Jahon | 16:59 / 22.10.2025
12119
7 daqiqa o‘qiladi

Putindan Trampgacha. Davlat rahbari bo‘lish qanchalik daromadli ish?

AQSh prezidenti Donald Tramp yiliga 400 ming dollar maosh oladi. Bu Apple kompaniyasi bosh direktori Tim Kukning maoshidan 186 barobarga kam. Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning oyligi va pensiyasini qo‘shgandagi daromadi 411 ming 800 lira. Eng ko‘p maosh oladigan davlat rahbarlari reytingida birinchi o‘rinni Singapur bosh vaziri Lourens Vong egallaydi. Uning yillik daromadi 1,69 mln dollar. 

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Prezidentlar nimadan tirikchilik qiladi, deb o‘ylaydiganlar oramizda topilsa kerak. Ular ham el qatori maosh oladi. Davlat rahbarlarining daromadi qonun yoki maxsus qarorlar bilan belgilanadi va mamlakatga qarab farqlanadi. Maoshdan tashqari, prezidentlar ko‘pincha davlat tomonidan moliyalashtiriladigan imtiyozlarga ham ega bo‘ladi. Xususan, yashash joyi, transport, xavfsizlik va tibbiy xizmatlardan ham tekin foydalanishadi. Kun.uz ochiq manbalar asosida bir qator mamlakat rahbarlarining daromadi haqidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tadi.  

Tramp qancha maosh oladi?

AQSh prezidenti Donald Tramp yiliga 400 ming dollar ishlab topadi, bu amaldagi prezidentlar uchun odatiy ko‘rsatkich. Umumiy maoshga 50 ming dollarlik «xarajat nafaqasi», 100 ming dollarlik sayohat va 19 ming dollarlik dam olish xarajatlari kirmaydi. Prezidentlarning maoshi AQSh tarixida bor-yo‘g‘i besh marta oshirilgan. Eng so‘nggisi Bill Klinton davrida sodir bo‘lgan va Jorj Bush davridan amaliyotga tatbiq qilingan. O‘sha vaqtdan beri Amerika prezidentlari standart – yillik 400 ming dollardan maosh olishadi va ularning oyliklari inflatsiyaga indeksatsiya qilinmaydi. Taqqoslash uchun, Apple kompaniyasi bosh direktori Tim Kukning 2024 yildagi maoshi Trampnikidan 186 barobarga ko‘proq – 74,6 mln dollar. 

Kanada bosh vaziri Mark Karnining yillik daromadi qariyb 289 ming dollarni tashkil etadi. Bu summa parlament a’zosi maqomidagi asosiy maosh (144,3 ming dollar) va Bosh vazir uchun qo‘shimcha to‘lovni (144,3 ming dollar) o‘z ichiga oladi. Karni uchun «24 Sussex» va «Harrington Lake» kabi rezidensiyalar ajratilgan, uning safar va xavfsizlik xarajatlari Kanada budjet hisobidan moliyalashtiriladi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning yillik maoshi 228 ming dollar bo‘lsa, Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaniz Amerika prezidentidan ham ko‘proq daromad oladi – yiliga 412 ming dollar.

Shuningdek, Braziliya yetrakchisi Lula da Silva 73 ming dollar, Argentina prezidenti Xaver Miley esa 33 ming dollar atrofida yillik daromadga ega bo‘ladi.

Putinning rasmiy daromadi qancha?

Germaniya kansleri Fridrix Mersning daromadi 348 ming yevroni tashkil etadi. Bu mamlakatdagi o‘rtacha maoshdan 6,7 barobarga ko‘p. Taqqoslash uchun, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning yillik daromadi ham Mersnikidan sezilarli darajada kam – 193 ming yevro. Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchez umumiy hisobda 104 ming yevro, Italiya bosh vazirlari esa yiliga 100 ming yevroga yaqin maosh olishadi. Ammo umumiy daromad bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Masalan, amaldagi Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni soliq deklaratsiyasida 2024 yildagi umumiy daromadi 459 ming yevroni tashkil etganini qayd etgan. Bunda uning deputatlar palatasi a’zosi sifatidagi oyligi, shuningdek, turli qo‘shimcha to‘lovlar, kompensatsiyalar va boshqa manbalardan tushgan daromadlari hisobga olingan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning oyligi va pensiyasini qo‘shgandagi daromadi 411 800 lira bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bu taxminan 9800 dollar atrofida bo‘ladi va yiliga 117 ming dollarga yetadi. Bunga qo‘shimcha tarzda, prezident uchun davlat sarflariga 2,9 million lira budjet ajratilishi belgilangan. Erdo‘g‘an rasman Istanbuldagi Dolmabaxche saroyi va Anqaradagi hashamatli qasrdan foydalanadi, shuningdek temiryo‘l, havo va avtomobil xavfsizligiga doir imtiyozlarga ega.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning rasmiy maoshi bo‘yicha aniq ma’lumotlar yo‘q. Forbes’ning yozishicha, Putin yiliga 113 ming dollar maosh oladi. 2024 yilda Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etgan deklaratsiyasiga ko‘ra, Rossiya yetakchisi olti yil davomida, xususan, 2017–2022 yillarda 67,6 million rubl ishlab topganini qayd etgan. Ushbu miqdorga ish haqi, pensiyalar, shuningdek, bank depozitlari, qimmatli qog‘ozlar va mulkni sotishdan tushgan daromadlar kiradi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning yillik maoshi 180 ming manatga yoki 105 ming dollarga teng. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning rasmiy oylik maoshi esa atigi 666 dollarni tashkil etadi. Chunki rasmiy Kiyev Rossiya bilan urush fonida moliyaviy qiyinchiliklar girdobida qolgan.

Markaziy Osiyo prezidentlari

Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlarining qancha oylik olishi haqida rasmiy va aniq ma’lumotlarni topish mushkul, ammo taxminiy ko‘rsatkichlar mavjud.

Masalan, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida davlat rahbariga haq to‘lash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilangan. O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning 22 ta razryadi bor. Har bir razryadning oklad ish haqi turlicha bo‘ladi. Bunda eng yuqori miqdor ayni paytda 4 mln 571 ming so‘m. Ushbu summaga asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari uchun oylik ustamalar, martaba darajalari uchun to‘lovlar hamda mukofot va bonuslar qo‘shiladi. 

24.kg nashrining yozishicha, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovda yillik maoshi 31,5 ming dollar, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonniki 50 ming dollar atrofida bo‘lishi mumkin. Qozoq nashrlariga ko‘ra, mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning yillik daromadi 10,4 million tengega teng. Bu dollar ekvivalentida 19,4 ming bo‘ladi.

Turkmaniston prezidentining rasmiy daromadlari bo‘yicha ochiq manbalardan hech qanday ma’lumot topishning imkoni yo‘q.

Eng ko‘p maosh oladigan davlat rahbarlari reytingida birinchi o‘rinda Singapur bosh vaziri Lourens Vong qayd etilgan. Uning yillik daromadi 1,69 million dollar. Xitoy raisi Si Jinpingning yillik daromadi 22 ming dollar, Hindiston bosh vaziri Narendra Modida bu ko‘rsatkich 24 ming dollarni tashkil etadi.

Doston Ahrorov tayyorladi

Mavzuga oid