O‘zbekiston | 15:00 / 28.08.2025
1914
8 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Central Asian University va Cleveland Clinic O‘zbekistonda universitet klinikasini tashkil etish bo‘yicha strategik hamkorlik shartnomasini imzoladi

Hamkorlik Cleveland Clinic Connected dasturi doirasidagi uzoq muddatli strategik kelishuv asosida amalga oshiriladi

Foto: Central Asian University

Cleveland Clinic va Central Asian University (CAU) Central Asian University Hospital’ni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasiga imzo chekdi. Klinika Toshkentda, universitetning kengaytirilgan tibbiyot majmuasida joylashadi. Qurilish ishlari shu yilning o‘zida boshlanishi mo‘ljallangan.

Ushbu hamkorlik doirasida Central Asian University Hospital Cleveland Clinic Connected dasturining vaqtinchalik ishtirokchisi maqomini oldi. Klinika rahbariyati to‘laqonli a’zolikni qo‘lga kiritish uchun sifatni baholashning barcha bosqichlaridan o‘tish va talablarni bajarish ustida ish olib boradi.

Cleveland Clinic AQSh va dunyoning eng nufuzli tibbiyot markazlaridan biri hisoblanadi. Uzoq muddatli strategik kelishuvga ko‘ra, Cleveland Clinic CAU’ni quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlaydi:

· tibbiyot muassasasini loyihalashtirish va boshqarish;

·   ta’lim dasturlari va rezidenturalarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash;

·   hamshiralik ishi maktabi va simulyatsiya markazini tashkil etish;

·    klinik amaliyotlar, ma’ruzalar va ilmiy almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish;

·   shifokorlarni tanlash, ta’minot zanjirini boshqarish va raqamli o‘zgarishlarni amalga oshirish;

·    Central Asian University Hospital shifokorlari murakkab klinik holatlar bo‘yicha ta’limiy maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi;

·    klinika mutaxassislarining unumli faoliyatini ta’minlash hamda samarali professional jamoani shakllantirish.

"Biz O‘zbekistonda tibbiy yordam sifatini oshirish uchun CAU bilan hamkorlikni boshlaganimizdan benihoya faxrlanamiz, – dedi Cleveland Clinic ijrochi vitse-prezidenti, xalqaro va rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha prezidenti Tommazo Falkone. – Bizning vazifamiz Cleveland Clinic standartlarini butun dunyo bo‘ylab bemorlarga yetkazishdir. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz yuqori sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi”.

Dastlabki bosqichda Central Asian University Hospital Cleveland Clinic modeli asosida ko‘p tarmoqli yo‘nalishlar, klinik markazlar va zamonaviy tibbiy uskunalarni qamrab olgan holda “noldan” loyihalashtiriladi. 120 o‘ringa mo‘ljallangan yangi klinika yiliga 269 ming nafargacha bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, O‘zbekistonning eng zamonaviy va samarali klinik markazlaridan biriga aylanadi.

Cleveland Clinic bilan hamkorlik O‘zbekistonda tibbiyot va tibbiy ta’limning kelajak modelini shakllantirishda muhim qadam hisoblanadi, – dedi CAU rektori Kamran Gulamov. – Biz jahon tajribasi va sog‘liqni saqlash sohasidagi eng ilg‘or amaliyotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, bu esa bo‘lajak shifokorlarga ham, bemorlarga ham uzoq muddatli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”.

Hamkorlik bilimlarni (uslublar, protokollar va eng yaxshi amaliyotlar) uzatishni, shuningdek, samaradorlikni oshirish va bemorlarga yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun ham klinik, ham ma’muriy xodimlarni o‘qitishni nazarda tutadi. CAU tibbiyot va boshqaruv jamoalari Cleveland Clinic ta’lim dasturlaridan, jumladan, chuqurlashtirilgan amaliy tayyorgarlikdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Klinika rahbariyati amaliyot va tajriba almashish dasturlarida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, CAU bemorlari Cleveland Clinic eng yaxshi amaliyotlaridan foydalanadi. Zarur hollarda ular Cleveland Clinic xalqaro klinikalariga yo‘llanma olishlari mumkin.

