Iqtisodiyot | 15:35 / 13.07.2023
56302
8 daqiqa o‘qiladi

Viloyatlarda reanimatologlarning maoshi keskin pasayib ketdi. Muammo nimada?

Moliya vazirligining 2023 yil yanvardagi ko‘rsatma xati bilan anesteziolog-reanimatologlarning maoshi 20 foizgacha qisqargan. Gap shundaki, ularga haq to‘lash koeffitsiyenti eng yuqori haq to‘lanadigan 4-guruhdan 2-guruhga o‘tkazilgan. Ayrim tumanlar reanimatsiya bo‘limi xodimlari sudga da’vo arizasini kiritgan. Qariyb 6 oydan beri murojaat qilmagan joyi qolmagan shifokorlar Kun.uz’ga tafsilotlarni so‘zlab berdi.

Foto: Getty Images

O‘tgan oyda kuzatilgan o‘qituvchilarning ta’til pullari kamayishi bilan bog‘liq muammo ortidan endi shifokorlar ham maoshi qisqarganidan shikoyat qilmoqda.

Respublika viloyatlarida tuman va shaharlardagi shifoxonalarning anesteziologik reanimatologoya bo‘limlari vrachlarining maoshlari 20 foizgacha qisqarib ketgan. Bu muammo Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan boshqa hududlardagi shifoxonalarda kuzatilmoqda. Kun.uz tahririyatga kelib tushgan murojaatlar asosida vaziyatni o‘rgandi.

Shu paytgacha shahar va tuman markazlaridagi shoshilinch tibbiy bo‘limlari xodimlariga ish haqi Vazirlar Mahkamasining 2005 yildagi 276-sonli qarori asosida to‘lanardi.

Unda sog‘liqni saqlash muassasalari guruhlari bo‘yicha maoshlar 4 koeffitsiyent asosida belgilangan; shoshilinch tibbiy bo‘limlar xodimlari 4-guruhga kirgan. Ya’ni bunda xodimlarga belgilangan maosh guruhlarga qarab quyidagi koeffitsiyentga ko‘paytirilgan:

  • Muassasalarning 1-guruhi uchun — tegishli razryad tarif stavkasiga 1,0 tuzatish koeffitsiyenti;
  • Muassasalarning 2-guruhi uchun — tegishli razryad tarif stavkasiga 1,03 tuzatish koeffitsiyenti;
  • Muassasalarning 3-guruhi uchun — tegishli razryad tarif stavkasiga 1,05 tuzatish koeffitsiyenti;
  • Muassasalarning 4-guruhi uchun — tegishli razryad tarif stavkasiga 1,15 tuzatish koeffitsiyenti qo‘llangan.

Yuqoridagi guruhlarga belgilangan koeffitsiyentlar asosida reanimatologlarga boshqa guruhlarga kiruvchilardan ko‘ra ko‘proq maosh to‘lanardi.

Ammo 2023 yil boshidan reanimatsiya bo‘limlari xodimlarining oyligi ish yuklamasi kamaymagan holda pasayib ketdi. Buni Kun.uz’ga Andijon va Buxoro viloyatlaridagi tuman shifoxonalarida reanimatsiya bo‘limida ishlaydigan vrachlar tasdiqladi. Tahririyat shifokorlar iltimosiga binoan, ularning ism-familiyasi va ishlaydigan joyi nomini sir saqlaydi.

«Bilasizmi, shoshilinch bo‘lim shifokorlarining ishi oson emas, biz qachon avariya sodir bo‘ladi yoki falokat tufayli og‘ir ahvoldagi bemor keltiriladi, bilmaymiz. Ba’zan sutkalab tik oyoqda shoshilinch ishlashga to‘g‘ri keladi.

2005 yildagi qaror asosida shu kabi sabablarga ko‘ra tuman va shaharlarning shoshilinch tibbiy yordam va ularning tarkibidagi reanimatsiya bo‘limlari shifokorlari oyliklari koeffitsiyent bo‘yicha eng yuqori darajaga olib chiqilgan. Ammo 2023 yil boshidan hammasi o‘zgardi, oyliklarimiz birdaniga 20 foizgacha qisqarib ketdi. Bunga Moliya vazirligining birgina xati sabab bo‘ldi», dyeydi Kun.uz bilan suhbatlashgan shifokorlardan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, Moliya vazirligining 2023 yil 25 yanvardagi 05/28-33/26-sonli ko‘rsatma xati (hujjat tahririyatda bor) talablarida markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlaridagi o‘rinlari pediatriya, terapiya va xirurgiya bo‘limlari tarkibiga o‘tkazilgan. Bundan tashqari, ular tarkibidagi reanimatsiya bo‘limlari markaziy shifoxona tarkibiga o‘tkazilib, undagi tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash rejali shifo o‘rinlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlari bo‘yicha amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Gap shundaki, Moliya vazirligi ko‘rsatma xati bilan eng yuqori koeffitsiyentga ko‘ra maosh to‘lanadigan reanimatsiya bo‘limlari shifokorlari 4-guruhdan 2-guruhga tushdi. Guruhlarning o‘zgarishi ularning maoshi 10 foizgacha pasayishiga olib keldi.

«Ish yuklamamiz kamaygan bo‘lsa ham rozi bo‘lardik. Ammo ish yuklamasi oshgan bo‘lsa oshdiki, kamaymadi. O‘zi 6 nafar bemorga qarashimiz kerak, ammo hozir 8 bemorga qarayapmiz. Normativ bo‘yicha bitta hamshira 2 bemorga qarashi kerak, lekin hozir 3 hamshiraga 8 bemor to‘g‘ri kelyapti.

Yana orada operatsiyaga ham kirib chiqishi kerak. Ba’zida bemorlar soni kuniga 9-10 nafarga yetadi. Tuman sharoitida ko‘pincha yiqilib hushini yo‘qotganlarni olib kelishadi. Reanimatsion holatda ko‘p kasal keladi. Bitta bizning tumanda emas, hamma tumanlarda ahvol shunday. Bo‘limda ish 24 soat davom etadi», deydi yana bir anesteziolog-reanimatolog vrach.

Reanimatsiya bo‘limlari shifokorlarining oylik maoshini hisoblash 4-guruhdan 2-guruhga tushgach, ularning ish staji bo‘yicha to‘lanadigan ustamalar ham kamayib ketdi. Shu vaqtgacha 3 yil uzluksiz mehnat stajiga ega bo‘lgan reanimatologlarga – 10 foiz, 5 yilga – 20 foiz, 7 yil va undan ko‘p ishlaganlarga 30 foiz ustama to‘langan. Shunda reanimatologlarga to‘lanadigan ustamaning eng ko‘p miqdori 30 foiz edi. 2-guruhda esa ustamalarning eng yuqori miqdori 20 foiz.

Shunday qilib, 7 yil va undan oshiq ishlab maoshiga 30 foiz ustama olib kelgan reanimatologlarga 30 foiz emas, 20 foiz ustama to‘lana boshlandi. Shu bilan, ularning maoshi jami 20 foizdan ortiqqa kamayib ketdi.

35 yildan beri reanimatolog bo‘lib ishlaydigan andijonlik shifokor Kun.uz bilan suhbatda Moliya vazirligining xatosi bilan sohada eng uzoq ishlaganlar ko‘proq zarar ko‘rganini aytadi.

«Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Ana tuzatiladi, mana to‘g‘rilanadi deb 6 oy vaqt o‘tib ketdi. Budjet xarajatlari nega shifokorlarning maoshini qisqartirish evaziga qoplanishi kerak?» – deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil fevral oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi bu muammoni hal qilish uchun buyruq chiqargan. Ammo buyruq Adliya vazirligi bilan kelishilmagani uchun yuridik kuchga ega emas deb topilgan. Natijada Moliya vazirligining ko‘rsatma xati asosida 6 oydan beri reanimatologlar past maosh olib kelyapti.

Kun.uz bilan suhbatlashgan boshqa shifokorlarning aytishicha, Moliya vazirligining 2023 yil 25 yanvardagi buyrug‘i chiqqunga qadar, ular yanvar oyi uchun oldingi tartibda oylik olishgan. «Bizdan yanvar oyida «ortiqcha» to‘lab yuborilgan mablag‘ni qaytarib berishni talab qilishyapti. Bu qanaqasi? Buyruq 25 yanvarda   chiqqan bo‘lsa?» – deydi u.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bunday xatoliklar yuz bergan taqdirda budjet xodimlari maoshlarining kamaytirilmasligi belgilab qo‘yilgan.

«Moliya vazirligi, SSV, Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi 27.01.2006 yilda birgalikda tasdiqlagan qo‘llanmasi ham mavjud. Unga ko‘ra, mehnatga haq to‘lashning yangi qoidalari agar maoshlar kamayishiga olib kelsa, eski ish haqlari o‘zgartirilmay saqlanib qolinishi lozimligi ko‘rsatilgan. Lekin o‘zbek chinovniklari o‘zlari yozgan qoidalarga o‘zlari amal qilarmidi?» – deya savol qo‘yadi u.

Tahririyatga ma’lum bo‘lishicha, Marhamat tumani tibbiyot birlashmasi anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi mudiri O‘.Imomov va 9 nafar tibbiyot xodimlari  buzilgan huquqlarini tiklash uchun Asaka tumanlararo fuqarolik sudiga da’vo arizasini kiritgan (Ariza nusxasi tahririyatda mavjud).

Arizada suddan Marhamat tuman moliya bo‘limi va Marhamat tuman tibbiyot birlashmasiga tuman markaziy shifoxonasining reanimatsiya bo‘limi mudiri O‘.Imomov va boshqa 9 nafar tibbiyot xodimlariga mehnatga haq to‘lanishini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 276-sonli qarorining 1-ilova 4-guruhi muassasalari (7073-bo‘lim 102-kichik bo‘lim 54-bob) bo‘yicha to‘lash majburiyatini yuklash to‘g‘risida qaror chiqarishni so‘ralgan. Hozirda ish sudda ko‘rilyapti.

Bundan tashqari, da’vogarlar 2022 yil dekabr oyidan 2023 yil may oyigacha bo‘lgan davrdagi ish haqlarini qayta hisob-kitob qilib to‘lash majburiyati yuklanishini talab qilmoqda.

Kun.uz holat yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘rov yubordi. Mas’ul tashkilotlarning javobi kutilmoqda.

Madina Ochilova tayyorladi

Mavzuga oid