Ijodkor ona hikoyasi
“Ijodni jamiyatga foyda keltirish vositasi sifatida ko‘rdim”
Jilbayeva-Smorjyevskaya Aleksandra, Fairy Fox brendi asoschisi
Men rossiyalikman, ammo hayotimning asosiy qismi O‘zbekistonda o‘tgan, shu bois bu yurt men uchun ikkinchi vatan. Ikki farzandning onasiman: katta qizim ikkinchi sinfga o‘tdi, kichigi esa yaqinda 9 oylik bo‘ldi. Hozir men qisman dekret ta’tilidaman, lekin shunga qaramay, sevimli sportim – alpinizmga qaytdim, menda 2-razryad bor. Shuningdek, Fairy Fox loyiham ustida ijodiy ish olib boraman: mato bo‘yash, kiyimlarni kastom qilish, xolstga akrilda rasm chizish va ijodiy master-klasslar o‘tkazaman.
6 yoshimdan beri rasm chizaman va har doim ijod orqali daromad qilishni istaganman. Oliy ta’limni tanlayotganda yaqinlarim “rassomlar cherdakda qashshoqlikda o‘ladi” deyishgandi va men boshqa yo‘nalish tanladim. Shunday qilib, “rassom” deb atalish va ijodni sotish orzusi faqat birinchi farzandimga homilador bo‘lganimdan keyin qayta jonlandi. Ilgari men ko‘proq do‘stlar va yaqinlar uchun sovg‘alar tayyorlardim. 21 yoshimda, dekretga chiqqanimda, ijodni jamiyatga foyda keltirish vositasi sifatida ko‘rib, dugonamning maslahati bilan ishlarimni sotib ko‘rishga qaror qildim. Facebook’ka rasmlarimni joyladim – buyurtmalar juda ko‘p bo‘ldi. Shunda bolalik hobbimni jiddiy ishga aylantirish istagi paydo bo‘ldi.
Talabalik paytimda allaqachon turmush qurib, farzand kutayotgandim va ishlashni istardim. Menga bolaligimdan har qanday vaziyatda o‘zimga tayanish o‘rgatilgan. Talaba va bolali ayolni ishga olishga hamma ham tayyor emas, masofaviy ish esa hali keng tarqalmagan edi. Shuning uchun kiyim va mato bo‘yash buyurtmalari ortishi fonida o‘z brendimni yaratishga qaror qildim. Menga bu jasoratni katta qizim baxsh etdi, shuning uchun brendni unga bag‘ishladim, Fairy Fox – “Sehrli tulki” degani. Alisa – qizimning ismi, “lisyonok” (tulkicha) so‘ziga mos. Mening tulkicham esa sehrli, chunki ertaklarni yaxshi ko‘raman. Bu menga mo‘jizalar, jasorat va ijodga muhabbat haqida kichik eslatma. Bu nomda hech qanday alohidalik yo‘qdek tuyilishi mumkin, lekin u men uchun juda qadrli.
 “Har bir mihozga individual yondashaman”
Men akril, batik (matoni maxsus usulda bo‘yab naqshlar tushirish) va akvarelni yaxshi ko‘raman, lekin eng ko‘p akril bo‘yoqlari bilan mato va terida ishlashni yoqtiraman. Mavsumga qarab buyurtma turlari o‘zgaradi. Hozirgi paytda futbolka, kurtka, ryukzak, hamyon ko‘proq buyurtma qilinadi. Kuz-qishda esa – svitshot, xudi, trench, jinsi kiyimlarga rasm chizdirish ko‘p bo‘ladi.
Ko‘plab doimiy mijozlar bor – ular mening didimga ishonishadi
Masalan, “bulutlarda uchayotgan samolyot chizing” deyishadi – men referenslar taqdim etaman, ularni deyarli o‘zgartirmay tasdiqlashadi. Ayrimlar Instagramdagi eskizimni ko‘rib, shuni qayta qilishni so‘rashadi. Boshqalar esa o‘z g‘oyasi va eskizi bilan kelishadi – uni qayta ishlaymiz. Kam hollarda men eskizni noldan chizaman. Oxirgi vaqtda ko‘pchilik fotosurat orqali buyurtma beradi. Bu yerda ish to‘liq ijodiy va murakkab – suratni san’at asariga aylantirish kerak, matoda esa xatoga yo‘l qo‘yish mumkin emas.

Men har bir mijozga individual yondashaman va rasmni 100 foiz qayta takrorlamayman. Ayrim mijozlar o‘zlari uchun buyurtma qilgan rasmlarini boshqalarga qo‘llamasligimni so‘rashadi – men bu talabga doimo rioya qilaman. Hozirgi kunda ko‘pchilik buyumni o‘zi olib keladi – bu ham menga maqbul, chunki inson o‘ziga mos kiyimni tanlaydi. Kam hollarda men sotib olaman – ular asosan xorijga jo‘natiladigan buyurtmalar bo‘ladi. Ular odatda oddiy futbolka yoki oversayz svitshotlar bo‘ladi. Ishimni tugatishga buyurtmaning murakkabligi va detallariga qarab 3 dan 7 kungacha vaqt kerak bo‘ladi. Eng qiyin bosqich – dizaynni tanlash va mijozni tushunish. Men ishda ishonchga tayanaman, shuning uchun mijozga mening uslubim yoqishini tushunish juda muhim. Aks holda jarayon “yurmay qolishi” mumkin.
