O‘zbekiston | 14:05 / 21.11.2025
9501
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent havosidagi changni kamaytirish: hokimlik yo‘llarga suv sepish bo‘yicha maxsus rejim joriy etdi

Toshkent shahar hokimligi poytaxtda havo ifloslanishi va changlanish darajasi oshgan sharoitda yo‘l qoplamasiga suv sepish, yashil hududlarni sug‘orish hamda favvoralar va mikroiqlim qurilmalarini ishga tushirish bo‘yicha maxsus rejim joriy etganini ma’lum qildi. Choralar havodagi mayda chang zarrachalari miqdorini qisqa muddatda kamaytirishga qaratilgan.

Toshkent shahar hokimligi axborotiga ko‘ra, shahar muhitining yuqori changlanishi sharoitida eng tezkor va samarali choralardan biri sifatida yo‘l qoplamasi va unga tutash hududlarni namlash amaliyoti kuchaytirildi. Bu usul ilmiy asosga ega bo‘lib, dunyoning qator yirik shaharlarida ham atmosfera havosi ifloslanishi avj olgan davrlarda qo‘llanadi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan:

  • yo‘l qoplamasiga maxsus texnika yordamida suv sepish;
  • shahar bo‘ylab yashil hududlarni sug‘orish;
  • favvoralar mavsumi yakunlanganiga qaramay, barcha favvoralar va mikroiqlim qurilmalarini ishga tushirish kabi choralar amalga oshirilmoqda.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, bu usulning samaradorligi quyidagilar bilan izohlanadi: 

  • chang zarralarini kamaytirish  havo ifloslanishining asosiy omillaridan biri PM10 va PM2.5 o‘lchamdagi mayda chang zarrachalari. Yo‘l namlanganda ushbu zarrachalar suv bilan aralashib, yerga cho‘kadi va atmosferaga qayta ko‘tarilishining oldi olinadi;
  • ikkilamchi changlanishni pasaytirish avtomobillar harakatini davom ettirgan holda quruq yo‘l yuzasidagi chang muntazam ravishda havoga ko‘tarilib turadi. Namlangan yo‘l esa shu “ikkinchi darajali changlanish”ni sezilarli darajada kamaytiradi. Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, bunday changlanish shahar PM chiqindilarining 2540 foizini tashkil qilishi mumkin;
  • mikroiqlimni sovitish yo‘llarga suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish orqali harorat biroz pasayishi natijasida chang havoda uzoq turib qolmaydi, ifloslantiruvchi moddalarni tezlashtiruvchi kimyoviy reaksiyalar sekinlashadi, zarrachalar tezroq cho‘kib borishga moyil bo‘ladi;
  • yashillikni qo‘llab-quvvatlash daraxt va butalar havodagi changni o‘z barglari orqali ushlab turadi. Ifloslanish yuqori davrlarida o‘simliklarni sug‘orish ularni parvarishlash bilan birga, shaharning tabiiy “filtr”lari samaradorligini ham oshiradi.

Hokimlik ta’kidlashicha, yo‘llarga suv sepish havo ifloslanishi muammosini to‘liq hal qilmaydi, ammo bir necha soat ichida chang miqdorini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradigan tezkor chora hisoblanadi.

Shu bilan birga, havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha kompleks yondashuv doirasida:

  • issiqxona xo‘jaliklarida reydlar o‘tkazish;
  • qozonxonalarga filtrlar o‘rnatish;
  • ekologik nazoratni kuchaytirish kabi tizimli ishlar ham amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi aholidan rasmiy ma’lumotlarni kuzatib borishni, havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan kunlarda ochiq havodagi faoliyatni qisqartirishni va zarurat tug‘ilganda niqob taqib yurishni tavsiya etmoqda.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ham tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Toshkent ko‘chalari va yashil hududlarda chang ifloslanishini kamaytirish maqsadida suv sepuvchi mashinalar ishga tushirilgani haqida xabar bergan.

«Maxsus mashinalar yo‘l qoplamasini va daraxtlarni sug‘orib, tabiiy changni cho‘ktirishga yordam beradi va shahar havo sifatini yaxshilaydi.

Shuningdek, poytaxtdagi barcha favvoralar ham ishga tushirilgan bo‘lib, ular 24/7 rejimga o‘tkazildi. Ularning faoliyati mikroiqlimni saqlashga va jamoat joylaridagi chang yuklamasini kamaytirishga yordam beradi.

Ta’kidlash joizki, qo‘mita tomonidan havo ifloslanishini kamaytirish maqsadida tezkor shtab tuzilgan bo‘lib, poytaxtdagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda», deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid