Jahon | 08:02 / 14.06.2024
7669
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Si Jinping Rossiyaga qurol sotmaslikka va’da bergan

Xitoy Xalq Respublikasi raisi «Rossiyaga qurol sotmasligini aytdi. Ko‘ramiz», dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Jo Bayden bilan matbuot anjumanida.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xitoy rahbari Si Jinping unga Rossiyaga qurol yetkazmaslikka va’da berganini aytdi. «Men Xitoy rahbari bilan telefonda gaplashdim. U Rossiyaga qurol sotmasligini aytdi. Ko‘ramiz. U menga so‘z berdi», - dedi Zelenskiy 13 iyun, payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bilan Italiyada G7 sammiti doirasidagi matbuot anjumanida.

Matbuot anjumanida Volodimir Zelenskiy sammitda AQSh va Ukraina o‘rtasida tuzilgan xavfsizlik kelishuvini Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi yo‘lidagi muhim qadam deb atadi. Shartnomada «AQSh Ukrainaning kelajakdagi NATO a’zoligini qo‘llab-quvvatlashi va bizning xavfsizlik kelishuvimiz Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi uchun ko‘prik ekanligini tan olishi aytiladi», dedi Zelenskiy. 

London Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazib berishda aybladi 

22 may kuni Britaniya mudofaa vaziri Grant Shepps Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazib berishda aybladi. «Bugun men Rossiya va Xitoy o‘rtasida Ukrainada qo‘llangan qurollar sohasida hamkorlik to‘g‘risida dalillarga ega ekanligimiz haqida xabar berishim mumkin», dedi Shepps. 

Shuningdek, Germaniya va AQSh hukumati Xitoyni Rossiya Federatsiyasi bilan sanksiyalarni chetlab o‘tishda hamkorlik qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirdi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Pekin Moskvani harbiy maqsadlar uchun geofazoviy razvedka ma’lumotlari, shuningdek, harbiy sanoat uchun zarur bo‘lgan mikroelektronika, tanklar ishlab chiqarish uchun uskunalar va raketalar uchun yonilg‘i bilan ta’minlaydi. 

Mavzuga oid