Jamiyat | 18:31 / 23.05.2016
13637
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda kun bo‘yi jaziramada turgan tuya egasining boshini uzib tashladi

The Huffington Post gazetasining yozishicha, Hindistonda kun bo‘yi quyoshning kuydiruvchi nuri ostida bog‘lanib turgan tuya o‘z egasining boshini tishlab olgan. Hodisa mamlakatning janubi-g‘arbiy Rajastxon shtati Barmer shahrida yuz bergan.

Hovliga bog‘lab qo‘yilgan jonivor 43 darajali jaziramada kun bo‘yi turgan. The Times of India nashrining oydinlik kiritishicha, tuyaning egasi, mehmonlar bilan bo‘lib, uni bo‘shatishni unutgan va kutilmaganda bu yodiga kelgan. 

Shundan so‘ng, erkak kishi tuya yoniga kelganida hayvon uning bo‘ynidan tishlab yerga ag‘dargan. Guvohning so‘zlariga ko‘ra, tuya, egasining tanasini u yoqdan bu yoqqa irg‘itgan, tepkilagan. Alaloqibat, uning hujumi fojia bilan yakun topgan. Tuya o‘z egasining boshini uzib olgan.

Xabar qilinishicha, 25 nafar mahalliy aholi vakili tuyani tinchlantirish uchun 6 soat vaqtini sarf etgan. 

O‘tgan hafta juma kuni 20 mayda Rajastxon shtatida eng yuqori harorat qayd etilgan edi. O‘sha kuni harorat Tselsiy shkalasi bo‘yicha 51 darajagacha ko‘tarilgan. Bu Hindiston meteorologiya kuzatuvlari tarixidagi eng issiq kun sifatida qayd etildi. 

Ta'kidlash joizki, so‘nggi oylarda Hindistonda anomal jazirama hukm surmoqda. Ba'zi shimoliy shtatlarda bir necha haftalar mobaynida harorat ko‘rsatkichi 40 darajadan pasaygani yo‘q. Meteorologlarning taxmin qilishlaricha, iyun oyi o‘rtalarida boshlanadigan yomg‘ir mavsumi bilan jazirama havo chekinadi.