Cleveland Clinic Connected dasturi sog‘liqni saqlash tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan mustaqil, sifatga yo‘naltirilgan tashkilotlarning global tarmog‘ini yaratishga qaratilgan. U butun dunyo bo‘ylab klinikalar va tibbiyot muassasalariga Cleveland Clinic klinik va operatsion mutaxassislari bilan bog‘lanish imkoniyatini beradi, tibbiy yordam sifatini yaxshilashga va bozorda ajralib turishga ko‘maklashadi.

Cleveland Clinic haqida

Cleveland Clinic – klinik va shifoxona yordamini ilmiy tadqiqotlar va ta’lim bilan uyg‘unlashtirgan notijorat ko‘p tarmoqli akademik tibbiyot markazi. 1921 yilda Klivlendda (Ogayo shtati) to‘rt nafar shifokor tomonidan hamkorlik, mehr-shafqat va innovatsiya tamoyillari asosida mukammal sog‘liqni saqlash tizimini yaratish maqsadida tashkil etilgan.

Cleveland Clinic bir qator tibbiy yutuqlar, jumladan, aorta-koronar shuntlash operatsiyasi va AQShdagi ilk yuz ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bilan tanilgan. Bugungi kunda Cleveland Clinic tizimida 82 600 dan ortiq xodim, shu jumladan 5 786 nafar shifokor va tadqiqotchi hamda 140 ta tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha 20 700 hamshira va mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Tizim 23 ta shifoxona, 280 ta ambulatoriya markazi va Cleveland’dagi 173 akrlik asosiy kampusni o‘z ichiga oladi. Klinika har yili AQShning barcha shtatlari va dunyoning 110 dan ortiq mamlakatidagi millionlab bemorlarni qabul qiladi. Batafsil ma’lumot: clevelandclinic.org.

Cleveland Clinic Connected haqida

Cleveland Clinic Connected bu – ishtirokchilarga o‘z tibbiy muassasalarida yordam sifati, xavfsizligi va klinik natijalarini yaxshilash uchun Cleveland Clinic ekspert bilimlaridan foydalanish imkonini beruvchi xalqaro dastur. Dastur AQSh va xalqaro bozorlardagi tajribalarni uyg‘unlashtiradi, bu esa eng yaxshi amaliyotlarni moslashtirishga va mahalliy sog‘liqni saqlash tizimlarini qo‘llab-quvvatlashga imkoniyat yaratadi. Dastur ishtirokchilari, shuningdek, Cleveland Clinic’ning jahon miqyosidagi obro‘siga asoslangan o‘qitish, tajriba almashish va marketing ko‘magi bo‘yicha noyob imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Batafsil ma’lumot: Cleveland Clinic Connected.

Central Asian University haqida

2019 yilda O‘zbekistonda ta’sis etilgan Central Asian University (CAU) mamlakatning eng tez rivojlanayotgan xususiy oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet tibbiyot, stomatologiya, biznes, muhandislik, mehmondo‘stlik sohasi va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro dasturlarni taklif etadi. Zamonaviy kampus, xalqaro tajribaga ega o‘qituvchilar va amaliy ta’limga yo‘naltirilgan yondashuv CAU’ni mintaqaviy talabalar uchun jozibador tanlovga aylantirmoqda.

Central Asian University (CAU) Markaziy Osiyoning yetakchi sanoat holdinglaridan biri bo‘lgan AKFA Group tarkibiga kiradi. Holding 35 000 dan ortiq xodimni birlashtiradi, 27 mamlakatga mahsulot eksport qiladi hamda qurilish va ishlab chiqarish, elektronika, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi asosiy sohalarda faoliyat yuritadi.

CAU strategik xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda va Germaniya, Shveytsariya, AQSh hamda boshqa mamlakatlar universitetlari bilan qo‘shma akademik va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirmoqda. Fanlararo yondashuv, innovatsion ta’lim modeli va global hamkorlikka ustuvorlik berish natijasida universitet Markaziy Osiyoning asosiy ta’lim markazlaridan biri sifatidagi o‘z mavqeyini mustahkamlab bormoqda.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid