O‘zbekiston | 18:38 / 03.03.2025
19077
4 daqiqa o‘qiladi

“4 kundan buyon qilaman, ishlamaydi” – Yangi Toshkentga ishga taklif qilinganlar telefon raqam ishlamayotganidan norozi

Yangi Toshkentni qurish uchun 8-15 mln so‘m ish haqi bilan 10 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilingandi. Ammo fuqarolar bu bo‘yicha kimga murojaat qilishni bilmayapti. Xabarda ko‘rsatilgan qisqa raqamlar esa ishlamayapti. Bandlik vazirligi buni texnik nosozlik bilan izohlab, tegishli choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

28 fevral kuni Bandlik vazirligining rasmiy sahifasida 20 ming gektar maydonda barpo etilayotgan Yangi Toshkent shahri loyihasi uchun bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilindi.

E’londa aytilishicha, buning uchun 10 mingga yaqin vakansiyalar ajratilib, 8-15 mln so‘mlik oylik ish haqi belgilangan.

Bu yerda betonchi, payvandchi, santexnik, g‘isht teruvchi, elektrik, suvoqchi kabi 38 turdagi yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislarga talab mavjud.

Ishchilar yotoqxona, kiyim-kechak, transport xizmati va 3 mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Qisqa raqam ishlamayapti

E’longa qiziqqanlar bog‘lanishi uchun vazirlik o‘zining qisqa 1176 raqamini keltirgan. Ammo odamlar e’lon chiqqanidan beri bu raqamga tusha olmayotganini bildirishmoqda.

Bu xabarlaringizdagi mehnat bandligi nomeri ishlamaydi-ku, 4 kundan buyon telefon qilaman. Iltimos, sizlar aldamanglar xalqni”, – deydi Kun.uz botiga yozgan fuqarolardan biri.

1176 qisqa raqami ishlamayapti. “8 milliondan 15 milliongacha oylik maosh” debdi, buni iltimos, bir ko‘rsatuv qilib tekshirib ko‘ringlar. O‘zim “svarshik”man, “paravoy otopleniye”, metallokonstruksiya bo‘yicha mutaxasisligim bor, lekin vazirlik va idoralarga ishonch yo‘q.

Chunki 2020 yilda tanlov orqali imtihonlardan o‘tib migratsiya agentligi arzimagan oylik bilan Rossiyaga 400 nafar odamni ishga jo‘natgan, karantinda Rossiyaga kirdik. Keyin to‘da-to‘da bo‘lib ishdan bo‘shab, boshqa ishlarga o‘tib, agentlik yetkazgan zararni bo‘ynimizdan soqit qilishga 6 oy ketdi”, – deydi yana bir murojaat qilgan shaxs.

Kun.uz muxbiri vaziyatni tekshirish uchun 1176 qisqa raqamiga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdi, avtomatik javob beruvchi ovozdan so‘ng operator javobi kutilishi aytildi, ammo shu yerga kelganda aloqa uzilib qoldi. Qayta-qayta bog‘langanda ham shu vaziyat takrorlanmoqda.

Texnik nosozlik sabab ishlamagan” – vazirlik

Holat yuzasidan izoh olish uchun Bandlik vazirligining matbuot xizmati bilan bog‘landik. Rasmiylarga ko‘ra, qisqa raqam bilan texnik bog‘liq nosozlik kuzatilgan, bu haqda 3 mart kuni ertalab bilishgan.

Mutaxassislarga bu haqda xabarni ertalab yetkazdik, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi. Bugun shunday bo‘lib qoldi, e’lon qo‘ygandan keyin ham tekshirib turdik.

Koll-markazda 50 nafar fuqaro murojaati navbat bilan kutish imkoniyati mavjud, 51-fuqaro navbatga qo‘shila olmayapti. Qo‘ng‘iroqlarni avtomatik navbatga olish sonini oshirish choralari ko‘rilmoqda”, – deydi vazirlik vakili.

Shuningdek, Kun.uz tashkilotdan shu vaqtgacha 1176 ga qo‘ng‘iroq qilib, qancha odam bo‘sh ish o‘rinlariga qiziqish bildirgani yuzasidan ma’lumot so‘radi. Mutasaddi bu bo‘yicha raqamlar taqdim qilinishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid