Jahon | 10:04 / 18.10.2020
57334
8 daqiqa o‘qiladi

Uch kuchli odam: Putin, Erdo‘g‘an, Muhammad bin Salmon o‘rtasidagi umumiy va ziddiyatli nuqtalar

Buyuk Britaniyaning Financial Times gazetasi sharhlovchilaridan biri Gideon Raxman Vladimir Putin, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Muhammad bin Salmon o‘rtasidagi umumiy jihatlar va to‘qnashuvlar haqida yozdi.

Putin, Muhammad bin Salmon va Erdo‘g‘an / Foto: Getty Images

Muallif Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon o‘rtasida «ko‘plab umumiy nuqtalar borligini» ta'kidlaydi.

«Rus, turk, saud rahbarlarining har uchalasi ham – mintaqaviy ambitsiyalarga ega, hokimiyatni markazlashtirgan va ichki muxolifatga qarshi shafqatsiz avtokratlardir. Ularning uchalasi ham tavakkal qilishni yaxshi ko‘radi va harbiy kuchni qo‘llash tarafdori», – deydi u.

Quyida Gideon Raxmanning «Uch kuchli odam va ularning Yaqin Sharq uchun kurashi» deb nomlangan so‘nggi maqolasidan ba'zi parchalar keltiriladi.

«Bir kun do‘st, bir kun dushman»

Ayni paytda bu uch inson shaxsiy munosabatlarga asoslangan diplomatiyaga ishonadi. Xuddi mafiya otalari singari ular bir kun «eng yaxshi do‘st» bo‘lib, ertasi kun esa dushmanga aylanishlari mumkin. Bu juda muhim, chunki ularning manfaat to‘qnashuvi Yaqin Sharqdan tortib to Shimoliy Afrika va Kavkazgacha bo‘lgan hududdagi keng miqyosli nizolarni keltirib chiqarmoqda. Agar ularning dushmanligi nazoratdan chiqib ketsa, buning azobini faqat tinch aholi chekadi.

Ayniqsa, Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi munosabatlar juda g‘alati. Ular Suriya va Liviya, endi esa Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarda tomonlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular bir paytlar to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyatga kirishgandi ham. 2015 yil Turkiya Rossiya samolyotlarini Suriya osmonida urib tushirgandi. Shu yilning boshida esa Moskva qo‘llab-quvvatlagan Suriya kuchlari Suriyadagi turk qo‘shinlarini bombardimon qildi.

Rossiya va Turkiya rahbarlari ikki o‘rtadagi do‘stlikni hanuz ehtiyotkorlik bilan saqlab kelishmoqda. Turkiya NATO ittifoqini pisand ham qilmagan holda Rossiyaning  S-400 havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotib olishga qaror qildi. Putin 2016 yilgi to‘ntarishga urinish natijasida taxtdan ag‘darilish xavfi ostida qolgan Erdo‘g‘anga darhol o‘z qo‘llab-quvvatlovini bildirdi. AQSh esa jim edi.

Ikki liderning ichki sezim orqali bir-birini tushunishi ham to‘qnashuv sabablari bilan bevosita bog‘liq. Ularning ikkisi ham AQShga qarshi avtokratlardir va ular Yaqin Sharqdagi AQSh bo‘shatgan doirada o‘z ta'sirini kengaytirishga intilmoqda. Putin va Erdo‘g‘an qo‘shni mintaqalardagi umumiy maydonlarda harakat qilishmoqda.

Uchinchi asosiy o‘yinchi esa ko‘proq Vashingtonga parallel bo‘lgan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmondir.

«Ular kuch ishlatishga moyil»

Mamlakat ichkarisida va tashqarisida kuch ishlatilishga bo‘lgan moyillik ham bu uch shaxsning o‘xshash jihatlaridandir. Putin 2014 yilda Qrimni ishg‘ol qildi. 2015 yilda Suriya masalasiga aralashdi. Mamlakatdagi eng xavfli raqibi Aleksey Navalniyni zaharlashga urinishday bir qator operatsiyalarga qo‘l urdi.

