Rossiya MDHda pensiyalar bo‘yicha possovet bitimidan chiqishni rejalashtirmoqda
2023 yil 1 yanvarda Rossiya MDHga a’zo davlatlar fuqarolarining pensiya ta’minoti sohasidagi huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi bitimni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Hujjat 1992 yilda imzolangan, O‘zbekiston ham bitim ishtirokchisi hisoblanadi. Rad etish uchun dalillardan biri - u Rossiya budjetiga ortiqcha yuk bo‘lgan.
Bu haqda Rossiya Mehnat vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan federal qonun loyihasida so‘z yuritilgan, deb xabar berdi RBK.
O‘z navbatida, bu hozirgi pensionerlarga ta’sir qilmaydi, o‘zgarishlar asosan migrantlarga aloqadordir. Rossiya allaqachon YeOII davlatlari bilan yangi shartnoma imzolagan.
«Shartnoma SSSRda ish tajribasiga ega bo‘lgan fuqarolarning avlodlari manfaatlarini hisobga olish vazifasini muvaffaqiyatli bajardi», deyiladi qonun loyihasining tushuntirish xatida.
Hujjat imzolanganiga 30 yil bo‘ldi, shartnomada ishtirok etuvchi mamlakatlarda davlat pensiya ta’minoti tizimidan to‘langan sug‘urta badallari asosida pensiyalarni shakllantirish tizimiga o‘tildi. Shu sababli, MDH shartnomasi bandlari «pensiya tizimlarining mafkurasi va asosiy tamoyillariga mos kelmaydi», «ushbu davlatlar fuqarolariga pensiyaga chiqqanda pensiya huquqlarini to‘liq amalga oshirishga imkon bermaydi».
Qonun loyihasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, Pensiya jamg‘armasi, Moliya vazirligi bilan kelishilgan, Rossiya prezidentining davlat-huquqiy boshqarmasi va Hisob palatasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, deyiladi loyihaga ilova qilingan materiallarda.
Pensiya huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi shartnoma 1992 yilda imzolangan bo‘lib, Rossiyadan tashqari to‘qqizta davlat uning ishtirokchilari hisoblanadi - Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ukraina.
Hujjatda pensiyalar fuqaroligidan qat’i nazar, shaxsning doimiy yashash joyidagi davlat tomonidan tayinlanishi va to‘lanishi nazarda tutilgan. Mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblar amalga oshirilmaydi (agar bu alohida ikki tomonlama shartnomalarda nazarda tutilmagan bo‘lsa). Bu SSSR hududida 1992 yilgacha, shuningdek, 1992 yildan beri ishtirokchi mamlakatlar hududidagi butun ish staji va daromadlarni hisobga oladi.
Shartnomadan voz kechish sabablaridan biri sifatida u Rossiya budjetiga ortiqcha yuk bo‘lgani keltirilgan: shartnomaning hududiy prinsipi, masalan, pensiyalar darajasi yuqoriroq yoki pensiya yoshi pastroq bo‘lgan davlatlarning moliyaviy majburiyatlarini oshirishni nazarda tutadi. Xususan, hozirda Rossiyada yashovchi pensionerning MDH mamlakatlarida olgan daromadlari, milliy valutani pensiya tayinlangan kundagi kurs bo‘yicha rublga o‘tkazish orqali Rossiya hududida olingan daromadlari sifatida ko‘riladi.
«Rossiyaga migratsiya oqimining o‘sishi munosabati bilan kelishuvni amalga oshirish xarajatlari ham oshib bormoqda», deyiladi tushuntirish xatida.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
20:13 / 24.12.2024
Rossiyada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlari vatanga qaytarildi
18:22 / 24.12.2024