Jamiyat | 20:00 / 17.07.2025
3080
3 daqiqa o‘qiladi

Uzcard va “Elkart” O‘zbekiston va Qirg‘izistonni transchegaraviy pul o‘tkazmalari xizmati bilan bog‘ladi

O‘zbekistonning Uzcard va Qirg‘izistonning “Elkart” to‘lov tizimlari o‘z kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi. Xizmatdan hozircha ikki davlatdagi bittadan ilovada foydalanish mumkin.

Foto: Uzcard

O‘zbekistonning Uzcard (“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ) va Qirg‘izistonning “Elkart” (“Banklararo protsessing markazi” AJ) to‘lov tizimlari o‘z kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi.

Uzcard xabariga ko‘ra, yangi xizmat ikki operator o‘rtasidagi hamkorlik natijasi bo‘lib, chegaradosh davlatlar fuqarolari uchun moliyaviy aloqalarni mustahkamlash va qulaylikni oshirishga qaratilgan.

Foydalanuvchilar endilikda Uzcard kartasidan “Elkart” kartasiga va aksincha yo‘nalishda pul o‘tkazishi mumkin. Qayd etilishicha, transchegaraviy operatsiyalarda “qulay valuta kursi” taklif etiladi.

O‘zbekistonda dastlabki bosqichda bu xizmatdan Unired (Universalbank) ilovasi orqali foydalanish mumkin. Kelgusida O‘zbekistondagi boshqa tijorat banklari ham ulanishi rejalashtirilgan. Qirg‘izistonda esa xizmat Elcard Mobile ilovasida mavjud.

Uzcard'ni boshqaruvchi UCMG kompaniyasining tijorat direktori Olimjon Zokirov transchegaraviy o‘tkazmalar ishga tushirilishini “mintaqaviy to‘lov hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam” deb atadi.

“Elkart” bilan hamkorlikda ikki davlat fuqarolari uchun kundalik moliyaviy operatsiyalarni yanada oddiy, qulay va ishonchli qiladigan infratuzilmani barpo etmoqdamiz”, – dedi Zokirov.

“Banklararo protsessing markazi” AJ (“Elkart”) raisi Turatbekov Oltimish bugungi kunda davlatlar, qarindoshlarni birlashtiradigan yechimlar har qachongidan ham muhimligini aytdi.

“Elkart” va Uzcard kartalari o‘rtasidagi yangi pul o‘tkazmalari xizmati ochiqlik va qulaylik sari tashlangan navbatdagi qadamdir. Ishonchimiz komilki, mazkur xizmat mehnat qiluvchi migrantlar hamda ikki davlat chegarasidagi yaqinlariga yordam ko‘rsatadigan fuqarolar uchun foydali bo‘ladi”, – dedi u.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Uzcard Forum” doirasida ikki tomon o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.

Mavzuga oid