'lim muassasalari agentligi etib qayta nomlandi.

2021–2025 yillarda Agentlik tizimida 13ta yangi ixtisoslashtirilgan maktab qurilib, mavjud 5ta ijod maktabi ta'mirlanadi. 

2021 yil 1 sentyabrgacha:

  • xalqaro (International Advanced Levels) dasturlar talablariga muvofiq o‘quvchi va pedagog kadrlarning STEAM fanlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholash hamda ularga xalqaro darajadagi AS va A-LEVEL sertifikatlarini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • Prezident maktablarida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularga keyinchalik o‘qishini davom ettirish uchun OTMlarni tanlashda ko‘maklashishga qaratilgan “Maktab maslahatchisi” (School Councillor) dasturi joriy etiladi;
  • Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda alohida ta'limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv IT ta'lim joriy qilinadi.

2021/2022 o‘quv yilidan O‘zbekistondagi xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta'lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga to‘lov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya to‘lanadi. 

Quyidagilarga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga kirish huquqi beriladi:

  • Prezident maktablari bitiruvchilariga davlat oliy ta'lim tashkilotlariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha davlat granti asosida;
  • Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilariga ixtisoslik yo‘nalishidan kelib chiqib davlat oliy ta'lim tashkilotlarining kimyo, biologiya, fizika va axborot texnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to‘lov-kontrakt asosida;
  • Agentlik tizimidagi ijod maktablarining bitiruvchilariga ixtisoslik yo‘nalishidan kelib chiqib davlat oliy ta'lim tashkilotlarining tilshunoslik, adabiyot, pedagogika, tarjimonlik, jurnalistika sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to‘lov-kontrakt asosida.

Xalqaro (International Advanced Levels) dasturlarning A va B darajadagi A-LEVEL sertifikatlariga ega abituriyentlar davlat oliy ta'lim tashkilotlariga o‘qishga kirishda sertifikat berilgan fan bo‘yicha kirish imtihonidan ozod etiladi hamda ularga mazkur fandan maksimal ball beriladi.

Qaror bilan Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etildi.  

Mavzuga oid