O‘zbekiston | 14:02 / 16.10.2025
5170
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi birinchi alyuminiy qadoq ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘lib, mamlakatimizdagi birinchi alyuminiy qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish zavodi “EAST CAN SOLUTIONS” faoliyati bilan tanishdi.

Yangi sanoat bosqichi va iqtisodiy o‘sish drayveri

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sanoatlashtirish siyosati yangi bosqichga ko‘tarilib, xalqaro texnologik standartlarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda.

Shular orasida “EAST CAN SOLUTIONS” loyihasi mamlakat sanoat tarixida muhim voqea bo‘ldi — u alyuminiy qadoq mahsulotini mahalliy sharoitda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan ilk korxona hisoblanadi.

Zamonaviy texnologiyalar va xalqaro investitsiyalar

Qiymati 90 million AQSh dollari bo‘lgan mazkur loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilgan. Korxona 21 gektar hududda joylashgan bo‘lib, AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

Ishlab chiqarish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan, bu esa mahsulot sifati va barqaror ishlab chiqarishni xalqaro standartlar darajasida ta’minlaydi.

Zavod faoliyati bosqichma-bosqich kengaytiriladi

 • Ilk bosqichda yiliga 600 million dona alyuminiy qadoq,

 • Keyingi bosqichlarda 1,1 milliard va 2,2 milliard dona mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Bu ko‘rsatkichlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini to‘liq qoplaydi, balki mintaqaviy miqyosda raqobatbardosh mahsulot eksport qilish imkonini yaratadi.

Loyiha natijasida 60 million dollarlik import o‘rni qoplanadi. Shu bilan birga yiliga 100 million dollarlik eksport qilish imkoniyati vujudga keladi.

Yangi ish o‘rinlari va mahalliylashtirish

Korxonada mahalliylashtirish darajasi 90 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu ichki sanoat zanjiridagi qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirishga turtki beradi.

Zavod to‘liq ishga tushgandan so‘ng 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, bu esa mahalliy mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu bilan birga, korxona faoliyati orqali davlat budjetiga salmoqli soliq tushumlari ta’minlanadi.

Ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi nafaqat O‘zbekiston bozorini sifatli mahsulot bilan ta’minlaydi, balki xalqaro brendlar uchun yangi istiqbollarni ham ochadi. Ular mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etishlari yoki o‘z mahsulotlarini qadoqlash uchun “East Can Solutions” MChJ XK quvvatlaridan foydalanishlari mumkin.

“EAST CAN SOLUTIONS” — O‘zbekistonda alyuminiy qadoq ishlab chiqarish sohasida yangi davrni boshlab bergan ilk zavod. U mamlakatning sanoat salohiyatini oshirish, eksportni kengaytirish va milliy ishlab chiqarishni raqobatbardosh darajaga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin