Jahon | 19:48 / 29.05.2026
18640
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada muftiylar hibsga olinmoqda

Ularga poraxo‘rlikdan tortib terrorizmgacha bo‘lgan ayblovlar qo‘yilmoqda. Ekspertlar hisoblashicha, bu Rossiya musulmonlari diniy idorasi raisi Ravil Gaynutdinga qarshi kampaniya hisoblanadi.

Foto: Vyacheslav Prokofev / TASS / Profimedia

May oyida Rossiyaning turli regionlarida muftiylar hamda boshqa musulmon diniy arboblar va jamoatchilik faollari ushlanayotgani va hibsga olinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ularning ayrimlari terrorchilik moddasi bo‘yicha – «Musulmon birodarlar» tashkiloti bilan hamkorlik qilishda ayblanmoqda. Islomshunos siyosatshunoslar, mustaqil jurnalistlar va hatto Z-blogerlar ham bu ta’qiblar to‘lqinining maqsadi sifatida xavfsizlik kuchlarining Rossiya Musulmonlar idorasi va shaxsan uning rahbari muftiy Ravil Gaynutdin bilan kurashini ko‘rsatmoqda. «Meduza» bu haqda nimalar ma’lum ekanini ko‘rib chiqdi.

Rossiyada mashhur muftiylar va musulmon diniy arboblar qo‘lga olinmoqda

Mamlakatning turli hududlarida muftiylar, musulmon diniy va jamoat arboblarining ushlanishi va hibsga olinishi haqidagi xabarlar may oyi o‘rtalarida paydo bo‘la boshladi. Bir qarashda bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan uchta asosiy ishni ajratib ko‘rsatish mumkin.

  • Saranskda Mordoviya muftiysi Rail Asainov pora berishda gumonlanib qo‘lga olindi. Kuchishlatar tuzilmalar versiyasiga ko‘ra, u talabalar sessiyani topshirishlari uchun Mordoviya davlat universitetidagi dasturlardan birining rahbariga pora berishga uringan. Asainovni tez orada qo‘yib yuborishdi. U bilan birga Mordoviya musulmonlar jamoasining yana besh nafar faoli hibsga olingani xabar qilingan. Ularning taqdiri noma’lum.
  • Moskvada Janubiy Butovodagi masjid imomi, Kareliya sobiq muftiysi Visam Ali Bardvil 15 kunga hibs qilindi. U Sheremetevodagi aeroportda politsiyaga bo‘ysunmaslikda ayblangan.
  • «Kommersant» ma’lumotiga ko‘ra, may oyining birinchi yarmidayoq «Musulmon birodarlar» terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etishda ayblanib, «Shimoli-g‘arbiy musulmonlar jamoasi»ning sobiq rahbari Muhammad Xenni, uning qarindoshi Regina Xenni, Saratov oblasti muftiysi o‘rinbosari Nidal al-Xix (falastinlik), ingush ilohiyotshunosi Ahmad Tangiyev hamda yana to‘rt kishini hibsga olgandi. Turli xabarlarga ko‘ra, bu ish bo‘yicha figurantlar Peterburg, Saratov va Shimoliy Osetiyada hibsga olingan.

Qo‘lga olinganlar va hibsga olinganlar dindorlar orasida mashhur bo‘lgan, deydi siyosatshunos va islomshunos Rinat Muxametov. Masalan, moskvalik imom Ali Bardvil yoshlar orasida ko‘zga ko‘ringan voiz hisoblangan, chunki u dunyoviy tilda va’z qilishga harakat qilgan. Dinshunos Ahmad Tangiyev o‘z ona yurti Ingushetiyada nufuzli imom hisoblangan va aksilterror ma’rifiy tadbirlarida ishtirok etgan. Islomshunos Muhammad Xenni «jamoatchilikka moyil targ‘ibotchi» deb atalgan.

