Yutqizilgan yillar va milliardlar. SUBeKTIV'da totalizatorchilar hikoyasi
Onlayn qimor O‘zbekistonda ham katta tezlikda ommalashyapti. Biz aktual mavzu jiddiyatini ochib berish uchun eng ashaddiy “totalchilar” bilan suhbatlashdik. E’tiborimizni tortgan birinchi jihat shundaki, ularning barchasi sport o‘yinlariga pul tikishni 16–18 yoshlaridan boshlagan. Shundan keyin boshdan kechirganlari – SUBeKTIV'ning navbatdagi sonida.
Betting, ya’ni sport o‘yinlariga pul tikish – bu shunchaki yomon odat emas – bu haqiqiy ruhiy buzilish. Unga bir marta kirib qolgan odam chiqib ketishi juda qiyin bo‘ladi. Giyohvandlarni dozaga qanday “torsa”, qimorbozlarni ham pul tikishga xuddi shunday “tortadi” va bu shunchaki metafora emas.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti bu kasallikni “qimor o‘yinlariga bo‘lgan patologik qaramlik” deb nomlagan, ya’ni maniya darajasidagi betting – alkogolizm va narkomaniya bilan bir qatorda turuvchi kasallik.
SUBeKTIV'ning navbatdagi soni ana shu dardga chalingan insonlar haqida so‘zlaydi.
Odamzot garov o‘ynash va o‘zining haqligini isbotlashni har doim yaxshi ko‘rgan, ya’ni azart hammada bor. Lekin internetning paydo bo‘lishi va rivojlanishi insonlardagi ana shu azart yuzaga chiqishi uchun hamma yo‘llarni ochib yubordi. Internet davrida endi sport o‘yinlariga pul tikish mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.
Qimorni odamlar hamma zamonda o‘ynashgan, lekin u hech qachon hozirgiday ochiq va misli ko‘rilmagan miqyosda bo‘lmagan. Bugun millionlab insonlar – totalizator qurboni, chunki unda kimdir pul yutishi uchun kimdir albatta yutqizishi kerak: ikki tarafga ham foyda keltiruvchi sog‘lom sportdagidek “win-win” bu yerda ketmaydi.
Onlayn qimorga mukkasidan ketganlar O‘zbekistonda ham kun sayin ko‘payib boryapti. Biz uch nafar ashaddiy “totalchi” bilan suhbatlashdik. Ulardan ikki nafari shaxsi anonim qolish sharti bilan intervyuga rozi bo‘ldi.
Shunisi e’tiborliki, uchala suhbatdoshimiz ham totalizator o‘ynashni 16–18 yoshlaridan boshlagan. Ulardan biri 12 yil davomida onlayn qimor o‘ynab, shu vaqt mobaynida jami 300 ming dollarga yaqin pulni yutqazib qo‘yganini so‘zlab berdi.
O‘zbekistonda totalizator qonuniylashishi mumkin. Lekin bundan naf yo‘q, zarar esa kafolatlangan
Ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin: bukmekerlik faoliyatiga O‘zbekistonda ruxsat berilganmi yoki yo‘q?
Futbolni rivojlantirishga oid, 2019 yilda qabul qilingan prezident farmonida 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston hududida bukmekerlik faoliyatiga ruxsat berilishi belgilangan, lekin bu faoliyat turini tartibga soluvchi hukumat qarori hali chiqqanicha yo‘q. Demakki, hozirgi kunda bu faoliyat turi O‘zbekistonda noqonuniy hisoblanadi.
Buni qonuniylashtirish orqali davlat chetga chiqib ketayotgan millionlab dollarlarni saqlab qolib, bu pullarni mamlakatda sportni rivojlantirishga yo‘naltirmoqchi ekani aytiladi, lekin bu qanchalik to‘g‘ri qaror? Qimorni qonuniylashtirish yanada ko‘proq odamni o‘ziga jalb qilib qo‘ymaydimi? Bu yanada ko‘roq oilalarning barbod bo‘lishiga sabab bo‘lib qolmaydimi?
Totalizatorni qonuniylashtirishni yoqlovchilar faktlardan ko‘z yummasliklari kerak: boshqa davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bu faoliyat turini qonuniylashtirgan bilan baribir aksar o‘yinchilar noqonuniy sektorda o‘ynashadi. Misol uchun, Rossiya bukmekerlik bozorining umumiy yillik hajmi 9,3 mlrd dollar bo‘lsa, shuning bor-yo‘g‘i 2,8 mlrd dollari legal sektorga to‘g‘ri kelar ekan, qolgani – nolegal sektor.
Ko‘rsatuvni yuqoridagi video yoki SUBeKTIV'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.
Xulosa har kimning o‘zidan. Maqsadimiz – totalizatorga tobora sho‘ng‘ib borayotganini o‘zi ham bilmayotgan, katta yutqiziqlaridan (ularning jargonida – “muzlash”dan) keyin ham saboq chiqarmayotgan hamyurtlarimizni va ularning yaqinlarini ogohlikka chorlash.
Shuningdek, hukumatni ham bu masalada qaror qabul qilayotganda minglab oilalar taqdiri va yoshlar kelajagi uchun mas’uliyatni his etishga chaqiramiz.
Loyiha muallifi –
Jamshidxon Ziyoxonov.
Tasvirchilar –
Muhammadjon G‘aniyev,
Otaxon Yusupov.
Mavzuga oid
15:18 / 13.11.2024
O‘zbekiston ingliz tili savodxonligi reytingida 98-o‘ringa tushdi
19:12 / 26.10.2024
“Osmondan pul yog‘adigan” davlatni izlab... | SUBYEKTIV
17:06 / 14.09.2024
Bukmekerlik kompaniyasining logotipidan foydalangan reklama agentligi jarimaga tortildi
22:38 / 07.09.2024