Oliy ta’lim kengashi nodavlat OTMlardan pul so‘rayapti. Huquqshunoslar buni qonunchilikka zid deb atadi
Nodavlat oliygohlar kontraktdan tushadigan mablag‘ning 4 foizini Oliy ta’lim kengashiga o‘tkazishi taklif qilinyapti. Huquqshunoslar nodavlat OTMlar buni to‘lashga majbur emasligini aytyapti. O‘zLiDePdan Dilmurod Ortiqov holat bo‘yicha oliy ta’lim vaziri va bosh prokurorga deputatlik so‘rovi yuborgan.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov Telegram'dagi kanalida Respublika oliy ta’lim kengashining 2024 yilning 29 noyabr kuni tasdiqlangan bayonnomasi e’lon qildi. Unda nodavlat OTMlar Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov-kontraktdan tushadigan mablag‘ining 4 foizini o‘tkazib berishi haqida band bor. Bu taklifni nodavlat OTM rektorlari bergani ko‘rsatilgan. Mablag‘ o‘tkazishdan quyidagi maqsadlar inobatga olingani aytiladi:
- respublikada amalga oshirilayotgan ta’limga oid siyosatni qo‘llab-quvvatlash;
- zarur hollarda oliy ta’lim tashkilotlari va ularning talabalari manfaatini himoya qilish ta’lim xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash;
- davlat oliy ta’lim tashkilotlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga 4 foiz miqdorida ajratmalar yo‘naltirish.
Kengash nodavlat OTMlar bilan shartnomani 1 haftada ishlab chiqishi va 2025 yilning 25 yanvarigacha mablag‘lar Respublika oliy ta’lim kengashiga kelib tushishi kerakligini ta’kidlagan.
Yuliy Yusupov buni soliq deb atab, O‘zbekistonda soliqlarni Oliy Majlisgina emas, istalgan davlat idorasi joriy qila olyapti degan fikrda. Shuningdek, u O‘zbekistonni cheklovlarni bilmaydigan amaldorlar uchun behisob ochil dasturxon deb, pul kerak bo‘lib bo‘lsa, xalqdan yig‘ish boshlanishini yozgan. “Bunga kimdir qarshilik qilsa, tekshiruv yuboriladi va litsenziyasi olinadi”, – degan iqtisodchi.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Respublika Oliy ta’lim kengashi soliq yoki majburiy to‘lov joriy qilish vakolatiga ega emasligini ta’kidlab, bu bayonnoma hech qaysi OTMga hech qanday majburiyat yuklamasligini yozgan.
“Bu bayonnomani pesh qilib, pul o‘tkazishni talab qilish, agar o‘tkazmasa, turli oqibatlar keltirib chiqarishi (masalan, litsenziyasini olib qo‘yishga ishoralar va h.k.) mutlaqo noqonuniy hisoblanadi. Bunday qilishga hech kimning haqqi yo‘q (qog‘ozlarda har holda, amalda bilmadim endi). Shu sababli nodavlat oliygohlar Kengashga 4 foiz pul o‘tkazishga majbur emasligini bilishlari zarar qilmaydi. Unutmang, Respublika Oliy ta’lim kengashining o‘zi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi, qanaqadir davlatning vakolatli organi emas, kimgadir majburiyat yuklaydigan vakolati yo‘q. Garchi bayonnoma matnida majburiylik haqida gap ketmagan bo‘lsa-da, ammo bunday mazmunda qaror chiqarilishining o‘zi g‘alati. Bunday qarorlar kamida Biznes Ombudsman hamda Adliya vazirligidan ekspertizadan o‘tishi kerak”, – deb yozgan Xudoyberdiyev.
Kengash bayonnomasiga huquqshunos, Profi universiteti asoschisi Bektosh Hotamov ham norozilik bildirdi. U nodavlat OTMlar oddiy tijorat sub’yekti hisoblanishi, ularga soliq solish uchun soliq qonunchiligiga o‘zgartirish kiritish kerakligi, soliq qonunchiligiga o‘zgartirish kiritishni Oliy Majlis va Senat ham tasdiqlashi kerakligini eslatgan.
“Bu biznes olamiga ham juda vahimali signallar beradi. O‘zbekistonda biznes qilish vazir, hokim, yana boshqa amaldorlarning xohish va istaklari bilan soliq paydo bo‘lishining o‘zi juda qo‘rqinchli signal. Chunki bu davlatda qonunlar ishlamasligini, kim qachon xohlasa, o‘sha paytda qaror qabul qilib soliq yig‘ishi mumkinligini ko‘rsatadi. Bu esa investitsiya, har qanday investor uchun tahlika yaratadi. Bundan ham yomoni bu holat Prezident va qonun chiqaruvchi organning legitimligini savol ostiga qo‘yadi? Chunki bunday qaror qabul qilishning o‘zi men Prezidentdan ham, Oliy Majlisdan ham oliyroqman, men xohlagan paytda, xohlagancha soliq sola olaman degan tushunchani beradi”, - deb yozgan Hotamov.
Ta’lim bo‘yicha ekspert, jamoatchilik faoli Komil Jalilov bunday "o‘lpon" noqonuniy bo‘lgani bilan nodavlat OTMlar bu haqida shikoyat qilishiga shubhasi borligini aytgan. “Chunki nodavlat OTMlariga litsenziyani beradigan tashkilot – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi. Vazirlik "o‘lpon" to‘lashdan bosh tortgan va shikoyat qilgan nodavlat OTM ustidan biron bahona bilan litsenziyani bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilmasligiga kafolat yo‘q”, – degan u.
Noroziliklar ortidan O‘zLiDeP deputati Dilmurod Ortiqov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri va Bosh prokurorga deputatlik so‘rovi yuborgani ma’lum qilindi. So‘rovda 4 foizlik to‘lov bo‘yicha chiqarilgan bayonnomaning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish va asoslantirish so‘ralgan. “Shuni alohida ta’kidlash lozimki, tadbirkorlik faoliyati erkinligi qonunlarimizga muvofiq kafolatlangan, hech bir tashkilot qonunga asoslanmay turib, tadbirkorlik sub’yektlariga, shu jumladan, nodavlat oliy ta’lim muassasalariga turli to‘lovlar joriy qilish vakolatiga ega emas”, – deb yozilgan xabarda.
Kun.uz holat bo‘yicha izoh olish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatiga so‘rov jo‘natdi.
Mavzuga oid
13:24 / 06.01.2025
Tadbirkorlarga tashqi moliya bozoriga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil etildi
17:32 / 04.01.2025
Tadbirkorlarni elektrdan qarzi uchun tarmoqdan uzishni to‘xtatish rejalashtirilyapti
14:00 / 04.01.2025
Yuridik shaxslarga elektr uchun to‘lovlarni mobil ilovalar orqali amalga oshirish imkoni yaratiladi
21:47 / 02.01.2025