Rafahga kirayotgan tanklar, Slovakiya bosh vaziriga suiqasd va Tojikistonda dabdabaga taqiq - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y berayotgan muhim voqea va hodisalar sharhi bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil tanklari G‘azo sektoridagi Rafah shahriga bostirib kirishda davom etmoqda. Sektorning shimoliy qismidan bu shaharga ko‘chirilgan falastinliklar yana qochib jon saqlashga majbur bo‘lishmoqda, deb yozadi Reuters.
Isroil tanklari milliondan ortiq majburiy ko‘chirilgan insonlar jon saqlayotgan Rafahning sharqiy qismida yanada ilgarilagan.
Majburan ko‘chirilgan falastinliklar cho‘lli zonalar, jumladan, Isroil tomonidan humanitar zona deb e’lon qilingan sohil bo‘yidagi Al-Mavasi qumliklariga ko‘chishmoqda. Yordam ko‘rsatish agentliklari bu zonalarda sanitariya va boshqa shart-sharoitlar yo‘qligidan ogohlantirmoqda.
Qatar bosh vaziri shayx Muhammad ibn Abdurrohman Ol Soniy Isroilning Rafahdagi operatsiyalari Qatar va Misr vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda erishilgan barcha kelishuvlarni chippakka chiqarishini ta’kidlagan.
Isroil Rafahga hujumni ittifoqchilarining yordamisiz ham davom ettirishini, bu operatsiyadan ko‘zlangan maqsad shaharga o‘rnashib olgan HAMASning to‘rt batalyonini yo‘q qilish uchun zarurligini ta’kidlagan.
Mahalliy aholining aytishicha, 2,3 million aholi zich yashaydigan anklavning shimolida ham, janubida ham Isroil okkupatsion qo‘shinlari va falastinlik jangchilar o‘rtasida so‘nggi oylar ichidagi eng qaqshatkich otishmalar yuz bermoqda.
Slovakiya bosh vaziriga suiqasd
Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan uchrashish uchun yig‘ilib turgan odamlar orasidan 3-4 marta o‘q uzilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putinni qo‘llovchi siyosatchi sifatida dong taratgan Fitso Gandlova shahrida mamlakat hukumati a’zolari yig‘ilishidan chiqib kelayotgan bo‘lgan.
Fitso hukumat yig‘ilishidan keyin mahalliy aholi vakillari bilan ko‘rishgan, ulardan biri esa unga qarata o‘t ochgan. Natijada bosh vazir yerga yiqilgan, uning ko‘krak sohasi, qorin qismi, qo‘l va oyoqlariga jarohat yetkazilgani aytilmoqda.
Keyinroq bosh vazir Robert Fitsoga 71 yoshli yozuvchi erkak o‘q uzgani oydinlashdi. Yuray Tsintula Levitsa shahrida yashaydi va adabiyot klubiga asos solgan. Uning nima uchun siyosatchiga suiqasd qilgani noma’lum. Yozuvchi politsiya tomonidan voqea joyida qo‘lga olingan.
Tsintula 71 yoshda, u Levitsa shahrida yashaydi va adabiyot klubiga asos solgan. 2015 yildan Slovakiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, uchta she’riy to‘plami va ikkita nasriy kitobi nashr etilgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra Robert Fitsoning ahvoli o‘ta og‘ir va u sun’iy komaga tushirilgan. Avvalroq Fitso muvaffaqiyatli operatsiya qilingani, holati barqaror ekani to‘g‘risida xabarlar chiqqan edi. Lekin bu xabarlar tasdiqlanmagan. Slovakiya bosh vazirining qorin sohasidan ko‘p qon ketgan, ichki organlariga zarar yetgan.
Ukrainaga yordam
Amerika Kiyevga yana bir Patriot havo mudofaa tizimini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi Bloomberg nashri o‘z manbasiga tayanib.
Ta’kidlanishicha, bu masala AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatida Rossiya Federatsiyasining shiddatli hujumlariga uchragan Ukraina havo mudofaasini yaxshilash zarurati fonida muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga, ayni paytda Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari tomonidan o‘z zaxiralaridan Kiyevga qo‘shimcha havo mudofaa tizimlarini o‘tkazish imkoniyati tahlil qilinmoqda, deyiladi xabarda.
Kiyevga e’lon qilinmagan tashrif bilan kelgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenga Kiyevda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlariga faqat Xarkivni himoya qilish uchun ikkita Patriot tizimi kerakligini aytgan.
Yangi Patriot tizimi uchun mablag‘lar, Kongress tomonidan yaqinda ma’qullangan 61 milliard dollarlik yordam paketidan ajratilishi ham mumkin, deb yozadi agentlik.
Oq uy Xavfsizlik kengashi va Pentagon bu ma’lumotga xabar e’lon qilingan vaqtda izoh bermagan.
G‘arb va migrantlar
2040 yilga borib Amerikada o‘lim darajasi tug‘ilish darajasidan oshib ketadi va bu qisqarish o‘rni migrantlar oqimi bilan qoplanmasa, mamlakat aholisi kamayishni boshlaydi.
AQShda migrantlarga keng yo‘l ochish muhokama qilingan bo‘lsa, Yevropa qoidalarni qat’iylashtirmoqda.
Yevropa Ittifoqi davlatlari Yevroparlamentning boshpana berish qoidalarini sezilarli darajada kuchaytirish haqidagi qarorini tasdiqladi.
Taxminan o‘n yillik munozaralardan so‘ng, Yevropa Ittifoqi nihoyat migratsiya qonunchiligining keng qamrovli islohotini ma’qulladi. 14 may, seshanba kuni YeI davlatlari Yevroparlament tomonidan qabul qilingan umumiy Yevropa qonunchiligini (Geas) sezilarli darajada qat’iylashtirishni nazarda tutuvchi o‘nta reglament paketini tasdiqlovchi rasmiy qaror qabul qildi.
Yevropa Ittifoqi davlatlari ikki yil ichida milliy qonunchiligini muvofiqlashtirishga majbur bo‘ladi. Islohot nisbatan xavfsiz mamlakatlardan kelgan migrantlar uchun qoidalarni qat’iylashtiradi. U Yevropa Ittifoqiga noqonuniy immigratsiyani cheklashi hamda noqonuniy migratsiyaning asosiy oqimini qabul qiladigan Italiya, Gretsiya va boshqa mamlakatlar yukini yengillashtirishi kerak.
Yevropa boshpana taqdim etish masalalari bo‘yicha agentligi 2023 yilda taxminan 1,1 million arizani qayd etdi, bu 2016 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Germaniyada boshpana izlovchilardan 330 mingga yaqin ariza topshirilgan.
Tojikistonda dabdabaga taqiq
Qo‘shni Tojikistonda hojilarni tantanali kutib olish, hashamatli tadbirlar o‘tkazish taqiqlandi.
Tojikiston parlamenti quyi palatasi — Namoyandalar majlisi «An’ana va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasini muhokama qildi. Tojikiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbari Sulaymon Davlatzoda qonunning yangi tahriri zamon talablariga javob berishini ta’kidladi.
Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Ramazon va Qurbon hayitida bolalar ishtirokidagi an’anaviy «Iydgardak» tadbiri taqiqlanadi. Unda bolalar qarindoshlari va qo‘ni-qo‘shnilarining uylariga borib, ularni tabriklaydi, sovg‘alar oladi.
So‘nggi yillarda ziyoratchilar soni ko‘paygan, ayrim fuqarolar Hajdan keyin ziyoratchilarni kutib olishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymoqda. Endi bunday tadbirlar faqat oila davrasida o‘tkaziladi. Haj yoki umra ziyoratiga borganlarni kutib olishda hovlilar, ko‘chalar, mahallalar va avtomashinalarni bayramona bezash, sovg‘alar tarqatish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, to‘y bilan bog‘liq ikkitadan ortiq marosim o‘tkazilmasligi belgilab qo‘yilgan va to‘y bilan bog‘liq boshqa tadbirlar taqiqlangan.
Fuqarolarga mablag‘larni to‘yxona va restoranlardagi to‘y dasturxoni o‘rniga xayriya ishlariga, masalan, yo‘llarni ta’mirlash, suv quvurlarini yotqizish va ijtimoiy obektlarni qurish uchun sarflash taklif qilingan.
Kelin-kuyovga hamrohlik qilishda ko‘p sonli avtomashinalardan foydalanish ham maqsadga muvofiq emas deb topilgan. Shu bois 4 tadan ortiq mashinadan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
Mavzuga oid
13:34 / 16.11.2024
Falastin xalqini qo‘llagan BMT, Tramp bilan gaplashgan Zelenskiy va Abxaziyadagi namoyishlar - kun dayjesti
13:57 / 15.11.2024
Ta’limsiz qolgan G‘azo bolalari, soqolini olgan Pashinyan va o‘zidan ketayotgan Ilon Mask - kun dayjesti
14:12 / 14.11.2024
Livanga qo‘yilgan talab, sionist elchini tanlagan Tramp va Sevastopolda portlatilgan flot qo‘mondoni - kun dayjesti
14:20 / 13.11.2024