Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2018 yilning eng omadli tibbiy va biotexnologik startaplari
O‘tgan 2017 yil tibbiy va biotexnologik startaplar uchun juda omadli keldi. Komaniyalar yetarlicha moliyalashtirildi va ularning aksariyati 1 milliard dollar ko‘rsatkichga erisha oldi. Business Insdider 2018 yilda soha rivojini belgilab beruvchi eng yirik 15 startap haqidagi ma'lumoti bilan bo‘lishdi.
15. Flatiron Health — 1,2 milliard dollar
Flatiron Health onkologik bemorlarning klinik ma'lumotlarini yig‘ish bilan shug‘ullanadi — masalan, ularning qanday dori vositalarini qabul qilgani va qanday reaksiyalar kuzatilgani. Bu ma'lumotlar klinik tadqiqotlarni to‘ldirib, turli preparatlarning bemorlarga ta'sirini kuzatish imkonini beradi.
14. Clover Health — 1,2 milliard dollar
Venchur kapital bilan qo‘llab-quvvatlanuvchi kompaniya tibbiy sug‘urtalar sotuvi bilan shug‘ullanadi. Clover Health ba'zi yuqori texnologik sug‘urtachilar singari yig‘ilgan ma'lumotlarni bemorlar ahvolini yaxshilash yo‘lida foydalanmoqchi. Biroq ayni damda kompaniya moliyaviy maqsadlarga yetisha olmaganlik sabab og‘ir damlarni boshidan kechirmoqda.
13. Auris Surgical Robotics — 1,28 milliard dollar
Jarrohlik robototexnika ishlab chiqaruvchisi davolashning eng kam invaziv usullarini ishlab chiqadi, ularning usuli faqatgina kasallik zarar yetkazgan hujayralarga yo‘naltirilgan bo‘lib, shu yo‘l bilan kasallik rivojlanishining oldi olinadi. Bugungi kunda asosiy maqsad o‘pka saratoni hisoblanadi.
12. Ginkgo Bioworks — 1,3 milliard dollar
Mazkur startap bakteriyalar hamma narsa - parfyumdan to dori-darmongacha ishlab chiqarishi mumkinligiga qat'iy ishonadi. Kompaniya mikroorganizmlarni modifikatsiyalaydi va ularni sheriklariga foydalanish uchun taqdim etadi.
Sentyabr oyida Ginkgo startapi Bayer bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi rivojiga yordam beruvchi mikroblar ishlab chiqaruvchi 100 million dollarli korxonani ishga tushirdi.
11. Indigo Agriculture — 1,4 milliard dollar
Kompaniya o‘simliklarning yashovchanligini oshirish uchun ularning mikrobiomalaridan foydalanadi. Buning uchun urug‘lar zararkunandalar, qurg‘oqchilikka qarshi kurashishda yordam beruvchi muayyan mikroblar bilan qoplanadi.
10. Proteus Digital Health — 1,5 milliard dollar
Proteus Digital Health — "raqamli terapiya" pioneri: kompaniya mikrosxemali tabletkalar ishlab chiqaradi, bu mikrosxemalar bemor o‘z dozasini qabul qilgani haqida xabar beradi. Kapsula organizmga tushib, ilovaga signal yo‘llaydi. Noyabrda kompaniyaning ilk tijoriy preparati - shizofreniyaga qarshi dori vositasi tasdiqlangan.
9. 23andMe — 1,75 milliard dollar
Genetik testlari bilan mashhur 2006 yilda asos solingan 23andMe startapi insonga uning sog‘lig‘i va hatto unda neandertal genlari qancha ekanligi haqida ma'lumot bera oladi. Bugungi kunda kompaniya millionlab mijozlarga ega, farmatsevtik kompaniyalar bilan sheriklik shartnomalari esa unga yangi dori vositalarining yaratilishida ishtirok etish imkonini beradi.
8. Zocdoc — 1,8 milliard dollar
Startap bemorlarga AQShning butun hududi bo‘ylab shifokor qabuliga yozilishga yordam beradi. Gap birinchi yordam bilan bir qatorda ixtisoslashtirilgan xizmatlar, masalan stomatologlar va optometristlar yordami haqida ham ketmoqda. Shifokorlar qidiruvi turli parametrlarga ko‘ra amalga oshiriladi.
7. Human Longevity — 1,9 milliard dollar
Genomika pionerlaridan biri J.Kreyg Venter tomonidan asos solingan kompaniya jismoniy holatni keng ko‘lamda tahlil qiladi va mijoz salomatligi haqida har tomonlama ma'lumot beradi. Uning narxi 25 ming dollarni tashkil qiladi. Olingan ma'lumotlar shifokorlarga kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va bemor hayotini uzaytirish imkonini beradi.
6. Grail — 2,4 milliard dollar
Grail saraton diagnostikasiga yondashuvni o‘zgartirishni rejalashtirmoqda, buning uchun qon tahlili usuli qo‘llanadi. Texnologiya organizm bo‘ylab harakatlanuvchi saraton DNKsining mitti fragmentlarini identifikatsiyalashi kerak. G‘oya suyuq biopsiya konsepsiyasini yodga soladi.
May oyida Grail Honkongning saratonni erta bosqichda aniqlashga ixtisoslashgan Cirina kompaniyasini qo‘lga kiritdi. 2016 yilda asos solinganidan keyin startap Jyeff Bezos va Bill Geyts kabi milliarderlar, shuningdek eng yirik tibbiy va framatsevtik kompaniyalar tomonidan moliyaviy yordam olishga muvaffaq bo‘ldi.
5. Oscar Health — 2,7 milliard dollar
Oscar Health — 2012 yilda asos solingan startap bo‘lib, u tibbiy sug‘urtalashga ixtisoslashgan. Kompaniyaning maqsadi — texnologiyalar integratsiyasi yordamida sug‘urtani iste'molchi uchun qulay qilish. 2017 yilda kompaniya barcha davolovchi shifokorlar mavjud yagona platformada o‘z mijozlari haqidagi ma'lumotlarni joylashtirdi.
4. Intarcia Therapeutics — 4,1 milliard dollar
Intarcia Therapeutics ikkinchi turdagi diabet va OIV kabi kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan o‘rnatiluvchi qurilmalarni ishlab chiqaradi. Kompaniya Geytslar fondi tomonidan moliyalashtiriladi va o‘z ishlanmalarining keng targ‘ib qilinishiga umid qilmoqda. Afsuski, hozircha startap FDA'ni o‘z implantantining diabetni davolashdagi samarasiga ishontira olmadi.
3. Moderna Therapeutics — 4,7 milliard dollar
Moderna Therapeutics maqsadi — matrik RNK qo‘llashga asoslangan davolash usullarini ishlab chiqish. G‘oyaga ko‘ra, RNK organizmga o‘rnatiladi, shundan so‘ng uning asosida hujayralarning o‘zi oqsil-dorilarni quradi. Bugungi kunda kompaniya personallashgan saratonga qarshi vaksinalarni sinovdan o‘tkazmoqda.
2. Outcome Health — 5,5 milliard dollar
2017 yilda sog‘liqni saqlash sohasida paydo bo‘lgan barcha startaplardan bunisi eng muvaffaqiyatli chiqdi. Chikagoda joylashgan kompaniya shifokorlar ofislari va kutish zallari uchun tibbiy mavzulardagi videoroliklarni taqdim etadi. Videoda farmatsevtika kompaniyalarining reklamalari montaj qilingan. Kompaniya vakillarining ishontirib aytishlaricha, startapning kelajagi yorug‘, biroq hammasi ham u qadar risoladagidek emas. Oktyabrda Outcome Health reklama beruvchilarni aldayotganlikda ayblandi - natijada sarmoyachilar kompaniyani firibgarlik uchun sudga berishdi.
1. Samumed — 12 milliard dollar
San-Diyegoda joylashgan ushbu kompaniya 2017 yilda o‘z sohasidagi eng qimmat kompaniya deb topildi, biroq u sohadagi eng tanilmagan kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uning diqqat markazida - ildiz hujayralari bilan ishlash. Kompaniya xodimlari ularni boshqarishni o‘rganishmoqchi, shunda sochlarning to‘kilishi, shuningdek suyaklar, teri va bo‘g‘imlar kasalliklarining oldini olishga muvaffaq bo‘linar edi.
Mavzuga oid
20:07 / 09.02.2026
Talabalar traktorchi-mashinist va agrodron foydalanuvchisi mutaxassisligiga o‘qitiladi
16:04 / 20.01.2026
Imkon Ventures ta’lim va fintex startaplarga investitsiya kiritdi
07:34 / 16.01.2026
Dunyo texnoshousidagi yangiliklar: 7 ta g‘alati startap
15:20 / 29.12.2025