Jamiyat | 12:48 / 15.08.2020
8973
6 daqiqa o‘qiladi

«Andijon hududgaz» suyultirilgan gaz ta'minoti jarayoni bo‘yicha press-tur tashkil qildi

Kun.uz saytida bir necha kun avval “Suyultirilgan gaz ta'minotini xususiy sektorga berish vaqti kelmadimi? Andijondagi gaz ballonini orziqib kutayotgan mahallalar haqida” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Maqoladan so‘ng, “Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali murojaatchilar bilan uchrashdi, ularni muammolarini hal etdi. Shu bilan birga sayt muxbiri uchun kichik press-tur tashkil etilib, viloyatda mavjud suyultirilgan gaz ta'minoti qanday tashkil etilganligi bilan tanishtirildi.

Dastlabki tashrifimiz Qo‘rg‘ontepadagi gaz to‘ldirish shoxobchasi bo‘ldi. Ushbu manzilda MAN rusumli gaz tashuvchi maxsus avtotrasport gaz to‘kayotganligining guvohi bo‘ldik. Filialning “Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmati” bo‘lim boshlig‘i Zafarbek Qahhorovning aytishicha, ta'minot korxonasida mana shunday 20 ta avtotransport mavjud. Ular viloyatga suyultirilgan gazni Qashqadaryo viloyatidan tashib keltiradi.

Har bir reysda o‘rtacha 18 tonnacha gaz olib kelinib, bitta maxsus avtotransport o‘z sisternasida bir oy mobaynida 6-8 marta suyultirilgan gaz olib kelib, bir martalik safarga borib-kelish uchun 1680-1720 km yo‘l bosilar ekan.

Andijonda bugungi kunda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun gaz ta'minoti filialida 3 ta gaz to‘ldirish shoxobchasi ishlab turibdi. Ularning oylik gaz to‘ldirish quvvati 4860 tonna va gaz saqlash quvvati 457 tonnani tashkil etadi. Bir vaqtning o‘zida 28 ta maxsus gaz tashish avtotransportlariga xizmat qilish imkoniyatiga ega. Iste'molchilarga 62 dona ISUZU rusumli maxsus avtotransportlarda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Shuningdek, “Shirin gaz servis” hamda “Poytug‘” gaz to‘ldirish stansiyalari bilan ham shartnomalar mavjud.

Karantin davrida barcha gaz to‘ldirish shoxobchalarda maishiy gaz ballonlarini to‘la dezinfeksiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatilgan bo‘lib, har bir mashinani kirish va chiqishda zararsizlantirmoqda. Shuningdek, maishiy gaz ballonlarini mashinalarga yuklayotgan chilangarlar xohlagan ballonini nazorat tarozisiga qo‘yib, nazoratdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.

Yana bir jihat, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda chilangar va haydovchi-dispetcherlar mehnat qilmoqda. Maishiy gaz ballonning bo‘sh holatdagi vazni 20-25 kg.ni, to‘la holda esa 40-45 kg.ni tashkil etadi. Agar bitta ISUZU maxsus avtomashinasiga 110 ta maishiy gaz ballon sig‘sa, unda chilangar bir kunda 5 tonna atrofidagi bo‘sh ballonlarni, 10 tonnaga yaqin to‘latilgan ballonlarni yuklab, tushiradi. Kun bo‘yi ushbu raqam umumiy hisobda 15 tonnagacha bo‘lgan yukni tashkil etmoqda.

Ishlab chiqarish zavodlaridan bir dona avtosisternada o‘rtacha 20 tonna suyultirilgan gaz olib kelish uchun haydovchining ish haqini qo‘shib hisoblaganda 6 864 700 so‘m xarajat qilinadi. Shuncha miqdordagi gazni gaz to‘ldirish shoxobchasiga qabul qilish va maishiy gaz ballonlarga quyish xarajatlari 3 209 480 so‘mni tashkil etadi. Iste'molchilarga yetkazib berish xarajati esa 2 529 992 so‘m (bunda albatta ish haqlari va avtotransport xarajatlari ham mavjud). Shunday qilib, jami 22 504 172 so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu raqamni 20 tonnalik miqdorga bo‘linsa, o‘rtacha bir dona gaz maishiy gaz ballonni iste'molchiga yetib borishi uchun 22 504 so‘m sarflanmoqda. Bugungi kunda aholi esa 20 kilogrammli gaz ballonni 22 400 so‘mdan sotib olmoqda.

Tanishtiruv davomida maishiy gaz ballonlarini ta'mirlash sexini faoliyati bilan ham tanishdik. Hozirda viloyat bo‘yicha ana shunday servislardan 3 tasi faoliyat yuritmoqda ekan. Ularning xizmat ko‘rsatish quvvati bir oyda 780 donani tashkil qilib, hozirda o‘rtacha 1000dan ortiq ballon ta'mirdan chiqarilmoqda.

Yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib, Andijon tumanidagi “Ayrilish” mahalla fuqarolar yig‘inining “Mustaqil yurt” ko‘chasida maishiy gaz ballonlari yetkazib berish jarayoniga ham guvohi bo‘ldik. Orada murojaatchi Obidjon G‘oziyev bilan telefonlashganimizda, “haqiqatan ham gaz idorasi xodimlari kelganligini, muammoni hal etib, suyultirilgan gaz yetkazib berilganligini aytdi..”. Maishiy gaz ballonlarini almashtirish jarayonida esa, xodimlarning karantin qoidalariga amal qilayotganligi, iste'molchiga esa gaz ballonlarini o‘rnatib berishayotganligini ko‘rdik.

Suhbat yakunida bugungi kunda 423 mingdan ortiq iste'molchining 575 mingdan ziyod gaz ballonlarini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash oson bo‘lmayotganligini e'tirof etdik. O‘tgan yili 47 ming tonna “zangori olov” yetkazib berilgan bo‘lsa, bu yil 18 ming tonna ko‘proq gaz yetkazib berish rejalashtirilibdi. Bizni xursand qilgan jihat esa, yaqin orada iste'molchilarga suyultirilgan gazni yetkazish tizimini avtomatlashtirishga o‘tishi kutilmoqda ekan. Bunda “Hududgazta'minot” AJ tomonidan xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida, suyultirilgan gaz ta'minoti bo‘yicha ham har bir iste'molchini maxsus ID kartalar bilan ta'minlanar hamda maishiy gaz ballonlarga maxsus yorliqlar yopishtirilar ekan. Bu orqali esa butun respublika bo‘ylab suyultirilgan gazni iste'molchi tomonidan qabul qilish va to‘lovni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik yaratiladi hamda hisob-kitob tizimi avtomatlashtiriladi.

Bugun “Hududgaz Andijon” GTF ham aholiga suyultirilgan gazni imtiyozli narxlarda yetkazib bermoqda. Joriy yilgi kuz-qish mavsumida esa 36 ming tonnadan ziyod suyultirilgan gazni iste'molchilarga yetkazib berish maqsad qilingan.

Mavzuga oid