O‘zbekiston | 06:41 / 13.08.2023
52909
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda aeroport yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning 5 ta to‘sini qulab tushdi

Toshkentda aeroport yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini bir vaqtning o‘zida qulab tushdi. Bunga ehtiyotsizlik sabab bo‘lgani ma’lum qilindi. Guvohlar beton konstruksiyalar qulashi oqibatida kuchli shovqin eshitilganini aytishgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti yaqinida ehtiyotsizlik oqibatida yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini qulab tushdi. Guvohlar beton konstruksiyalar qulashi oqibatida kuchli shovqin eshitilganini aytishgan. «O‘zbekiston temir yo‘llari» holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, holat 12 avgust kuni Toshkent shahar hokimiyati «Yagona buyurtmachi xizmati» IK buyurtmachiligida «Ko‘prikqurilish» tresti UK tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi va Sodiq Tolipov ko‘chasiga chiqish va tushishga imkon beruvchi yo‘l o‘tkazgichni zamonaviy qurilish standartlari asosida qayta qurish obektida sodir bo‘lgan.

Temir-beton oraliq qurilmalarini (balka) kran yordamida montaj qilish jarayonida ehtiyotsizlik oqibatida bir-biriga urilib, 5 dona balka montaj joyidan tushib ketgan.

Balkalar asosiy yo‘l emas, balki vagon deposiga tegishli shoxobcha yo‘liga tushgan bo‘lib, bu holat poyezdlar qatnoviga ta’sir qilmagan.

Voqea oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Tafsilotlar o‘rganilayotgani, tekshirishlar natijasida batafsil ma’lumot berilishi aytilgan.

Mavzuga oid