Rail Asainov
Foto: Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi muftiylar kengashi

Muftiylar ishi siyosiy ekani aytilmoqda

Ekspertlar, mustaqil nashrlar va hatto hukumatga moyil telegram-kanallar hibsga olinganlar Rossiya musulmonlari diniy idorasi va shaxsan idora rahbari, muftiy Ravil Gaynutdin bilan aloqadorligini ta’kidlamoqda. «Ozodlik radiosi» bilan suhbatda bo‘lgan siyosatshunos-islomshunos Ruslan Aysin hamda Rinat Muxametov gap Gaynutdin tuzilmalariga tizimli zarba beradigan siyosiy ta’qiblar haqida ketayotganiga amin. Ekspertlar bu kampaniya uchun kuchishlatar tuzilmalar, jumladan, Federal xavfsizlik xizmati (FSB) mas’ul deb hisoblaydi.

Siyosatshunoslarning fikricha, Rossiya hukumatiga sodiqligini namoyish qilishiga qaramay, diniy idora va Gaynutdinning boshqa tuzilmalari so‘nggi vaqtlargacha Kreml siyosatidan qisman avtonomiyani saqlab qolgan. Muxametovning ta’kidlashicha, diniy idora rahbariga aloqador tuzilmalar Rossiya davlat tizimiga muvaffaqiyatli singib ketgan, bu esa hukumatga Turkiya hamda arab davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash imkonini bergan. Shu bilan birga, Gaynutdin yillar davomida Rossiyaga ishlash uchun kelgan xorijliklarni qo‘llab-quvvatlab, huquq-tartibot idoralarining harakatlarini tanqid qilgan.

Bir tomondan, diniy idora rahbari duolarida Vladimir Putinning nomini zikr qilgan, harbiy safarbarlikni qo‘llab-quvvatlagan va Ukraina bilan urush ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha shartnomalar tuzgan. Boshqa tomondan, u Kremlni muftiyatlarni birlashtirishga to‘sqinlik qilgani uchun tanqid qildi, masjidlarni buzishga qarshi chiqdi va masjidlar orqali xorijliklarni Rossiya jamiyatiga integratsiya qilishni taklif qildi. Gaynutdin «Krokus Siti Holl»dagi terakt va Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan ularga nisbatan bosim kuchayganidan keyin ham mehnat muhojirlarini himoya qilishda davom etdi. Shuningdek, yaqinda Putinga murojaat qilib, musulmonlarga masjidlardan tashqarida diniy marosimlarni o‘tkazishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qullamaslikni so‘radi.

Ekspertlar hibsga olinganlarning «Musulmon birodarlar» bilan aloqalari haqidagi versiyaga shubha bilan qarashmoqda. «Uzoq yillar davomida Rossiyada taqiqlangan tashkilotning yig‘ilishlarida qatnashish uchun juda telba odam bo‘lish kerak. Figurantlarning aksariyati – falastinliklar. Ularni bunga jalb etish osonroq. Ikkinchidan, xavfsizlik kuchlari Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilikdan ko‘prik o‘tkazishga harakat qilmoqda: Hamas – „Musulmon birodarlar“ning bir tarmog‘i, demak, biz ularni shu bilan qo‘lga olamiz», – deydi Ruslan Aysin. Muxametovning fikricha, taqiqlangan tashkilot bilan aloqalar imomlarni, jumladan, arab millatiga mansublarni xalqaro qo‘llab-quvvatlovdan uzib qo‘yishga urinishlar bilan izohlanadi.

Diniy idora, Rossiya muftiylari kengashi (uni ham Gaynutdin boshqaradi) va hududiy diniy boshqarmalarning o‘zi hamkasb muftiylar va tarafdorlarining ta’qibga uchrashi yuzasidan hech qanday munosabat bildirmadi.

Siyosatshunoslar fikricha, hibsga olishlar butun Volgabo‘yiga ta’sir qiladi, hududiy muftiyliklar esa Kremlga sodiqligini ko‘proq ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. «Ozodlik radiosi» hisoblashicha, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan raqobatlashayotgan boshqa yirik islomiy tashkilotlar (masalan, Talgat Tajuddin boshchiligidagi Musulmonlar markaziy diniy boshqarmasi) ushbu vaziyatdan foydalanib qolishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish