Sport | 18:33 / 15.04.2026
7218
2 daqiqa o‘qiladi

Sindorov turnirni yana bir rekord bilan yakunladi

O‘zbekistonlik shaxmatchi natijasi u qadar ahamiyatsiz bo‘lgan so‘nggi partiyada tezkor durang qayd etdi va turnirni mag‘lubiyatsiz yakunladi. Shu bilan birga, 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘argan holda Yan Nepomnyashiyga tegishli bo‘lib turgan rekordni (9,5) yangiladi.

Foto: Michal Walusza / FIDE

FIDE Nomzodlar turnirining oxirgi turida Javohir Sindorov xitoylik Vey Yiga qarshi dona surdi. Natijasi ahamiyatsiz bo‘lgan bahsda 32-yurishdan keyin tezkor durang qayd etildi.

Bu orqali o‘zbekistonlik shaxmatchi 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘ardi va turnirda yana bir rekordni o‘rnatdi. Bunga qadar hech bir shaxmatchi ikki davralik formatda bu qadar ko‘p ochko jamg‘ara olmagandi.

Bundan oldingi rekord 2022 yilda Yan Nepomnyashiy tomonidan qayd etilgan, u o‘shanda 14 imkoniyatdan 9,5 ochko jamg‘arib, turnir g‘olibiga aylangandi.

Qayd etish kerakki, Sindorov turnirni mag‘lubiyatsiz yakunladi – 6 g‘alaba va 8 durang.

Qolaversa, u 10-turda Rameshbabu Pragnanadha ustidan g‘alaba qozonish orqali g‘alabalari sonini 6 taga yetkazib, turnirda yana bir rekord o‘rnatgandi. Bunga qadar turnir tarixida hech bir shaxmatchi 6 g‘alabaga erishmagandi. Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy va Fabiano Karuana kabi boshqa nomdor grossmeysterlar ham bir turnirda ko‘pi bilan 5 ta partiyada g‘alaba qozongan. 

Sindorovga birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro miqdorida mukofot puli kafolatlangan. Shuningdek, barcha shaxmatchilarga qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan berilishi ko‘zda tutilgan. Sindorov esa hozirgacha to‘plangan ochkolari orqali yana 100 ming yevro ishlab topgan.

Bundan tashqari, ushbu turnirda g‘alaba qozonish orqali Sindorov Jahon toji uchun amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukesh bilan o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi. Ushbu bahs yil oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda tomonlar 14 ta partiya o‘tkazishadi. Ushbu bahs ishtirokchilarining har ikkisiga ham natijadan qat’i nazar 1 million dollardan ortiq mukofot pullari kafolatlangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid