O‘zbekiston | 10:48 / 25.11.2025
3469
3 daqiqa o‘qiladi

Havo tozalagichlar bojdan ozod etiladi

Tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi. Shu kunlarda O‘zbekistonda maishiy havo tozalagichlarga talab keskin oshgandi.

Foto: Ben Hasty / MediaNews Group / Reading Eagle via Getty Images

O‘zbekistonga tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolar tomonidan olib kiriladigan maishiy havo tozalash uskunalari bojxona bojidan ozod etiladi. Bu prezidentning Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonida belgilangan.

Farmonda atmosfera havosining RM 2.5 zarralari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Atmosfera havosini chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya tashkil qilinishi belgilangan.

Shuningdek, Ushbu maxsus laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashgan kichik stansiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv postlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421), lokal suv tozalash inshootlari (TIF TN kodi 8421) hamda tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.

Bundan tashqari, maxsus laboratoriyaga uskunalar va unga zarur bo‘lgan jihozlar, jumladan, termik optik tahlillarni olib borish uchun termo-optik analizator uskunasi hamda atmosfera havosi namunalarini yig‘ib olish uchun 5000 dona kvars filtrlar eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilinadi.

Shu kunlarda O‘zbekistonda havo sifati yomonlashib borayotgani ortidan, maishiy havo tozalagichlarga talab keskin oshgandi.

Bojxona qo‘mitasi statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistonga maishiy havo tozalagichlar importi oxirgi 3 yilda 9 barobarga oshgan. 2022 yilda bunday mahsulotlardan 2 mingta olib kirilgan bo‘lsa, 2025 yilning o‘n oyida jami qiymati 1,3 mln dollarlik 18,5 mingdan oshiq havo tozalagich import qilingan.

Ma’lumot uchun, havo tozalagichlar (TIF TN kodi 8509) importi uchun 20 foiz, lekin har bir donasi uchun 3 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda import boj o‘rnatilgan.

Mavzuga oid