Jahon | 20:56 / 28.04.2024
13128
11 daqiqa o‘qiladi

Blinkenning Xitoyga tashrifi. Nimalar muhokama qilingan?

Entoni Blinkenning Xitoy rahbariyati bilan uchrashuvi global beqaror geosiyosiy fonda yuz berdi. Uchrashuvlar yopiq tarzda o‘tgan bo‘lsa-da, asosiy muhokama mavzulari haqida mujdalar bor. Xo‘sh, Si Jinping «qizil chiziqlar» deganda nimani nazarda tutdi?

Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi mavzu siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Hikmatilla Kazakbayev bilan tahlil qilindi.

— Blinkenning Xitoyga safari qanday sabablar bilan amalga oshirildi va muhokama mavzular qaysilar bo‘ldi?

Hikmatilla Kazakbayev: — Ikki davlat o‘rtasida ko‘riladigan 4 ta masala bor edi. Birinchisi — San Fransisko sammitida Si Jinping va Bayden o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirish; ikkinchisi — Tayvan atrofidagi masalalar; uchinchisi — Filippin bilan bog‘liq masala, yaqinda Filippin hukumati AQSh yordami bilan Xitoyga tegishli kemani cho‘ktirgandi; to‘rtinchisi — ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar.

Davlatlar o‘rtasida raqobat bor bo‘lsa-da, iqtisodiy aloqalar muhimroq. AQShda YaIM o‘sish darajasi rejadagidek emas, inflatsiya, ishsizlik holati bor, shuning uchun ham iqtisodiy masalalar muhim hisoblanadi. Xitoy tashqi siyosatida iqtisod doimo birinchi o‘rinda turadi. Umuman, asosan shu 4 ta masala bo‘ldi.

— Blinken tashrifi doirasida Ukraina masalasi ham ko‘rilganmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Bor edi. AQSh va Xitoy munosabatlari xalqaro maydondagi eng intrigali masala. Chunki AQSh va Xitoy dunyoning birinchi va ikkinchi qudratli davlatlari. Dunyo geosiyosatidagi bugungi savol bu ikki davlat munosabati 21-asrda qanday bo‘ladi, tirashuv qay ko‘rinishda davom etadi, to‘qnashuvlar yoki masalalarning kelishuv darajasi qanday bo‘ladi, degan savollar turibdi.

O‘tgan yili Si Jinping San-Fransiskoga borgach, munosabatlar sovishi darajasi sekinlashdi, iliqlashuv ham yo‘q. Ekspertlar fikricha, bu ikki davlat o‘rtasidagi raqobat endi to‘xtamaydi. AQSh o‘z global hokimiyatini uzaytirishni istaydi va Xitoyni o‘ziga birinchi asosiy chaqiriq sifatida ko‘radi. AQSh strategik tahlillariga ko‘ra, Rossiya dushman sifatida ko‘riladi, lekin Rossiyaning salohiyati pastroq bo‘lgani uchun u uzoq muddatli katta chaqiriq emas.

Xitoyning siyosati ancha sovuqqon va vazmin. Lekin uning inson resurslari, iqtisodi, harbiy texnologiyalari AQSh, kollektiv G‘arb uchun uzoq muddatli jiddiy chaqiriq sifatida ko‘riladi.

Blinken tarafidan Rossiya masalasi ko‘tarildi. AQSh Rossiyaga tinchlik yo‘lida ham, harbiy maqsadlarda ham ishlatiladigan tovarlar bermasligini istaydi. Blinken ham agar Xitoy yordam bermasa, Rossiya tezroq yengiladi, degan pozitsiyani ochiq aytdi. Xitoy Rossiya bilan salmoqli hamkorlik qilmasligi talab qilinyapti, Xitoy esa Tayvan borasidagi talabini qo‘ymoqda.

AQSh Xitoyning suverenitetini e’tirof etadi, lekin ayni paytda demokratik intilishdagi Tayvanni qo‘llashda davom etadi.

Hikmatilla Kazakbayev: — Ukraina masalasi AQSh va Xitoy o‘rtasidagi muzokaralarda kun tartibidagi mavzu. AQSh Xitoyni Rossiyadagi zavodlarga qurollar ishlab chiqarish uchun vositalar yetkazib berishda ayblayapti.

Blinkendan oldin AQSh moliya vazirining Xitoyga tashrifida ham bu masala ko‘rilgandi. Agar Xitoy yetkazib berishni to‘xtatmasa, Amerika Xitoyning yirik banklariga sanksiyalar qo‘llashi haqida ogohlantirildi.

