Toza havo, maroqli dam va adrenalin istovchilar uchun yangi manzil – Zominning yangi turistik zonasidan reportaj
Ochiq tabiat qo‘ynida ekstremal ko‘prik, salkam 2,5 kilometrlik dor yo‘li, 3 yulduzli mehmonxona va sog‘lomlashtirish markazi. Sayyohlar uchun turistik manzillar soni yana bittaga ko‘paydi. Jizzaxning Zominidagi 950 gektarlik hududda yangi dam olish zonasi odamlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Kun.uzʼning navbatdagi reportajida shu haqda batafsil bilib olishingiz mumkin.
Jizzax viloyatining Zomin tumanida joylashgan bu hududning barpo qilinishi 2021 yildan boshlangan. Qurilish bosh rejasi Avstriya kompaniyasi bilan birga ishlab chiqilgan. Hozirga kelib 600 o‘rinli 3 yulduzli mehmonxona, sog‘lomlashtirish markazi, osma dor yo‘li hamda osma ko‘prik odamlar uchun xizmat ko‘rsatyapti.
Sayyohlik zonasi uzunligi 2 ming 200 metr bo‘lgan osma dor yo‘li bilan boshlanadi. Avtomobilda keluvchilar uchun kanatga chiqish hududida 400 o‘rinli avtoturargoh qurilgan. Shveytsariya texnologiyasi asosida qurilgan bu dor yo‘lida jami 36 ta 8 o‘rinli kabinalar bor.
“Osma dor yo‘li tog‘ning boshidan, ya’ni “Suffa 2400” deyiladi, shunga olib chiqadi. Dor orqali tepaga ko‘tarilgandan keyin sog‘lomlashtirish maskani va 3 ta mehmonxona bor. Qolaversa, yana 2 ta restoran, Shaliya tipidagi 29 ta kottejlarimiz qurilmoqda”, – deydi “Zomin turistik rekreatsion zonasi direksiyasi” DUK bosh mutaxassisi Kamol Farmonov.
Osma dor yo‘li va bir qancha obektlardan keyingi eng ekstremal nuqta bu osma ko‘prik hisoblanadi. Markaziy Osiyoda yagona sanalgan bu ko‘prikning uzunligi 305 metr, balandligi 150 metr. Ko‘prik ham dor singari shveysarcha texnologiya asosida qurilgan, u bir vaqtning o‘zida 600 nafar odamni ko‘tara oladi.
12 yoshgacha bo‘lgan bolalar va 55 yoshdan yuqori qariyalar uchun osma ko‘prik bepul, qolganlar 50 ming so‘mdan to‘lov qilishi kerak bo‘ladi.
“Endi bu ko‘prigimiz 160 o‘rinli restoran hamda 40 o‘rinli kafe va yosh oilalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zamonaviy baxt uyi binolarini ham o‘z ichiga qamrab olgan”, – deydi “Zomin turistik rekreatsion zonasi direksiyasi” DUK direktor o‘rinbosari Abdug‘ani Avazov
Aytish kerak, hududda yaratilgan sharoitlar yomon emas. Buni uning gavjumligi va shunda ham xorijlik sayyohlarning ko‘proq kelayotgani bilan baholash mumkin. Ayni vaqt Toshkentning buzilgan ekologiyasidan charchaganlar uchun ham Jizzaxning Zominiga borish ayni muddao.
Turistik zona qurilishi hali yakuniga yetgani yo‘q. Keyinchalik yana ko‘p o‘rinli restoran, kottejlarning foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
13:59 / 03.10.2024
Piskentda ko‘prik qulashi: Yuk mashinasi 98 tonna ortiqcha yuk bilan harakatlangan
22:42 / 02.10.2024
Toshkent viloyatida ko‘prik qulab tushdi
11:58 / 27.09.2024
Andijonda sel oqizgan ko‘prik 21 oktyabrga qadar qurib bitiriladi - Bekzod Hidoyatov
19:44 / 26.09.2024