O‘zbekiston | 19:22 / 23.09.2023
25911
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva namanganlik bolalar holidan xabar oldi

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva davlat rahbarining topshirig‘i bilan Namangan viloyatida bo‘lib, zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan bolalar holidan xabar oldi. Ma’lum qilinishicha, bolalarning hammasi asta-sekin tuzalyapti, ko‘pchiligi oilasi bag‘riga qaytgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uni yuritish Bosh prokuraturaga o‘tkazilgan.

Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

Namangan viloyatida bolalarning noma’lum moddadan zaharlangani holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ish Namangan viloyat prokuraturasidan Bosh prokuraturaga o‘tkazilgan. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Bugun, 23 sentabr kuni Mirziyoyeva va Prezident administratsiyasining boshqa mas’ullari davlat rahbarining topshirig‘i bilan Namangan viloyatiga borgan.

“Vaziyatni ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun shifoxonaga bordik, bolajonlar holidan xabar oldik. Ularning kayfiyati yaxshi, hammalari asta-sekin tuzalishmoqda, ko‘pchiligi sog‘aygani uchun uyiga – oilasi bag‘riga qaytarilgan.

Biz bolalarning ota-onalari bilan ham suhbatlashdik, ularning tashvishiga sherik ekanimizni bildirdik.

Shundan so‘ng bog‘cha tarbiyalanuvchilari bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan sog‘liqni saqlash, SES, ta’lim, prokuratura va boshqa tegishli soha mutasaddilari bilan yig‘ilish o‘tkazib, vaziyatni va tekshiruvning borishini muhokama qildik”, – deya yozdi u Telegram-kanalida.

Ma’lum qilinishicha, hozirda o‘rganish ishlari davom etmoqda, jarayon nazoratga olingan va natijasi haqida qo‘shimcha ravishda xabar qilinadi.

Mavzuga oid