O‘zbekiston | 11:16 / 11.08.2021
32172
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini o‘z uyida ishlatdi

Holatni Bosh prokuratura tekshirmoqda. Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari prokurorning hovlisida “o‘z ixtiyori” bilan ishlagan bo‘lsa ham, ularga ajratilgan ish haqi davlat korxonasi hisobidan to‘langaniga, ayni shu vaqtda ular o‘zlarining belgilangan mehnat majburiyatlarini ta'minlamaganiga e'tibor qaratish zarur.

Bir necha kun avval bloger Xurshid Daliyev kanalida e'lon qilingan surishtiruvlarda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori Sardor Rajabboyev Andijon tumanida joylashgan uchastkasida tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini bahordan kuzgacha ishga jalb qilib kelgani ma'lum qilindi.

Foto: Sardor Rajabboyev, Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori

Shuningdek, obodonlashtirish xodimlarining prokuror uyidagi ish jarayonlaridan rasmlar ham e'lon qilingan. Katta ehtimol bilan obodonlashtirish xodimlarining ish haqlari davlat tomonidan to‘langan.

Hashar jarayoni

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning yozishicha, fuqarolar tuman prokurorining harakatlaridan norozi bo‘lib murojaat qilishgan. Andijon viloyat prokuraturasi esa ishchilarning uch nafari tuman prokurorining uyida ixtiyoriy ravishda obodonlashtirish ishlarini olib borishgani, ularni hech kim majburiy mehnatga jalb qilmagani haqida aytgan.

Deputat agar obodonlashtirish xodimlari tuman prokurori uyiga borib ixtiyoriy ishlagan va prokuror xizmat mavqeyidan foydalanib, ularga bosim o‘tkazmagan bo‘lsa, unda nima uchun ular prokurorning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, yuqori turuvchi idoraga murojaat qilishganiga e'tibor qaratgan.

Shuningdek, holat bo‘yicha xolis tekshiruv va surishtiruv olib borishda guvoh va boshqa shaxslarning ko‘rsatmalari olingani, “ishchilar ixtiyoriy ishlagani” haqidagi tushuntirish xatlari bosim yo‘li bilan olinmagani ham so‘roq ostida qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ma'lum qilishicha, ayni vaqtda prokurorning uyida “hashar” qilingani holati yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Mehnat kodeksining 7-moddasiga ko‘ra, majburiy mehnat, ya'ni biror-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.

“Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Mavzuga oid