Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Xalfa qo‘shiqlari” ijrochilarining birinchi Respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi
“Xalfachilik: an'ana va zamonaviylik jihatlari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani hamda “Xalfa qo‘shiqlari” ijrochilarining birinchi Respublika ko‘rik-tanlovi 2016 yilning 3 iyun kuni Xorazm viloyati Xiva shahrida Ichan qal'a majmuasida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tanlov tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Mustaqilligimizning 25 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish, 2016 yilning “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktabr “2010–2020 yillarda nomoddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 222-son qarorining ijrosini ta'minlash, xalfachilik san'atini ilmiy o‘rganish va uni rivojlantirish, xalq ijodiyotida qaynar buloq bo‘lgan folklor qo‘shiqchiligining zilol yanglig‘ sarchashmalaridan biri hisoblangan xalfachilik san'atini kelajak avlodga asl ijrochilik an'anasini yo‘qotmagan holda yetkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar respublika ilmiy-metodika markazi tomonidan zarur qo‘llanmalar yaratish, o‘quv seminarlari, anjumanlar va boshqa tadbirlar tashkil etish, Navro‘z bayramlari uchun ham xalfalarning alohida dasturlarini tayyorlash, bu serjilo san'atdan xalqimizni yanada ko‘proq bahramand etishdan iborat.

Ko‘rik-tanlov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar respublika ilmiy-metodika markazi tashabbusi bilan “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Xorazm vilotyai hokimyati hamda Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Ilmiy-amaliy anjuman ishida respublikamizning yetuk olimlari va sohaga doir ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan mutaxassislar ishtirok etadi.
