Iqtisodiyot | 13:42 / 01.08.2019
59970
2 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov: «Energoresurslarga narxlar yana oshadi»

Foto: KUN.UZ

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, "O‘ztransgaz" AJ va "O‘zbekenergo" AJ mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, matbuot anjumanida energoresurslar narxining oshishi mavzusida so‘z yuritildi. Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov narx-navo bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.

«Aslida, narxlar 1 iyundan ko‘tarilishi kerak edi. Biroq, prezidentimiz narxni oshirishdan qaytardi. Davlatimiz rahbari bu borada zaxira borligi haqida so‘radi. Elektr energiyasini bir kVt/soat uchun 480 so‘m qilmoqchi edik. Narxlarning yana qachon oshishi hozircha noma'lum, lekin albatta oshadi. 

Narx-navoni oshirish masalasi Moliya vazirligi, Energetika vazirligi yoki boshqa bir idoraning xohish-irodasi emas. Bu tabiiy jarayon. Agar biz bozor iqtisodiyotini qurmoqchi bo‘lsak, unda bozor iqtisodiyotida narxlar erkin bo‘lishi kerak. 

Narx-navo va o‘lchov birligi, ya'ni, pul hamma uchun bir xil bo‘lishi lozim. Bir dollar men uchun ham 8700 so‘m, Qorako‘l tumanidagi dehqon yoki do‘konda savdo qilayotgan fuqaro uchun ham 8700 so‘m bo‘lishi shart. Yoki 8700 so‘mga men ham, u ham bir dollar ola olishi kerak. Hech kim 9000 so‘mga olmasligi kerak, boz ustiga, kimlardir 5000 so‘mga ham olmasligi lozim. Bizda hozir faqat monopoliyalarning narxi erkin emas», - deydi Jamshid Qo‘chqorov.

Mavzuga oid