Jahon | 11:13 / 07.06.2024
11688
12 daqiqa o‘qiladi

NATO tarkibidagi Turkiya BRIKSga qo‘shilmoqchi. Bu nimadan darak?

Turkiya tashqi ishlar vaziri mamlakat BRIKSga qo‘shilish istagida ekanini aytishi bilan, Rossiya quchoq ochib kutib olishini bildirdi. Xo‘sh, Anqaraning ham NATO, ham BRIKS tarkibida bo‘lishi reallikka qanchalik yaqin? Bu bayonotlar Turkiyani qabul qilmayotgan Yevropa Ittifoqiga signalmi? “Geosiyosat” mavzuni iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul va siyosatshunos Bektosh Berdiyev bilan muhokama qildi.

Turkiyaning BRIKSga qo‘shilishdan asosiy maqsadlari nimalar?

Shuhrat Rasul: BRIKS qanday tashkilot ekani haqida ikki og‘iz dastlab. Tashkilot haqida ko‘plab davlatlarda mif yaratilyapti. Aslida, BRIKS institutsionallashmagan bir klub hisoblanadi, shtab kvartirasi ham, boshqaruv apparati ham yo‘q, ta’sis qilinganidan beri ko‘zga ko‘rinarli qilgan yagona ishi Shanhayda ochilgan bank bo‘lib turibdi. BRIKS — iqtisodiy hamkorlik tashkiloti. 2001 yilda britaniyalik iqtisodchi Jim O’nil jahon iqtisodini o‘rganish jarayonida bir guruh katta davlatlarda iqtisodiy tizimli o‘sishga e’tibor berib, shartli ravishda BRIK deb ataydi (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy). 2010 yilda bunga JAR qo‘shildi, bugun tashkilotda 10 ta davlat bor. Hali ham institutsionallashmagan, har yili mezbon davlat tashkillashtiradi tashkilot doirasidagi aloqalarni.

Nega Turkiya kirmoqchi? Sabab BRIKSga a’zo davlatlar dunyo iqtisodining katta qismini tashkil etishi va turli qit’alardan ekani. Turkiya o‘zini chorraha sifatida pozitsiyalaydi, o‘zining geografik joylashuvidan iqtisodiy, siyosiy tomondan foydalanadi. Ayniqsa, Saudiya, Misr, Efiopiya BRIKSga qo‘shilishini bildirgach, Turkiya uchun yana ham muhimlashdi bu tashkilot. Iqtisodiy motivlar bilan qarayapti Turkiya, tashkilot ham iqtisodiy tashkilot o‘zi.

Bektosh Berdiyev: Turkiya uzoq yillar YeIga kirishga urindi, lekin YeI tsivilizatsion va boshqa sabablar tufayli Turkiyani qabul qilmadi. Turkiya aytishicha, YeI 30-40 yildan beri Turkiyani aldab kelyapti turli shart, bahonalar bilan. Bugun Turkiya ham dunyo siyosatida katta o‘yinchilardan biriga aylandi, shu sabab Turkiya eski motivlar bilan yashay olmaydi, ya’ni YeIga a’zo bo‘lish, NATOning ikkinchi darajali a’zosi bo‘lish (chunki NATO asosiy mafkurasi atlantizm g‘oyasi, Turkiya esa boshqa sivilizatsiya).

Bundan tashqari, bugun Turkiyada neousmonizm madaniyati shakllanyapti. Turkiya bir necha asrlar davomida katta hududlarni boshqargan imperiya vorisi, bugun yana global siyosatda imperiyacha tafakkur bilan ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘lyapti. Lekin YeIga qo‘shilib yoki NATOning ikkinchi darajali a’zosi bo‘lib o‘zining global manfaatlarini amalga oshirolmaydi, yangi maydon kerak. Turkiya uchun BRIKS katta bozor, Hindiston, Xitoy eng rivojlanayotgan bozor, Rossiya esa eng katta xomashyo bozori. JAR bilan yaxshi munosabatlar Afrikadagi ta’sirni kuchaytirsa, Braziliya bilan munosabatlar esa uzoq mintaqaga siyosiy kirib borishga imkon beradi.

Turkiya YeI, G‘arb oldida qadrini oshirish uchun ham shunday qilmayaptimi?

Shuhrat Rasul: Yo‘q. Pragmatik tanlov bu. Turkiya iqtisodi o‘tgan yili 1 trln 200 mlrd dollarlik natija ko‘rsatdi (jon boshiga 11 ming dollar), xarid qobiliyati bo‘yicha esa 4 trln dollarlik natija ko‘rsatgan (jon boshiga 40 ming dollar). Turkiyaning tayinli tabiiy boyliklari yo‘q, lekin so‘nggi 10-15 yilda kuchli eksport salohiyatiga erishdi. Turkiyaning birinchi o‘rindagi eksport salohiyati polimerlar (30-35 mlrd), o‘g‘itlar — bular qayta ishlangan tovarlar hisoblanadi, qo‘shimcha qiymati baland. Bundan tashqari oxirgi 3-4 yilda 5-7 mlrd dollarlik elektrotexnikalar eksport qilyapti. BRIKS bozori Turkiya uchun qiziqarli, u chorrahada joylashgan ham.

