O‘zbekiston | 11:25 / 08.02.2021
10020
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik talabalar Rossiya hududiga to‘sqinliksiz kirish huquqiga ega fuqarolar tasnifiga kirmaydi - TIV

Rossiya ta'lim va ilm-fan vazirining buyrug‘i bilan 2021 yil 8 fevraldan boshlab ushbu vazirlik huzuridagi oliy o‘quv yurtlarida kunduzgi o‘qish jarayoni boshlash ko‘zda tutilgan.

Ommaviy axborot vositalarida Rossiyada an'anaviy o‘qish shakli boshlanishi to‘g‘risida xabarlar tarqalgandan so‘ng, Rossiyaga qaytish istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik talabalarga turli soxta hujjatlar, shu jumladan, chegarani kesib o‘tishda yordam berish uchun Rossiya oliy o‘quv yurtlari nomidan soxta taklif xatlari tayyorlashga ixtisoslashgan shubhali shaxslarga murojaat qilish holatlari uchramoqda.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda O‘zbekistondan Rossiyaga charter reysiga talabalar ro‘yxati tuzilayotgani haqida ham ma'lumotlar tarqalmoqda. Bu Rossiya hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r-sonli «Rossiya Federatsiyasiga xorijiy fuqarolar va fuqaroligi yo‘q shaxslar kirishini vaqtincha cheklash hamda vizalar va takliflarni rasmiylashtirishni vaqtincha to‘xtatish haqida»gi qarori talablariga zid. 

«Hozirgi vaqtda Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar Rossiya Federatsiyasi hududiga to‘sqinliklarsiz kirish huquqiga ega fuqarolar tasnifiga kirmaydi. Rossiya xalqaro aeroportlariga charter reyslari bilan kelgan O‘zbekiston fuqarolari chegarani kesib o‘tishda va tasdiqlovchi hujjatlar yuzasidan muammolarga duch kelishlari mumkin», - deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, shubhali shaxslarning ta'siriga tushib qolmaslik va aldanib qolmaslik, Rossiya hududiga kirishda rad javobi olmaslik uchun hamda charter reyslari tashkilotchilari va aviatashuvchilar bilan sud jarayonlarining oldini olish maqsadida, oliy o‘quv yurtlari xalqaro bo‘limlari bilan doimiy ravishda aloqada bo‘lib turish va chegaralar ochilgunga qadar masofaviy ta'limni davom ettirish so‘ralgan.

Shu bilan birga, elchixona rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib borish lozimligi aytiladi. Mazkur resurslarda ta'limni davom ettirish uchun Rossiyaga kelish imkoniyati haqidagi axborotlar joylashtirib boriladi.

Mavzuga oid