Jamiyat | 17:30 / 29.01.2019
52628
6 daqiqa o‘qiladi

Namunaviy uylar haqida qashqadaryoliklar hikoyasi - Chiroqchi va G‘uzor tumanlari misolida

Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi va G‘uzor tumanlarida 2017 yilda qurilgan namunali uylarda istiqomat qilib kelayotgan fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Tahririyat muxbirlari arznomani joyiga borib o‘rganish maqsadida ushbu viloyatga xizmat safari uyushtirdi.  

Chiroqchi tumanidagi yangi namunali uylar qurilgan ko‘chaga kirib borar ekanmiz, yerga asfalt yotqizilmaganiga guvoh bo‘ldik. Yomg‘ir yog‘ganligi sababli to‘planib qolgan suv va loyni kechib o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. Vaholanki, bu hududda fuqarolar istiqomat qilishni boshlaganiga 2 yildan oshgan.

Biz bilan suhbatlashgan fuqarolar tez-tez o‘chib tursa-da, elektr energiyasi va suv ta'minoti mavjudligini bildirishdi. Ammo fuqarolarning hukumatdan bir iltimosi, gaz muammosini hal qilish masalasidir. Ularga ko‘ra, ko‘chib kelgan yillari boriga shukur qilib, imkoni borlar o‘tin-ko‘mir, imkoni yo‘qlar elektr pechkalar bilan uylarini isitishgan. 2018-2019 yil qish mavsumida elektr energiyasi tez-tez uzilmoqda. Shu boisdan ham, uyning barcha xonalarini elektr yordamida isitish mumkin bo‘lmayapti. Buning oqibatida yosh bolali, qariya va nogironlar istiqomat qiluvchi oilalar bir xonaga qamalib qolishga majbur bo‘lmoqda. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Bizda ikki oyda bir marotaba 20 ming so‘mdan gaz balonimizni to‘ldirib beradi. Lekin u ikki oyga yetmaydi, uni pechkaga ishlatadigan bo‘lsak, uch kunga ham yetmaydi. Biz tejab-tergab faqat ovqat uchun ishlatamiz, shunda ham yetmaydi. So‘ng o‘zimiz erkin narxda 15 litrini 45 ming so‘mga to‘ldiramiz yoki 55 ming so‘mdan gaz balonni almashtiramiz. 20 yil kvartirada yashab, qiynalsak ham ishlab, to‘lovini qilib, yaxshi umidlarda shu uyni olgan edik. Endi gazdan qiynalmaymiz, yangi uyda yashaymiz, deb ko‘chib keldik. Ko‘mir yordamida isiyotgan pechkadan chiqayotgan tutundan hozir bu uylarni yangi demaysiz»,- deydi namunali uylarda istiqomat qiluvchi ayol. 

Namunaviy loyiha asosida qurilgan uy deganda, aksariyat fuqarolar issiq, gazlashtirilgan, har tomonlama «namuna» qilib ko‘rsatsa bo‘ladigan uy tushuniladi, odatda. Ammo, bu umidlar puchga chiqib bo‘ldi, deydi aholi. Endilikda, tuman gaz ta'minoti bu uylarga quvurda gaz berilmasligini aytmoqda.  

O‘sha gaz kelmaydigan uylarning yonginasida esa, metan zapravkasi ishlab turibdi. Sal nariroqda zamonaviy issiqxona kurilgan, u ham gazda ishlaydi. «Kishiga alam qiladigani shuki, uylarimizning yonginasidan quvurlar orqali issiqxonaga zangori olov olib o‘tilgan. Nahotki inson qadri bir issiqxonacha bo‘lmasa?», - deya savol bilan murojaat qilishadi fuqarolar. 

G‘uzor tumanidagi vaziyat bundan ham qiziq. Yangi qurilgan namunali uylarga gaz hisoblagichlar o‘rnatilgan, lekin gazdan darak yo‘q. Namunali uylar qurilgan hududdan 500 metrlar chamasi uzoqroqdan gaz koni topilgan bo‘lib, ushbu uylar yonginasidan gazni qayta ishlash uchun olib o‘tiladi. Namunali uylarga ko‘chib kelish baxtiga muyassar bo‘lganlarning aytishicha, «ularning uylari gaz bilan ta'minlanmagan bo‘lsalar-da, gaz hidi hidlab turamiz», - deyishdi «Buyuk karvon» massivi aholisi. 

Arzon narxlarda yetkazib berilayotgan «Angren ko‘miri» esa juda sifatsiz, foydalanish uchun yaroqsiz chiqmoqda. Yonayotgan olovga ko‘mirni solsangiz, olov ustiga tuproq sochganday uni o‘chirishga xizmat qilmoqda, bunga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Bir qop ko‘mirning yarmidan ortig‘ini tuproq demaslikning iloji yo‘q. Ko‘mir sotish punktida vagonlarda keltirilgan ko‘mirlar simto‘rlar orqali elakdan o‘tkazilib, saralanib sotilishi ma'lum bo‘ldi. 

Tuman markazidan uncha uzoq bo‘lmagan bu yerda ham yo‘llar asfalt qilinmagan. «Qishloqqurilishinvest»ning massivdagi qurilishni nazorat qiluvchi mutaxassisiga (ism-sharifini yozmaslikni iltimos qildi) ko‘ra, asfalt yotqizish uchun 2 yil belgilangan. Birinchi yilda shag‘al yotqiziladi, ikkinchi yili asfalt. Massivgacha keladigan yo‘llarda esa, seryog‘in kunlarda o‘rdak boqsa bo‘ladi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. 

Xullas, «namuna»li uylarda ahvol shunday. Ta'kidlash o‘rinliki, Kun.uz sayti tahririyatiga respublika bo‘ylab qurilayotgan «namuna»li uylarda istiqomat qiluvchi aholidan turli mazmunda shikoyatlar kelib tushmoqda. Ularning aksariyati yo‘l va infratuzilmalar risoladagidek emasligi haqidadir. Shu boisdan ham mazkur soha mutasaddilari yuqoridagi muammolarga e'tibor qaratishlari darkor. 

Kun.uz sayti, o‘z navbatida, «namuna»li uylarning ahvolini o‘rganishda davom etadi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid