Jamiyat | 17:17 / 24.05.2024
20156
3 daqiqa o‘qiladi

400 ga yaqin fuqaroni chuv tushirgan “Xumo house car” ishi sudga oshirildi

Jinoiy guruh a’zolari orasida avvalroq «Avto 60 oy» ishi bo‘yicha 8 yilga qamalib, 2 yil-u 10 oy «o‘tirib» chiqqan Jamshid Bahodirov ham bor. Ish doirasida 3 kishi qamoqqa olingan. Umumiy zarar 6 mlrd 734 mln so‘m atrofida.

Foto: Kun.uz

Avvalroq bir guruh fuqarolar Kun.uz’ga murojaat qilib, Xumo vines nomi bilan tanilgan vayner va uning sheriklari “oson shartlarda” avtomobil va uy-joy olib berishni va’da qilib, o‘zlarini katta mablag‘ga chuv tushirganini ma’lum qilgandi.

Sayt tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvlarda fuqarolarni chuv tushirgan guruh tarkibida «Avto 60 oy» ishida 8 yilga qamalib, 2 yil-u 10 oy «o‘tirib» chiqqan Jamshid Bahodirov ham borligi aniqlangandi.

Jabrlanuvchilarning ma’lum qilishicha, fuqarolarni chuv tushirgan shaxslarga nisbatan IIV huzuridagi tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov tugab, ish sudga oshirilgan.

Jumladan, «Avto 60 oy» ishida 8 yilga qamalib, 2 yil-u 10 oy «o‘tirib» chiqqan Jamshid Bahodirov, Xumo vines nomi bilan tanilgan bloger, «X-vines» MChJ rahbari Humoyun Mahamadjonov va «Media plus 24» MChJ rahbari Abdulloh Alimjonov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a”, “v” bandlari (Firibgarlik), 184-moddasi 3-qismi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan ayblanmoqda.

Ularning uchalasi ham ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Jinoiy guruhning yana bir a’zosi tergovdan yashiringan.

Guruh a’zolari 400 nafarga yaqin shaxsni chuv tushirgani aytilmoqda. Umumiy zarar 6 mlrd 734 mln so‘m atrofida.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni keyingi haftada jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tumani sudida boshlanadi.

Yuzlab fuqarolardan bir necha o‘n mlrd so‘m pul yig‘ib olgan va o‘zlashtirib yuborgan «Avto 60 oy» MChJ rahbarlariga bog‘liq jinoyat ishi tafsilotlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Mavzuga oid