Nega Rossiya quvonyapti? Rossiya BRIKSni siyosiylashtirishga urinadi doim, yagona pul birligini ham taklif qilib ko‘rgandi. Rossiya BRIKSni G7ʼga raqobatchi sifatida talqin qilishni xohlaydi. Iqtisodiy tashkilotga siyosiy tus berishga urinyapti.

Turkiya bir vaqtning o‘zida ham NATO, ham BRIKS tarkibida bo‘lsa, buning geosiyosiy aks sadosi qanday bo‘ladi?

Bektosh Berdiyev: G‘arbning chaqiriq, tahdidlari Turkiyani qo‘rqitmay qo‘ygan. Ma’lum darajada iqtisodiy zarar, Yevropa va AQSh bilan zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik sohalari zarar ko‘rishi mumkin. Lekin bugun Turkiya G‘arb topshiriqlarini bajaradigan, iqtisodiy suyanib qolgan davlat emas. G‘arb sanksiyalari ostidagi Rossiyaga zamonaviy texnologiyalarni yetkazuvchi davlat kerak, bitta Xitoyning o‘ziga bog‘lanib qilolmaydi. Turkiya BRIKSga kirsa, Rossiya izolyatsiyadan chiqib ketishi osonlashadi. Bunday imkoniyat Rossiyani xursand qiladi, albatta.

Turkiyaning hamma mahsulotlari ham YeI, AQSh bozorlaridan joy topishi qiyin, talablari baland ularning. Mahsulotlarini 3,5 mlrd aholisi bor BRIKSga yo‘naltirishi Turkiya uchun muhim. Turkiya turli sohalarda eksport salohiyati oshyapti, harbiy texnikalar ham sotyapti.

Yana bir narsa. Saudiya ham BRIKSga qiziqyapti, shu bois ma’lum ma’noda mintaqaviy raqobat bor. Turkiya Saudiyadan oldin BRIKSga kirib, uning tashkilotga kirishiga rozilik berishi ma’nosida Saudiyaga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Chunki barcha a’zo davlatlar roziligi bilan yangi a’zo qabul qilinadi.

Iqtisodiy jihatdan Turkiya BRIKS va YeI davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni qanday taqsimlaydi?

Shuhrat Rasul: Yevropa bozori Turkiya uchun tanish bozor, katta eksport qiladi, YeIdan ham import qiladi katta miqdorda. BRIKS davlatlari bilan iqtisodiy munosabatlarning qiyin tomonlari ham bor, masalan, masofalar uzoq. Iqtisodiy aloqalarda masofa muhim. BRIKSdagi ba’zi davlatlarning oraliq masofasi 10 ming km, shuncha yerdan olib kelgandan, qo‘shnisidan sotib olgani yaxshi alternativ mahsulotni.

Rossiya bu yil BRIKSga mezbonlik qiladi. Turkiya o‘jar davlat, ambitsiyalari baland, istalgan davlatga rad javobi beroladigan davlat deb biladi Rossiya. Shunday davlatning BRIKSga qo‘shilishi taktik jihatdan Rossiya uchun manfaatli.

Iqtisodiyotga kelsak. Xususiy biznesga tovarni qayerga sotish bo‘yicha buyruq berib bo‘lmaydi, Turkiyada esa erkin bozor iqtisodiyoti ishlaydi. Shuning uchun savdo hajmi o‘sib ketadi, deyish ham xato bo‘ladi.

Turkiya asosan siyosiy vektor sifatida BRIKSga yo‘nalyaptimi shunda?

Bektosh Berdiyev: Yaqin Sharqda AQSh va Turkiya manfaatlari ko‘p to‘qnasha boshladi. Bir tomondan NATOda hamkor, lekin AQSh Suriyadagi kurdlarni Suriya hukumatidan ajratib oldi, bu Turkiya uchun tahdid. Ikkinchisi esa G‘azodagi voqealarga munosabat. Boshqa davlatlar bu mavzuga ehtiyotkor yondashsa, Turkiya ochiq gapiradi, Erdo‘g‘an Isroil jinoyatlariga AQSh ham sherik, deb aytyapti.

Bir paytlar Turkiya NATOning qanoti ostida bo‘lish, YeI bilan iqtisodini rivojlantirishga e’tibor qaratgan bo‘lsa, endi aksincha, NATOga Turkiya juda zarur. Chunki Turkiyada NATOning Injirlikdagi bazasi bor, bu baza Rossiyaga nisbatan ustunlikni ta’minlab turadi. Turkiya biladiki, NATO undan voz kecholmaydi. Voz kechsa ham, Turkiya o‘zini bloklarsiz himoya qila oladigan davlat. Turkiya bilan Rossiya do‘stlik munosabatida, urush kelib chiqishi nolga teng. Bunday holatda Turkiya Rossiya bozoridan, qiyin ahvoldagi iqtisodidan foydalanishni ko‘zlaydi. AQSh Turkiyaga F35 qiruvchilarini bermasa, biz Rossiyadan qiruvchi sotib olamiz, deyilgandi ham ochiqcha. Turkiya bugun G‘arbdan qo‘rqmayapti. BRIKS davlatlari bu Turkiyadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishni istaydi, shu jihatdan ular uchun qulay.