Shahzoda Muhammad esa Yamanda urush boshladi, Qatarga embargo kiritdi va jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishida garchi shaxsiy aloqadorligi borligini rad etgan bo‘lsa-da, Saudiya Arabistoni rahbariyati nomidan javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Erdo‘g‘an ham Suriya va Liviyaga qo‘shin jo‘natdi va O‘rta yer dengizida Gretsiya bilan yana bir harbiy to‘qnashuv ishtirokchisiga aylandi. Shuningdek, u Armanistonga qarshi kurashda Ozarboyjonga harbiy yordam berdi. Mamlakat ichkarisida esa o‘z muxoliflarini, jurnalistlar va huquq himoyachilarini hibsga oldi.

«G‘olibi bo‘lmagan kurash»

Uch liderning kurashi – g‘olibi bo‘lmagan kurashdir. Liviyada Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumat Rossiya va Saudiya dastak berayotgan isyonchilar bilan kurashmoqda. Turkiyaning Qatar va musulmon birodarlarni qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, Eronga yaqinligi Saudiya Arabistonini g‘azablantirmoqda.

Saudiya–Rossiya munosabatlari esa yanada murakkab. Putin Qoshiqchi o‘ldirilgandan keyin 2018 yil G20 sammitidagi salomi bilan shahzoda Muhammadning obro‘si tiklanishiga yordam berdi. Ammo Rossiya va Saudiya rahbarlari joriy yil boshida neft narxlari tufayli ancha «san-man»ga borishdi.

Umuman olganda, bu uch lider o‘rtadagi nizolarni boshqarishni uddalayapti. Garchi Rossiya va Turkiya Suriyadagi fuqarolar urushida qarama-qarshi tomonlarda bo‘lsa-da, eng dolzarb va ustuvor yo‘nalishlarda tez «til topishmoqda». Erdo‘g‘an uchun kurd ma'muriyati barpo etilishini to‘xtatish ustuvor ahamiyatga ega. Rossiya uchun esa Suriya prezidenti Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishining oldini olish muhim.

Ammo bu nozik muvozanat osonlikcha buzilishi mumkin. Ikki haftalik mojarodan so‘ng ruslar Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojarosida otashkes e'lon etilishida vositachilik qildi. Ammo bu tinchlik juda beqaror va allaqachon yangi to‘qnashuvlar haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Turkiya Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlamoqda. Rossiyaning esa Armaniston bilan o‘zaro himoya to‘g‘risidagi kelishuvi mavjud. Tabiiyki, Moskva sobiq sovet hududida Turkiyaning uzoq muddatli ta'siriga toqat qilib tura olmaydi.

Uch rahbar ayni paytda tashqi va mamlakat ichkarisidagi kuchlar masalasida ham juda zaif muvozanatga ega. Putin Qrimga bostirib kirganida ruslarda «Televizor va muzlatkichdan birini tanlashi kerak» degan hazillar paydo bo‘lgandi. Muzlatkich bo‘sh, ammo televizor harbiy g‘alaba haqidagi yangiliklar bilan to‘la edi. Qrim g‘alabasidan so‘ng Putinning mashhurlik darajasi ko‘tarildi, ammo iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga keldi.

Erdo‘g‘an ham shunga o‘xshash vaziyat bilan duch kelmoqda. Iqtisodiy zaiflik kuzatilayotgan bir paytda Turkiya tomonidan olib borilayotgan harbiy harakatlar Erdo‘g‘anning imijiga salbiy ta'sir o‘tkazmoqda. Zotan, ishlar o‘z yo‘lida ketmayotgan bir vaziyatda mamlakat tashqarisidagi kurashga iqtisodiy chiqim sifatida qaralishi mumkin.

Shahzoda Muhammad ham xuddi shunday ahvolda. Yamanda urush boshlash to‘g‘risidagi qaror Saudiya Arabistoni yoshlarining e'tiborini tortdi, ammo muvaffaqiyat darhol qo‘lga kiritilmadi. Saudiya iqtisodiyoti arzon neft narxlaridan aziyat chekmoqda.

Iqtisodiy vaziyat og‘irlashgani sari bu uch lider mamlakat tashqarisida yanada ko‘proq kuch namoyish etishga ehtiyoj tuymoqda. Shu bilan birga, ular o‘rtasidagi ziddiyat xavfi ham tobora ortib bormoqda.

Mavzuga oid