Jahon | 22:22 / 24.01.2019
35927
8 daqiqa o‘qiladi

«Bir davlatda ikki prezident»: Venesuelada nimalar bo‘lmoqda?

Foto: Reuters

Venesuelada ommaviy mitinglar bo‘lib o‘tmoqda, mamlakatda hokimiyat o‘zgarishi mumkin.

Venesuelaning amaldagi prezidenti Nikolas Maduro hokimiyatni 2013 yilda partiya bo‘yicha o‘tmishdoshi Ugo Chavesning o‘limidan keyin qo‘lga olgandi. Uning boshqaruvi davrida mamlakatda eng kam ish haqi miqdori 10 dollarga tushdi, mamlakat aholisining 3 million nafardan ortig‘i xorijga ish izlab ketishga majbur bo‘ldi, qolganlar ochlikda yashashga mahkum bo‘ldi. 2019 yil yanvaridagi saylovda Maduro yana g‘alaba qozondi, ammo Venesuela muxolifati va G‘arb davlatlari prezidentlik saylovi natijalarini tan olishdan bosh tortdi.

21 yanvar kuni Venesuela Mudofaa vazirligi poytaxt Karakasda davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y bergani haqida ma'lum qildi. Buning ortidan shaharda mamlakat prezidenti Nikolas Maduro siyosatiga qarshi ko‘p ming kishilik namoyishlar boshlandi va tez orada butun mamlakatda namoyishlarning ulkan to‘lqini hosil bo‘ldi. 23 yanvar kuni AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Qo‘shma shtatlar Maduro rejimini noqonuniy deb bilishi, Venesueladagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Bundan ruhlangan Venesuela muxolifati yetakchisi, Milliy assambleyasi (parlamenti) rahbari, 35 yoshli siyosatchi Xuan Guaydo Karakasda o‘tayotgan miting vaqtida o‘zini muvaqqat prezident deb e'lon qildi.

Xuan Guaydo
Foto: Reuters

U mamlakatda o‘tish hukumati shakllantirishga va haqqoniy saylovlar o‘tkazilishiga, mamlakatdagi giperinflatsiyaga barham berilishiga (Venesuelada yillik inflatsiya 2 mln foizga yetgan) va'da berdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp darhol uni yangi prezident sifatida tan oldi. Trampning Maduroni noqonuniy prezident deb atab, parlamentni — Venesuelada xalq tomonidan qonuniy saylangan yagona qonuniy hokimiyat bo‘g‘in sifatida e'tirof etdi.

Hafta boshidan buyon davom etayotgan namoyishlar vaqtida politsiya bilan to‘qnashuvlar tufayli o‘nlab kishilar halok bo‘ldi va yuzdan ortiq kishi qo‘lga olindi. Bu 2017 yilgi namoyishlardan keyingi eng yirik norozilik aksiyalari bo‘lmoqda. Ikki yil muqaddam iqtisodiy inqiroz keltirib chiqargan ochlikdan keyin bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar vaqtida 120 nafardan ortiq namoyishchi o‘ldirilgandi.

Foto: Reuters

Maduro yangi namoyishlarda AQShni aybladi va rasmiy Vashington bilan diplomatik munosabatlar uzilishini e'lon qilib, amerikalik diplomatlar Venesuelani tark etishi uchun 72 soat vaqt berilishini ma'lum qildi.

Nikolas Maduro
Foto: Reuters

U miting uyushtirganlarni noqonuniy davlat to‘ntarishi ijrochilari deb atab, mamlakat harbiylaridan sadoqat talab qildi.

Kim kim tomonda?

Ayni vaqtda jahon mamlakatlari Venesuela masalasida ikkiga bo‘lingan: Venesueladagi sotsialistik rejimni qo‘llab-quvvatlovchilar va yangi prezidentni tan olganlar.

Ko‘chalarga chiqqan yuz minglab venesuelaliklar va AQShdan tashqari, Shimoliy va Janubiy Amerika mamlakatlarini birlashtiruvchi Amerika davlatlari tashkiloti (ADT), Yevropa Ittifoqi, Yevrokengash, Kanada, Braziliya, Kolumbiya, Ekvador, Peru, Paragvay, Chili, Argentina, Kosta-Rika, Gvatemala, Honduras, Gruziya, Fransiya va Buyuk Britaniya hukumatlari ham Guaydoni Venesuela davlat rahbari sifatida tan oldi.

O‘z navbatida, Rossiya, Xitoy, Kuba, Eron, Boliviya, Urugvay, Meksika, Salvador, Nikaragua, Suriya va Turkiya kabi davlatlar Maduro tarafida. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Maduroga qo‘ng‘iroq qildi va uni «ukasi» deb atadi.

