14:53 / 15.06.2024
6428

Senat aralashuvi bilan bojxonada qolib ketgan liftlar chiqarildi, lekin muammo hal bo‘lmadi

Kun.uz lift import qiluvchi tadbirkorlar mart oyidan beri tovarlarini bojxonadan olib o‘ta olmayotgani haqida yozgandi. Masalaga Senat aralashgach, 36 ta tadbirkorlik sub’yektining 150 ta lift uskunasi bojxonadan o‘tkazilgan, lekin muammo ochiqligicha qolmoqda: sertifikatlari to‘xtatib qo‘yilgan tadbirkorlar yangi shartnomalar tuza olmaydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonga lift importi sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘yilgani muammosiga Oliy Majlis Senati e’tibor qaratdi.

Kun.uz avvalroq xabar berganidek, lift import qiluvchi tadbirkorlar 20 martdan boshlab tovarlarini bojxonada o‘tkaza olmay qolgan, chunki ularga berilgan muvofiqlik sertifikatlari kutilmaganda bekor qilingan. Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi mas’ullari buni liftlarga qo‘yiladigan talablar o‘zgarayotgani bilan izohlagan.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi akkreditatsiyasining amal qilishi to‘xtatilgan va shu sabab muvofiqlikni baholash bo‘yicha faoliyat yuritayotgan va akkreditatsiya qilingan sertifikatlash organi mavjud emas.

Bu – tadbirkorlar murojaatidan keyin Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining o‘rganishlarida ma’lum bo‘lgan.

Import to‘xtatilgunga qadar “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi respublikada sanoat mahsulotini (lift, eskalator, gazballon, isitish qozonlari) sertifikatlashtirish bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan yagona organ hisoblangan. Keyinroq uning akkreditatsiyasi bekor qilingan. Ammo nima sababdan bekor qilinganiga Senatning xabarida oydinlik kiritilmagan.

Aniqlanishicha, bojxona omborlarida 47 ta korxona tomonidan olib kelingan, qiymati 9,5 mln dollar bo‘lgan 332 ta lift va eskalator nazoratda turgan. Shu munosabat bilan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov hukumatga senator so‘rovini yuborgan.

“Vazirlar Mahkamasi tomonidan senator so‘roviga berilgan javobda so‘nggi paytlarda mamlakatimizda liftlar bilan bog‘liq noxush holatlar sodir bo‘layotgani sababli xalqaro, xususan, Yevropa tajribasini o‘rgangan holda liftlar va ularning moslamalari sifati hamda xavfsizligiga taalluqli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, liftlarni tekshiruvdan o‘tkazish qamrovini ta’minlash va sifatli amalga oshirish maqsadida liftlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni xalqaro standartlarga asosan akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini yaratish kabi bir qator muhim topshiriqlar belgilangani ko‘rsatib o‘tilgan”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Ta’kidlanishicha, senator so‘rovidan keyin, O‘zbekiston akkreditatsiya markazi qaroriga asosan “Sanoat xavfsizligi” mahsulotlarni sertifikatlashtirish organi va sinov laboratoriyasi nomlariga rasmiylashtirilgan akkreditatsiya guvohnomalari qayta tiklangan hamda tadbirkorlarga lift, eskalator va travolator uchun belgilangan tartibda muvofiqlik sertifikatlarini berish jarayoni qayta yo‘lga qo‘yilgan.

“Bugungi kungacha 36 ta tadbirkorlik sub’yektining 150 ta lift uskunasi tegishli obektga olib chiqib ketildi”, – deyiladi Senat xabarida.

Senat xabaridan keyin iqtisodchi Otabek Bakirov “sertifikatlash organi mavjud emas” degan vaj bu bahona ekanini aytib, liftlar 3 oydan ortiq bojxona omborlaridan chiqarilmay turilgani, davlat organlari o‘zi bergan sertifikatlarni o‘zi tan olmagani, muammo hali to‘liq hal bo‘lmaganini ta’kidladi.

“Yana yuzlab lift va eskalatorlar omborlarda yotibdi. Hech kim tadbirkorlar ko‘rgan va ko‘rayotgan zararlarni hisoblagani yo‘q. Hech kim jazolangani yo‘q, shu taqiqni joriy qilganlar hammasi o‘z lavozimida, yangi va yangi taqiqlarni tuzish bilan ovora”, – deb yozdi u.

Top