Daromadim bor, lekin hozircha kichik. Topganimning 30 foizini materiallarga sarflayman. Lekin men brendimni korporativ buyurtmalargacha olib chiqishni istayman. Eng muhimi – har bir buyurtmaga mehr bilan yondashishni saqlab qolish.
Menimcha, har bir rassom boshqasidan deyarli hamma jihatga ko‘ra farq qiladi. Men har bir ishimga qalbimning bir bo‘lagini qo‘shaman. Rasmlarimda tuyg‘u, kayfiyat bor. Avval qaraganda bilinmasligi mumkin, lekin sinchiklab qaralsa – seziladi. Men o‘zimga ma’qul bo‘lmagan – haqoratli, siyosiy mavzularni olmayman. Eng katta farqim shundaki – men rang va uyg‘unlikni yaxshi ko‘raman.
Eng esda qolgani – qurilish kaskalariga rasm chizish bo‘lgan! Yangi yil sovg‘asi sifatida shaxta texnikasi ishlab chiqaruvchi kompaniya buyurtma qilgandi. (Men faqat kiyim emas, shisha, farfor, yog‘och, plastik, xolst va keramik o‘yinchoqlar ustida ham ishlayman). Juda qisqa vaqtda 26 ta kaskani texnikalar tasviri bilan bezatish kerak edi. Ularga “qo‘lda ishlangan” format juda muhim edi.
1000 dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatdim. Katta brendlar uchun bu oz, lekin men bundan faxrlanaman. Men chizgan buyum va rasmlar nafaqat O‘zbekiston bo‘ylab, balki xorijga ham jo‘natilgan.
Bolaga qarash, katta qizimga e’tibor, ish va mashg‘ulotlarni uyg‘unlashtirish juda qiyin. Ba’zan bari izdan chiqadi.
Qisman dekretdaman. Dekretdagi uchinchi oydan alpinizmga, ikkinchi oydan ijodga qaytdim. Turmush o‘rtog‘im ko‘p yordam beradi – u hamma narsani men bilan birga bo‘lishadi. Yaqinlar ham yordam berishadi. Usiz bularning bari amrimahol bo‘lardi.Doim tunda ishlashga to‘g‘ri keladi, bu talabalikdan beri odat bo‘lgan. Hozir esa – bola bilan kunduz kuni vaqt qolmaydi. Eng katta yordamchi – erim. Uning ota-onasi va ba’zan dugonalarim ham yordam beradi. Erimning o‘zi ham rassom – so‘nggi ikki yilda ko‘p buyurtmalarni birga amalga oshiryapmiz.
“15 yoshimdan beri alpinistlik bilan shug‘ullanaman”
Ilk marta, 15 yoshimda tog‘ga chiqqanimda men o‘sha muhitni sevdim. Haftalik yurishlar, tana va ruhni sinash, tabiatga yaqinlashish – hayotimning ajralmas qismiga aylandi. Alpinizm men uchun hobbi emas – hayot tarzi.
Ijod va alpinizmni 3 narsa birlashtiradi: jarayondan bahra olish. Bu bo‘lmasa, ikkalasi ham azobga aylanadi. Sabr va mehnat: har qancha sekin ketayotgan bo‘lsa ham – to‘xtamaslik. Yakundagi zavq: tog‘ cho‘qqisida turgan paytda ham, mukammal yakunlangan ishni ko‘rganda ham ilhom olaman. Everestni zabt etishni orzu qilaman. U yerga chiqsam, butun hayotimdagi eng katta orzuni amalga oshiraman.
“Yangi maqsadlar va ayollarga maslahat”
Men o‘z qo‘lim bilan bezatilgan ipak ro‘mol va sharflar, jinsi kurtkalar hamda matodan tikilgan sport tuflilar (kedlar) kolleksiyasini yaratishni juda xohlayman.
Yangi yil munosabati bilan esa, o‘zimning keramika archa bezaklarim to‘plamini bo‘yashni rejalashtiryapman. Yaqinda matoga ishlatiladigan, baxmal (zamsh) effekt beruvchi maxsus bo‘yoqlar bilan ishlashni boshladim. Bunday bo‘yoqlar bilan chizilgan rasmlar matoda baxmal kashtaga o‘xshash ko‘rinish hosil qiladi. Men bu uslubni “akril kashta” deb atayman.
Aynan shu texnikada - ya’ni akril kashta uslubida - minimalist chizmalar tushirilgan klassik futbolkalar kolleksiyasini yaratmoqchiman.

Men kabi dekretda o‘tirib o‘z ishini boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga eng muhimi - o‘zingizga ishoning va yurakdan kelgan ichki ovozga quloq soling degan bo‘lardim. Har bir insonning o‘ziga xos talanti bor. Muhimi - o‘sha iqtidorni ochish va unga imkon berish.
Bolalar, ayniqsa ilk oylarida, albatta, ko‘p kuchni oladi. Ammo ular bizga ertangi kunga ishonch, o‘z ustimizda ishlash istagi va yangiliklar sari harakat qilish uchun ilhom beradi. Bu juda qadrli holat. Dekret - bu sekinlashish, o‘zingni eshitish, kuchli tomonlaringni anglab, rivojlantirish uchun katta imkoniyat va eng yoqimlisi - o‘zingga o‘zing rahbar bo‘lish. Bu oson emas, albatta, lekin sevimli ish insonni doim ilhomlantiradi.
Madina Ochilova