Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rio Olimpiadasida bronza medal olgan dzyudochi Braziliyadagi jinoyat olami bilan tanishdi
Rio Olimpiadasida bronza medali sohibi bo‘lgan belgiyalik dzyudochi Dirk van Tixelt do‘sti bilan Rio-de-Janeyro sohilida g‘alabasini nishonlash uchun kelganida talonchilardan musht yedi. Bu haqda The Straits Times xabar tarqatdi.
Hodisa 9 avgust oqshomida, mashhur Kopakabana plyajida ro‘y bergan. U bir necha kun oldin 73 kilogramm vazn toifasida Rio-2016 olimpiadasida bronza medali olgandi.
Ularga noma'lum shaxs hujum qilgan va dzyudochining telefonini olib qochgan. Van Tinxelt esa talonchini ta'qib etishni boshlaganida yuziga berilgan kuchli zarba tufayli yiqilgan. Uni talonchining sheriklaridan biri urgani aytilmoqda.
Talonchini tutishning imkoni bo‘lmagan. Dzyudochini esa shifoxonaga olib ketishgan. Berilgan zarb tufayli uning yuzi mo‘mataloq bo‘lgan. Shifokorlar bu jarohat uning ko‘zi uchun xavfli emasligini bildirishgan.
Bugun dzyudochi omma oldida ko‘rinish berdi va o‘z medalini ko‘rsatib suratga tushdi.

U ko‘zidagi jarohat turnirdagi bellashuvlardan birida orttirilgani haqida aytgan. Lekin Belgiya Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati bu jarohat uning sohildagi sarguzashti samarasi ekanini ta'kidlagan.
Braziliya nashrlarida esa Van Tixeltni u chaqirgan qizlardan biri jarohatlagani yozildi, politsiya bunday ma'lumotlarni inkor etdi.
Bundan oldinroq Rio-de-Janeyroda mahalliy o‘smirlar yo‘lovchilar va sayyohlarni tunashni odatga aylantirgani tasvirlangan video paydo bo‘lgandi. Tasvirlarda yosh jinoyatchilarning asosiy nishoni o‘tkinchilarning smartfonlari ekani, lekin ba'zida ular yo‘lovchilarning ryukzaklari va sumkalariga ega chiqishga ham urinishini ko‘rish mumkin. Ular ba'zida qattiq qarshilikka duch kelishadi, ba'zida esa "jabrlanuvchilar" osongina o‘z buyumlarini berib yuborishgan. Videorolik 20 mln martadan ortiq ko‘rilgan va uning ostida o‘n minglab g‘azabli so‘zlar bitilgan izohlar qoldirilgan.