Jahon | 10:17 / 30.03.2022
23112
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlarning chiqib ketishi kuzatilmoqda, mamlakat iqtisodiyoti 2 milliongacha ish o‘rnini yo‘qotishi mumkin

Rossiyadagi turli diasporalar, jumladan, o‘zbek diasporasi vakillari fevral oyi oxirida, sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng mehnat muhojirlarining o‘z vatanlariga chiqib ketishi boshlangani haqida ma’lumot berdi. Strategik tadqiqotlar markazi esa 2022 yil oxiriga borib Rossiya iqtisodiyotidagi ish o‘rinlari soni 2 millionga qisqarishi mumkinligini prognoz qildi.

Foto: Yevgeniy Razumnyy / Vedomosti

«Pul jo‘natish vositalari ancha kamaydi. Agar ilgari ular Western Union tizimi va Sberbank, VTB kabi banklardan foydalangan bo‘lsa, endi Mastercard va Visa orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin emas», — dedi Moskvadagi o‘zbek diasporasi vakili, huquqshunos Bahrom Ismoilov «Vedomosti» nashriga. 

Qolaversa, qurilish materiallari narxi oshishi sababli qurilish loyihalari va ta’mirlashga buyurtmalar soni kamayib bormoqda, aksariyat migrantlar esa aynan shu sohada ish bilan ta’minlangan edi.

Iqtisodiyot va biznesning ko‘plab tarmoqlari ma’lum darajada xorijiy ishchi kuchiga tayanadi: qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, umumiy ovqatlanish, chakana savdo, yetkazib berish xizmatlari, ya’ni mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 8-10 foizi, dedi «Roket vork» bosh direktori Anastasiya Uskova. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchi kuchining chiqib ketishi mehnat unumdorligi pasayishiga, rivojlanish sekinlashishiga va foyda yo‘qolib ketishiga olib kelishi mumkin. U pandemiya boshida muhojirlar oqimi sekinlashganini eslatdi. Shu bilan birga, bo‘sh o‘rinlarni bir zumda rossiyaliklar bilan almashtirish mumkin emas, deydi Uskova.

«Kommersant’»ning yozishicha, Strategik tadqiqotlar markazi 2022 yil oxirigacha Rossiya iqtisodiyotidagi ish o‘rinlari soni 2 millionga qisqarishi mumkinligini taxmin qilmoqda, buning natijasida mamlakatdagi ishsizlik darajasi hozirgi 4,4 foizdan 7,1-7,8 foizgacha oshadi.

Uzoq muddatda, tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Rossiyadagi mehnat bozori tarkibiy o‘zgarishlarga duch kelishi mumkin - avtomobilsozlik, metallurgiya va qurilishda ish o‘rinlari sonining qisqarishi bilan yengil sanoat va IT-texnologiyalar sohasida xodimlarga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. 

«Rossiya mehnat bozorining tarkibiy o‘zgarishi ro‘y bersa ham, bu xorijiy ishchi kuchi pozitsiyasiga ta’sir qilishi dargumon. Rublning pasayishini hisobga olsak ham, Rossiyada mehnat migrantining o‘rtacha maoshi hozir o‘z mamlakatidagidan balandroq bo‘lishi mumkin, ammo migrantlar o‘z daromadlarini uyga yuborishida hali muammolarga duch kelmagan. Xorijiy ishchilarning chiqib ketishi na Mehnat vazirligi, na Qurilish vazirligi tomonidan hozircha qayd etilmadi (mehnat migrantlari soni bo‘yicha qurilish sektori va savdo yetakchilik qilmoqda)», deyiladi xabarda. 

Bundan oldin Rossiya MDHda pensiyalar bo‘yicha postsovet bitimidan chiqishni rejalashtirayotgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid