O‘zbekiston | 07:02 / 24.07.2024
2171
2 daqiqa o‘qiladi

Paxta-to‘qimachilik klasterlari moliyaviy sog‘lomlashtiriladi

Paxta-to‘qimachilik klasterlarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga qaratilgan choralar belgilandi.

Foto: Kun.uz

“Paxtachilik sohasi korxonalarining iqtisodiy-moliyaviy holatini yaxshilashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga qaratilgan quyidagi choralar belgilandi:

  • Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan 2023 yilgi paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni 2024 yil 1 dekabrgacha to‘liq qaytargan klasterlarga ushbu kredit bo‘yicha foiz to‘lovlari (bank marjasidan tashqari) 2025 yil 1 yanvarga qadar jamg‘arma hisobidan qaytarib beriladi;
  • 2023 yilgi paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun klasterlarga ajratilgan imtiyozli kreditlarning, mos ravishda jamg‘armaning tijorat banklariga ajratgan kredit resurslarining qoldig‘ini qaytarish muddati tijorat banklarining ijobiy xulosasi asosida 2025 yil 1 aprelgacha uzaytiriladi.

2024 yil 1 avgustdan jamg‘arma kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha klasterlar ta’sischilarining shaxsiy kafilligi qo‘shimcha ravishda rasmiylashtiriladi.

Bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan va sotib olish qiymatining 35 foizi va undan yuqori qismi to‘langan paxta tozalash zavodlari va paxta qabul qilish maskanlarini jalb etiladigan kredit bo‘yicha mulkiy majmua sifatida garovga qo‘yishga ruxsat beriladi. 

Tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” AJning mulkiy majmualarini sotib olish bo‘yicha klasterlar bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarida belgilangan to‘lov grafigi bo‘yicha qarzdorliklar muddati 1 yilga uzaytiriladi.

Mavzuga oid