«Birodarim Maduro, hammasi joyida bo‘ladi! Biz siz bilan birgamiz», - degan Erdo‘g‘an.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozircha Venesueladagi voqealar bo‘yicha munosabat bildirmadi. Ammo Rossiyaning bir qator rasmiy shaxslari Maduro hukumatini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib o‘tishdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShni Venesuela ishiga harbiy tomondan aralashmaslik haqida ogohlantirdi.

«Rossiya AQShni Venesuelaning ishlariga harbiy aralashuvdan ogohlantiradi, bu halokatli holatga olib kelishi mumkin», dedi Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari V. Ryabkov.

Rossiyaning Venesueladagi manfaatlari

Rossiya keyingi bir necha yil davomida Venesuelani inqiroz vaqtida qo‘llab kelmoqda. Tomonlarning hamkorlik aloqalari biroz avvalroqqa borib taqaladi - tomonlar avvaldan neft va harbiy sohalarda hamkorlik qilib kelishgan. 

Rossiya uchun Venesuela geografik joylashuvi jihatidan - AQSh yaqinida joylashgani tufayli muhim sherikka aylandi. 2018 yilning dekabrida Venesuelada qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.

Reuters ma'lumotiga ko‘ra, 2006 yilda Rossiya hukumati hamda «Rosneft» Karakasga kamida 17 milliard dollar miqdorida kredit bergandi. 2018 yil dekabrida Maduro Moskvaga kelganida Rossiya Venesuelaning neft sohasiga 6 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritganini ma'lum qilgandi. O‘sha oyda Karakasga harbiy hamkorlik doirasida ikkita Tu-160 strategik bombardimonchi samolyoti uchgandi. Bungacha bu samolyotlar 2008 va 2013 yilda ham Venesuelaga borgan. 2008 yilda esa atom raketalari bilan jihozlangan «Petr Velikiy» kreyseri Venesuelada bo‘lgan.

2001 yili imzolangan kelishuvga ko‘ra, avvallari G‘arb mamlakatlaridan qurol olgan Venesuela endi Rossiya qurol-yarog‘larini xarid qila boshlaydi.

2010 yilda Venesuelada Kalashnikov avtomatlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Moskva bu yerda avtomatlarga o‘q ishlab chiqaradigan zavod ham qurgan.

The Bell ma'lumotiga ko‘ra, Vladimir Putinning 19 yillik boshqaruvi davrida Venesuelaning sobiq prezidenti Ugo Chaves va Nikolas Maduro Moskvaga eng ko‘p marta kelgan xorijiy davlat rahbarlaridir (MDH mamlakatlari bundan mustasno). Putin esa Venesuelaga faqat bir marta, 2010 yilda bosh vazir sifatida borgan. 

2008 yilda Rossiya-Gruziya urushidan keyin Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olgan yagona katta davlat Venesuela bo‘lgandi.

Rossiyalik amaldorlardan biri The Bell muxbiri bilan suhbatda Maduro prezidentlikdan ketadigan bo‘lsa ham «kreditlar uchun majburiyat hech qayerga ketmasligi» haqida gapirgan. Uningcha, Rossiya qarzlarni Venesuelaning yangi hukumatidan talab qiladi. Ammo boshqa manbalar bunga skeptik yondashishmoqda. Rossiya berilgan pullarini qaytarib olishi amrimahol.

«Maduro dekabr oyida Putin bilan uchrashuvi yakunlariga ko‘ra kelishgan besh milliard dollarni hali olmagan. Lekin avvalgi pullar «hamishalikka» berilgan. Agar Maduro joyida qolmasa, bu pullarning qaytishi dargumon», degan manba.

Ayni vaqtda Maduro xavfsizlik kuchlari, armiya, sudlar, xazina va davlat neft kompaniyalarini nazoratida tutib turibdi.

Bu esa Guaydoning bayonoti va hokimiyat uchun da'vosi hozircha faqat ramziy ekanini anglatadi. Muxolifatchining harakatlari Maduroga bosim uyushtirish va uni o‘z xohishi bilan iste'foga ketishga majburlashga qaratilgan. Lekin harbiylar Maduro tomonda ekan, u hokimiyatni topshirmaydi. Ayni vaqtda Guaydo harbiy zobitlarni o‘ziga og‘dirishga urinmoqda, u dezertirlik qilgan harbiylarga amnistiya qo‘llashga va'da bermoqda.

Maduro esa muammolarni tashqi kuchlar aralashuvisiz hal qilishga chaqirdi, uning ham minglab tarafdorlari ko‘chalarga chiqib, miting uyushtirmoqda.

Venesuela Mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes mamlakat armiyasi Maduro tarafida qolishini bildirdi va ro‘y bergan voqealarni davlat to‘ntarishiga urinish deb e'lon qildi.

 

Mavzuga oid