— Si Jinping «qizil chiziqlar» deganda nimani nazarda tutdi? Janubiy Xitoy dengizidagi raqobat va Tayvan masalasi qanday muhokama qilindi?

Kamoliddin Rabbimov: — Avvalambor, Tayvan masalasi nazarda tutilgan. Xitoy Tayvan masalasida hech bir davlat bilan kelishmaymiz, degan pozitsiyada. Umuman, Xitoy tashqi siyosiy doktrinasida uning hududiy yaxlitligini tan olmagan davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatmaydi. Tayvan mustaqilligini tan olgan davlatlar bilan ham diplomatik aloqalar uzilgan.

Tayvan AQSh, kollektiv G‘arb uchun katta ta’sir qilish vositasi. Xitoy uchun «qizil chiziq» — Tayvan. AQSh kongressi Ukraina, Isroil va Tayvanga salkam 100 mlrd dollar yordam qonunini ma’qulladi. Shundan 8 mlrd dollar Tayvanga ajratilgan. Bu uning harbiy jihatdan mudofaa salohiyatini oshiradi. Bu esa Xitoyga chaqiriq. Shuning uchun Blinkenni kutib olish darajasi past bo‘ldi, ya’ni bu borada kelishuvga bormaymiz, deb signal beryapti Xitoy. Agar to‘qnashuv bo‘lsa, Xitoy AQShdan kuchsiz ayni payt. Ammo Xitoyning maqsadi Tayvanni qo‘shib olish, qanday taktika bo‘lishi, uzoq muddatli yoki urush orqali bo‘lishi kabilar farq qilishi mumkin.

Hikmatilla Kazakbayev: — Janubiy Xitoy dengizida, Tayvanda bu ikki davlat manfaatlari to‘qnashadi. Tayvanni tan oluvchi davlatlar 13 ta, yildan yilga kamayib bordi bu, asosan kichik davlatlar bular. Xitoy Tayvan masalasida hech qanday kelishuvga bormaydi, u Xitoyning bir qismi bo‘lishi kerak, qanday yo‘l bilan bo‘lishi keyingi masala. «Qizil chiziq» deganda Tayvanni qurollantirish masalasi nazarda tutilyapti deb o‘ylayman.

AQSh 90-yillarda F-16 qiruvchilarini yetkazib berishga harakat qilgan, oxirgi yetkazib berish 2022 yilda bo‘ldi va bu davom etadi. Yangicha qurollar ham yetkazyapti, xususan, harbiy kemalarga qarshi.

Bundan tashqari, mintaqada AUKS va QUAD mavjudligi. Filippin bilan oxirgi kelishuv ham bor, AQSh va Filippin munosabatlari ittifoq darajasiga ko‘tarilgan. AQSh Filippinning 5 ta harbiy bazasidan foydalanardi, endi AQShning o‘z harbiy bazalari ham quriladi 2025-2027 yillarda va bundan Xitoy bilan ehtimoliy to‘qnashuvda foydalanishi mumkin. Xitoy tinch yo‘l orqali Tayvan bilan birlashmoqchi, lekin bu tarafdan AQSh Tayvanni qurollantiryapti. Bu masala qizil chiziq sifatida ko‘riladi.

Kamoliddin Rabbimov: — Vetnam masalasini olaylik. O‘tgan yili AQSh prezidenti Vetnamga bordi, uch oy o‘tib Xitoy rahbari ham bordi. Ikki davlat o‘rtasida Xitoy atrofidagi davlatlar bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish, ittifoqchiga aylantirish, ehtimoliy urushda o‘z tarafiga tortish uchun raqobat ketyapti.

— Bu raqobat keskinlashib, quruqlik mintaqalariga ham o‘tishi mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: — O‘tishi mumkin. Ukrainadagi urush, Tinch okeanidagi raqobat fonida Xitoy va g‘arbiy Yevropaning quruqlikdagi transport logistikasiga ehtiyoj ortyapti. Bu Markaziy Osiyo uchun yaxshi imkoniyat. Agar AQSh va Xitoy urushi boshlansa, dengiz yo‘llari yopiladi. Xitoy chegarasi katta, ko‘p davlatlar bilan chegaradosh. Masalan, Hindiston, u Xitoyni o‘ziga muxolif sifatida ko‘radi, chegara muammolari bor, tarixiy muammolar bor. Pokiston esa Xitoyning ittifoqchisi. Mana shunday holat mavjud Xitoy atrofida.

Hikmatilla Kazakbayev: — Xitoyning «Bir makon — bir yo‘l» loyihasiga muqobil loyiha taklif etilyapti. O‘tgan yil Hindistondagi G20 sammitida yangi koridor haqida gapirildi, buni AQSh qo‘lladi ko‘proq. Chunki agar harbiy to‘qnashuv chiqsa, iqtisodiy koridor masalasi qiyin bo‘lib qoladi. Agar Hindiston loyihasi ko‘p davlatlar tomonidan qo‘llansa, Xitoy strategiyasiga qarshi strategiya bo‘lib qoladi. Transport koridorlari juda muhim, urushlar fonida bu bilinyapti. AQSh va Xitoy to‘qnashuvi Xitoy iqtisodiyotiga katta zarar keltiradi, shu nuqtayi nazardan ham raqobat ko‘proq dengizda bo‘ladi, shuning uchun ham Xitoy asosan dengiz kuchlarini rivojlantirishga urg‘u beryapti.

— Yaqin Sharq masalasi ham muhokama qilinganmi?

Hikmatilla Kazakbayev: — Bu masala baribir muhokama qilinadi. Xitoy hukumati arablar va Falastinni qo‘llasa, AQSh Isroilni qo‘llaydi, bu yerda ham manfaatlar to‘qnashadi. Eron omili ham bor, mintaqadagi kuchlarga Eron orqali ta’sir qilish mumkin, Eronga esa Xitoy orqali.

Kamoliddin Rabbimov: — Dunyoda geosiyosiy qutblashuv ketyapti. AQSh Isroilni qo‘llaydi, shartli ravishda Rossiya va Xitoy arab ko‘chasini, Falastinni qo‘llaydi. Rossiya va Xitoy ichki siyosatda qanchalik avtoritar, islom omiliga hadik bilan qaramasin, Yaqin Sharqda Falastin davlati tashkil topishi tarafdori ekanini aytadi. Boshqa tanlov yo‘q bu borada, chunki Isroilni AQSh qo‘llaydi. Umuman, muvozanat shakllantirish murakkab bu yerda.

— Tinch okeanidagi xavfsizlik muammolari bilan bog‘liq MODEP tizimida qanday muhokama qilindi?

Kamoliddin Rabbimov: — AQSh Xitoy dengiz chegaralaridan tashqarida doimiy suzib yuruvchi harbiy texnologik orolchalarni yaratishni oldiga maqsad qilib qo‘yyapti. Agar urush boshlansa, qaysidir davlatdan ruxsat so‘ramasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoyga hujum qiladigan mobil orolchalar yaratish ko‘zlanyapti. Yirik harbiy sanoat kompaniyalari bunday texnologiyalarni sinab ko‘rib, ancha yuqori natijalar olingan.

Hikmatilla Kazakbayev: — Bu orolchalar kichik aerodrom vazifasini ham bajarishi mumkin hujumkor vertolyotlar uchun, zamonaviy raketa tizimlari bo‘ladi. Kichik bir harbiy bazadek bo‘ladi, boshqa mintaqalarga ham borishi mumkin kerak bo‘lganda. Bu loyiha Tinch okeani mintaqasida yuz beradigan to‘qnashuvda juda muhim bo‘ladi. Bu loyiha o‘zi harbiy sanoat kompaniyalari ishi, lobbilari orqali AQSh hukumati sotib olishiga ham erishadi. Bu narsa harbiy sohada yangi bosqichga chiqish ham hisoblanadi. Endi oddiy tanklar, boshqa klassik qurollar bilan urishish mumkinmasligini ham tushunib yetyapti davlatlar.

— Bu narsa bayonotlarda yo‘q, shundaymi?

Hikmatilla Kazakbayev: — Bayonotlarda yo‘q, ko‘proq AQShdagi nashrlarda yoritildi. Umuman, Blinken tashrifi Xitoyda keng yoritilmadi, kutib olish, kuzatish jarayonlari ham yuqori darajada bo‘lmagan, bu bilan Xitoy pozitsiyasini ko‘rsatyapti.

Kamoliddin Rabbimov: — Ikki davlat, ko‘proq Xitoy qurollanishni boshlab yuborgan, chunki harbiy salohiyat tafovuti katta edi. AQShning harbiy budjeti 900 mlrd dollardan oshadi, Xitoyniki 250-300 mlrd atrofida, lekin keyingi vaqtlarda Xitoy suvosti va suvusti kemalari soni bo‘yicha AQShdan o‘tib ketdi, shu bilan birga, kemalar kattaligi, kuchiga ko‘ra AQSh hali ham oldinda.

Hikmatilla Kazakbayev: — Dengiz kuchlarining qudrati aviatashuvchi kemalar soniga qarab belgilanadi odatda va bu bo‘yicha Xitoy ortda.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid