Jamiyat | 21:40 / 03.06.2024
26847
3 daqiqa o‘qiladi

Viloyatliklarni haqoratlagan qiz 15 sutkaga qamaldi. U hammadan uzr so‘radi

Huquqbuzarning sudda aytishicha, odatda uning “stories”larini 300-350 kishi ko‘radi, lekin haqoratli videosini 11 ming kishi ko‘rgan. U videoni kim tarqatib yuborganini bilmasligini aytib, hammadan kechirim so‘radi.

Qiz qilmishi uchun yig‘lab kechirim so‘radi. / Foto: IIBB videosidan kadr

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi Toshkent shahriga O‘zbekistonning boshqa hududlaridan kelgan fuqarolarni haqoratlab Instagram'ga video joylagan qizga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Sud uni mayda bezorilik moddasi bilan aybdor deb topgan.

Sud qarorida yozilishicha (Kun.uz ixtiyorida mavjud), huquqbuzar R.N. (2003 yilda tug‘ilgan) sud majlisida aybiga iqrorligini aytgan. U 2 iyun kuni dam olish kuni bo‘lgani sababli o‘rtog‘i N.K. bilan aylanish uchun “Lokomotiv” bog‘iga borganini, u yerda odam ko‘p bo‘lgani sabab, sayr qila olishmaganini, shu sababli Yakkasaroy tumani Seul ko‘chasida joylashgan “Seoul Mun”ga kelishganini, pastga suv bo‘yiga eskalatorda tushishayotganida ularga ikki nafar o‘g‘il bolalar orqadan tiqilib yoqimsiz qiliqlar qilib uning jahlini chiqarganini, bu bolalar “viloyatlik ekani ko‘ringani”ni, ularga javob qaytarish maqsadida o‘zining Instagram sahifasida o‘sha bolalarga tegishtirib, viloyatliklar xaqida yomon gaplar gapirib video joylashtirganini aytgan.

Huquqbuzar bu videoni turli kanallarga kim tarqatganini bilmasligini aytib, odatda uni Instagram sahifasidagi “stories”larni 300-350 nafar odam ko‘rishini, bu videoni esa 11 ming kishi ko‘rganini, sodir etgan qilmishidan pushaymonligini, bundan keyin bu kabi harakatlarni sodir etmasligini bildirib, suddan uni kechirishni va yengillik berishni so‘ragan.

Sud uni MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir qilgan topdi va unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Huquqbuzar, shuningdek, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foiz miqdorida, 15 kun uchun jami 765.000 so‘m to‘lashi ham kerak.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati qiz uzr so‘rab yig‘lagan videosini e’lon qildi.

“Boshqa unaqa qilmayman. Viloyatliklarni ajratib, unaqa ma’noda gapirmaganman. Odam ko‘pligi uchun jahl ustida haqoratli so‘zlar bilan gapirganman. Hammadan kechirim so‘rayman”, degan u.

Mavzuga oid