Turkiyaning BRIKSga intilishiga G‘arb davlatlarining munosabati qanday bo‘ladi?

Bektosh Berdiyev: Turkiyada jiddiy o‘zgarish bo‘lsa, G‘arb davlatlari hokimiyat to‘ntarishi amalga oshirib, o‘zlariga yaqin hukumat qo‘yishgan. Ammo Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, bu kabi urinishlar samara bermay qo‘ygan. NATO a’zosining Rossiya bilan bunday yaqinligi xiyonatdek baholanadi, aslida, lekin real mexanizmlar bilan Turkiyani jazolay olmayapti G‘arb. Faqat valutasiga zarba beryapti. G‘arb Turkiyani siqishga harakat qilyapti, masalan, Germaniya Turkiyaga kirib keladigan Yevropa investitsiyasini sug‘urtalash majburiyatini olib tashlayapti. BRIKSga yaqinlashishi sabab yanada munosabatlar yomonlashishi mumkin, ammo Turkiya qo‘rqmaydi bundan va o‘z manfaatlari bilan izohlay oladi.

Shuhrat Rasul: Erdo‘g‘an prezidentlikka kelgach, Yevropada, NATOda ikkinchi darajali bo‘lgan davlatni oliy ligaga olib chiqdi, butun dunyo hisob-kitob qilyapti bugun u bilan. AQSh, Germaniya, Fransiya tomonidan reaksiya bo‘ladi Turkiyaning bu ishiga nisbatan, Germaniya va Fransiya Turkiyaning YeIga qo‘shilish arizasini ko‘tarishi ham mumkin. Global qarama-qarshilik davrida Yevropaga Turkiyaning qilayotgan ishi yoqmayapti. Balki Turkiya YeIga kirish da’vogarligi yuzasidan shunday qilayotgan bo‘lishi, uning arizasi qayta ko‘rilishi aytilsa, bu narsa to‘xtab qolishi ham mumkin. Turkiya va YeI orasida katta tafovutlar bor. Turkiyaning ichki siyosati va ichki qonunchiligi bo‘yicha YeIda katta savollar bor. Yevropa doim Turkiyaning o‘ziga o‘xshashini xohlaydi. Yevropada asrlar davomida Sharqni sevish, shu bilan birga undan nafratlanish bor, nodemokratik deydi va boshqa narsalar.

Turkiya BRIKS tarkibida bo‘lgan taqdirda, uning Yevropa Ittifoqiga ham qo‘shilish rejalariga qanday ta’sir qiladi?

Shuhrat Rasul: Harakat qilish navbati Yevropa tomonda hozir, Yevropa qanday reaksiya bildirishiga qarab bu harakat davom etadi. Turkiya chuqur davlatchilik tarixiga ega davlat, agar YeI reaksiyasi Turkiya kutganday bo‘lsa, Turkiya fikrini o‘zgartirishi ham mumkin.

Bektosh Berdiyev: Turkiya geosiyosiy o‘yin qoidalarini yaxshi biladi, Erdo‘g‘an Yevropada katta tajribaga ega liderlardan biri. Aytilganidek, bu harakat YeIga signal bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, BRIKSga a’zo bo‘lish Turkiyaga imkoniyatlar beradi, lekin a’zo bo‘lishga unchalik shoshilmay turadi, ya’ni YeI, AQSh reaksiyasini kutadi, ular yangi imkoniyatlar berishi, Turkiya shartlarini qondirishi, YeI integratsiyasiga yaqinlashishi mumkin. AQShga Turkiya qanchalik kerak bo‘lsa, Turkiyaga ham AQSh kerak, lekin savdolashish, shart qo‘yish uchun bahona bo‘lishi mumkin BRIKSga intilishi.

Shuhrat Rasul: Turkiyaning 82,5 mln aholiga ega, YaIMning aholi jon boshiga taqsimoti 40 ming dollar, bu borada kuchli 10 talikka kiradi. Masalan, Fransiyada fransuzlar kamayib ketyapti, iqtisodiy o‘sishda Turkiya 50 foizga oldinda. Germaniya, Italiya, boshqalar ham Turkiyadan iqtisodiy qo‘rqadi, aslida. Turkiyadagi demografik potensial, qudrati oshib boryapti, YaIM 2-3 barobar oshadi 15-20 yildan keyin. Turkiya Yevropani iqtisodiy bosib olib qo‘yadi, degan qo‘rquvlar bor. LGBT, gender tenglik kabi narsalarni ro‘kach qilishida katta iqtisodiy muammolar bor, aslida.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid