«Yashash va sevgi san’atini o‘rgansa bo‘ladi» - yozuvchi Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova uyidan fotoreportaj
Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy ko‘chasida o‘tgan asrda qurilgan 2 qavatli uylar bor. Ular orasida o‘zbek hikoyachiligining yirik vakili Abdulla Qahhor va rafiqasi Kibriyo Qahhorova uyi ham ko‘rinib turadi. Qahhor vafotidan keyin muzeyga aylantirilgan bu uyda yozuvchining bolalik fotosuratlaridan tortib, umri oxirida ishlatgan kundaligigacha ko‘rish mumkin.
Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy ko‘chasi birinchi muyulishida usti qizil, uchburchak tomli bir-biriga o‘xshash 2 qavatli uylar ko‘rinadi. Ular 20-asrning o‘rtalarida o‘zbek adiblari, san’atkorlariga tegishli bo‘lgan. Hozir uylarning aksarida adiblarning oila a’zolari yashasa, ayrimlari sotib yuborilgan. Yana bir nechtasi esa uy-muzeyiga aylantirilgan. Shu qatordagi 26-uyda o‘zbek adabiyotida hikoya janrining otasi sifatida e’tirof etiladigan Abdulla Qahhor va rafiqasi Kibriyo Qahhorova 1958-1968 yillarda yashagan. Bu joy 1987 yilda Qahhorova tashabbusi bilan uy-muzeyiga aylantirilgan. «Kibriyo Qahhorova 1996 yilga qadar muzeyda ilmiy-xodim sifatida faoliyat yuritgan. Besh mingdan ziyod buyumlarni, nodir asarlarni Kibriyo opa shu qadar asrab-avaylaganki, ko‘rganingizdek, bugungi kunga kelib, eksponatlar unchalik darajada ta’mirga muhtoj emas », — deydi muzey xodimi Sanobar Matlubova.
Uy-muzeyiga qarab turganda o‘ng qo‘lda Abdulla Qahhorning byusti turibdi. Tashqariga ochiladigan jigarrangli yaltiroq eshikdan muzeyga kiriladi. Bu eshik doim ochiq turadi. Undan keyingi panjarali eshik esa ichkaridan yopilgan. Tashrif buyuruvchi kelganidan keyin muzey xodimi eshikni ochadi. Uyga kirishingiz bilan eski buyumlar hidi dimog‘ga uriladi. Eksponatlarni ko‘rmasdan hidning o‘ziyoq tashrif buyuruvchini o‘tgan asrga olib boradi.
Abdulla Qahhor 1907 yil 17 sentabrda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Abduqahhor temirchi bo‘lgan. Oila tirikchilik uchun bir joyda muqim yashay olmay, turli qishloqlarda yashashga majbur bo‘lgan. Abdullaning bolaligi Yaypan, Nursuh, Kudash, Buvayda, Tolliq, Olqor, Yulg‘unzor, Oqqo‘rg‘on kabi Qo‘qon atrofidagi qishloqlarda o‘tgan.
Dahlizdan o‘ng qo‘ldagi birinchi xonada Abdulla Qahhorning bolaligi, ota-onasi va Qo‘qon shahrini eslatuvchi fotosuratlar joylangan. 20-asrda temirchilar foydalangan «dam» deb nomlangan asbob muzey eksponatlari orasidan joy olgan. «Bir kun dadam meni do‘konga olib ketdi va «dam»ga soldi. Men har kuni dadamga o‘xshab saharda borib, xuftonda qaytmasam ham, kun yorishganda borib, qorong‘i tushmasdan qaytar edim. Kun bo‘yi «dam»ning arqonini tortaman, qo‘yvoraman, tortaman, tortaman, qo‘yvoraman», – deb yozgan Abdulla Qahhor «O‘tmishdan ertaklar» avtobiografik romanida.
Qahhorning onasi ishlatgan «Zinger» tikuv mashinasi muzeyning yana bir o‘ziga xos eksponatlaridan biri. Yozuvchi bu haqda ham o‘zining avtobiografik romanida gapirib bergan. «Temirchi ustaning «Zinger» olgani darrov dovrug‘ bo‘lib ketdi. O‘sha zamoniyoq shu atrofdagi xotin-xalaj uyimizga yopirilib kirishdi… Sal kunda dadam og‘izga tushib ketdi. Dadam mahallada «Zingerli boy» deb nom chiqardi, men buni bolalardan ham eshitdim», – deb yozgan Qahhor.
