O‘zbekiston | 08:04 / 12.02.2019
64893
2 daqiqa o‘qiladi

1 martdan boshlab oilaga tarbiyaga olingan har bir bola uchun to‘lanadigan nafaqa 820 000 so‘mni tashkil qiladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Belgilanishicha:

2019 yil 1 martdan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun to‘lanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirilib, 820 000 so‘mni tashkil qiladi, keyinchalik inflatsiya hajmidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib boriladi;

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi lavozim maoshining 75 foizi miqdorida to‘lanadi;

vasiylik va homiylik organlari xodimlariga o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq transport xarajatlarini qoplash uchun har oyda 170 000 so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lanadi, keyinchalik inflatsiya hajmidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib boriladi;

bolalar uylari, nogiron bolalar uchun “Muruvvat” internat uylari hamda sil kasalligiga qarshi bolalar sanatoriysi tarbiyachilariga tegishli toifadagi davlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyachilari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorlari qo‘llaniladi;

oilaviy bolalar uylari tarbiyalovchi ota-onalarining bazaviy tarif stavkasi “Mehribonlik” uylari tarbiyachilari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasining ikki barobari miqdorida hisoblanadi, bunda mehnatning alohida sharoitlari uchun amaldagi ustama haqi bekor qilinadi va “Mehribonlik” uylari tarbiyachilari uchun belgilangan har yilgi ta'tillar, imtiyozlar va kafolatlar berish tartibi saqlab qolinadi.

Mavzuga oid