Xuddi shu xonada yozuvchining maktab va dorilfununda o‘qigan yillari, yaqin do‘stlari, zamondoshlari bilan tushgan fotosuratlari yig‘ib, galereya qilingan.
Yozuvchi boshlang‘ich ta’limni otasi Abduqahhor Jalilov va onasi Rohat ayadan olgan. 10 yoshida Buvaydadagi eski maktabda, keyin Oqqo‘rg‘on maktabida qo‘qonlik Muhammadjon qorining usuli savtiya maktabida o‘qigan. «Mening toleyimga Mamajon qori degan ochiq fikrli bir odam yangi usuldagi maktab ochgan ekan. Maktab katta masjidning tashlandiq bir hujrasida bo‘lib, bolalar domlaning o‘zi yasagan uzun-uzun partalarda o‘tirishar edi. Muhammadjon qori qog‘oz-qalam va kerakli kitoblarni shahardan keltirib, bizga o‘z narxida sotar, bolalardan hech narsa talab qilmas, qishloqda yagona xat-savodli odam bo‘lgani uchun mirzolik qilib kun ko‘rar edi. Men shu maktabda xat-savodimni chiqardim, husnixat mashq qildim», - deb yozgan yozuvchi.
1922-1924 yillarda u Qo‘qon pedtexnikumida o‘qigan va ilk marta Pushkin, Gogol, Turgenev, Tolstoy asarlari bilan tanishgan. «Bilim yurtida kollektiv deb ataladigan bolalar tashkiloti bo‘lib, buning sog‘liqni saqlash, sud, kutubxona va klub ishlari, nashriyot bo‘limlari bor edi. Shu bo‘limlarni boshqargan bolalarning hammasi katta bo‘lganida o‘sha yo‘ldan ketadi. Men faqat nashriyot bo‘limiga saylanib, devoriy gazeta chiqarar edim», - deb yozadi u.
Abdulla Qahhor 1926 yilda ishchilar fakultetiga o‘qishga kiradi va uni tugatib, yana jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanadi. U 1934 yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetida tahsil oladi.
«Ishchilar fakultetida birinchi marotaba adabiyot nazariyasi bilan tanishdim. Ilgari bo‘y baravar kitob yozgan jahon adabiyoti klassikalari nomini eshitgan edim xolos. Ishchilar fakultetida esa ularning asarlari bilan tanishdim. Men bulardan ayniqsa Gogol, Turgenev va Chexovga ergashib, asar yozishga juda ko‘p urinib ko‘rdim. Lekin bularga ergashib asar yozishga hali erta bo‘lganidan yozganlarim faqat mashq bo‘lib qolib ketdi. Lekin bu mashqlar keyinchalik menga katta foyda berdi. Ishchilar fakulteti meni har jihatdan katta yo‘lga chiqarib qo‘ydi», - degan adib.
Yozuvchi fotosurat olishga juda qiziqqan. U barcha sayohatlarida, hatto chet el safarlarida ham o‘zi bilan doimo fotoapparat olib yurgan. Muzeydagi 50 foiz suratlar Qahhorning o‘zi tomonidan olingan.
Shuningdek, xonada Qahhorning rafiqasi Kibriyo Qahhorova uchun alohida burchak ajratilgan. Unda ayolning buyumlari, ro‘mol, bilaguzuk va qo‘l sumkasi kabilar saqlanadi.
Kibriyo Qahhorova Abdulla Qahhor bilan 1945 yilda oila quradi, ular 27 yil birga yashagan. Bu haqda yozuvchi, publitsist Ozod Sharafiddinov shunday yozadi: «1945 yilning avji bahor faslida ikki ajoyib inson o‘rtasida yangi oila paydo bo‘ldi va bu ikki inson o‘rtasidagi muhabbat shu’lasi chorak asr davomida yangi oilaning hamma tomonlarini nurlantirib turdi. Bu oiladagi fayzboplik, shoyistalik, totuvlik nafaqat Abdulla aka bilan Kibriyo opa qalblarini bezab turardi, balki bu xonadonga keladigan har bir odam undan bahramand bo‘lib, ko‘ngli nurga to‘lib, hayajonlanib chiqib ketar edi. Ularning muhabbati ham, chorak asr davom etgan ahil va inoq turmushi ham ko‘p jihatdan iboratki, yoshlar, albatta, bu ikki insondan yashash va sevish san’atini har qancha o‘rgansa oz», - deydi Ozod Sharafiddinov.
Asosiy eshikdan, dahlizga kirganda to‘g‘rida mehmonxona joylashgan. U yerda e’tiborni tortadigan birinchi jihoz 7 kishilik dumaloq stol. Muzey xodimining tushuntirishicha, Abdulla Qahhor stol atrofida hamma teng o‘tirishi, suhbatdoshlar bir-birini aniq ko‘rib turishi uchun aylana stolda ovqatlanishni xohlagan ekan.
Xonada o‘z davriga oid bo‘lgan patefon, devor soat, televizor va bir qancha suvinerlarni ko‘rish mumkin. Xonaning chap burchagida turgan orom kursilar esa uy muzeyiga alohida ko‘rk berib turibdi.
Mehmonxonadan chiqqanda o‘ng qo‘lda ichkari hovliga olib chiqadigan dahliz turadi. Dahlizda yozuvchining mukofotlari, xorij sayohatlari va unga atalgan sovg‘alar ekspozitsiyasi tizilgan.
Bu dahlizning bir tomoni ikkinchi qavatga olib chiqadi. Zinalardan ko‘tarilar ekansiz, devorlar bo‘ylab Qahhor yozgan asarlar asosida tayyorlangan kino va sahna asarlaridan parchalar suratlarini tomosha qilib borasiz.
Ikkinchi qavatda asosiy 2 xona eshigi bor. Chap qo‘ldagi eshikda yozuvchining ish stoli va darsxonasi joylashgan. Xonaga kiriboq ikki devorni tutgan kitoblar bilan liq to‘la javon e’tiboringizni tortadi. Muzey xodimining aytishicha, bu yerda 4 mingga yaqin kitob bo‘lib, ularning har birini yozuvchi ikki martadan o‘qib chiqqan.
Xonaning o‘rtasida Qahhorning ish stoli joylashtirilgan, undagi asosiy detal yozuvchi foydalangan yozuv mashinkasi. Uning ro‘parasida yozuvchi dam olgan divanini ko‘rishingiz mumkin.
Kibriyo Qahhorova «Jomboy tongi» gazetasiga bergan intervyusida Qahhorning ish jarayonini shunday tasvirlaydi: “U har kuni muayan vaqt yozuv stolida o‘tirar, birov xalaqit bermasin, deb pastda yurardim. Ertalab soat sakkizdan, o‘n ikkigacha ish shu zayl davom etadi”, - degan Qahhorova
Zinadan chiqqanda to‘g‘ridagi xonada esa yozuvchining o‘zi yozgan asarlari va tarjimalarining ilk nusxalari saqlanadi. Shuningdek, xona chap burchagida Qahhorning ish stoli devoriy maketi ham joylashtirilgan.
Yozuvchining «Qo‘shchinor chiroqlari» (1951) romani va «Sinchalak» (1958), «Muhabbat» (1968), «O‘tmishdan ertaklar» (1965) qissalari, «Boshsiz odam», «Anor», «Bemor», «Dahshat», «O‘g‘ri», «Millatchilar», «San’atkor», «Adabiyot muallimi», «O‘jar» kabi hikoyalari o‘zbek adabiyotida yangi nafas bo‘lib tarixda qoldi.
Zinadan pastga tushib, dahliz orqali ichkari hovliga chiqiladi. Hovlida yozuvchi ekkan 1 asrlik xurmo daraxtini ko‘rish bilan muzeyga tashrif tugaydi.
Zuhra Abduhalimova tayyorladi.
Mavzuga oid
17:23 / 07.12.2024
Bosh prokuratura muzeyida qatag‘on qurbonlariga xotirasiga yangi ekspozitsiyalar ochildi – fotoreportaj
23:05 / 22.11.2024
Fransiyadagi muzeydan 7 mln yevrolik zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketildi
16:05 / 17.10.2024
Misrda dunyodagi eng qimmat muzey ochildi. Uni qurishga qariyb 20 yil vaqt ketdi
12:30 / 15.10.2024