Sport | 21:36 / 30.05.2024
10697
9 daqiqa o‘qiladi

Kataloniyani qaqshatgan nemis. Flik «Barsa»ni «tiriltira oladimi»?

«Barselona» germaniyalik Hans-Diter Flikni jamoa bosh murabbiyi etib tayinladi. Bu tayinlov klub prezidenti Laporta va sobiq murabbiy Xavi o‘rtasidagi g‘alati janjaldan keyin ro‘y berdi. «Barsa» muxlislari Flik nomzodi paydo bo‘lgandayoq o‘sha mash’um 2:8 hisobidagi mag‘lubiyatni yodga olishdi. Xo‘sh, nemis murabbiy borgan sari «Real»dan ortda qolayotgan «Barselona»ni jonlantira oladimi?

Foto: fcbarcelona.com

Kim o‘zi u?

Yevropa futbolini kuzatib yurganlar Hans-Diter Flik kim ekanini bilishadi. Ayniqsa «Barselona» muxlislari uni alam bilan bo‘lsa-da, unutilmas xotira sabab eslab qolishgan. Ha, pandemiya vaqtidagi YeChL mavsumida «Barsa»ni 8:2 hisobida yenggan dahshatli «Bavariya» ustozi aynan Flik edi. Ammo bu murabbiyni maqtash uchun yagona sabab emas. U faoliyatining ko‘p vaqtini boshqa murabbiylar soyasida o‘tkazgan bo‘lsa-da, katta yutuqlarga erisha olgan.

59 yoshli Flik murabbiylikdagi ilk katta qadamlarini «Hoffenxaym» jamoasida qo‘yadi. 2000 yilda jamoani qabul qilib olgan Hans «Hoffenxaym»ni ikki liga yuqoriga ko‘tarib, uchinchi diviziongacha olib chiqadi. Keyin Avstriyaning «Zalsburg» jamoasida Lotar Matteus va Jovannni Trapattoniga assistentlik qiladi.

Flik eng uzoq ishlagan joyi Germaniya milliy jamoasi hisoblanadi. U 2006 yildan 2014 yilgacha bundestimda Yoaxim Lyovga assistentlik qiladi. Bu vaqt davomida «nemis mashinasi» ikkitadan jahon va Yevropa chempionatlarida qatnashadi. 2014 yilda Lyov va Flik shogirdlari Braziliya mundialida zafar quchadi.

Lyov, Flik va Germaniya murabbiylar shtabi jahon kubogi bilan.
Foto: dfb.de

Bir muddat Germaniya milliy jamoasida sport direktori bo‘lib ishlagan Flik uchun 2019 yildan chinakam katta murabbiylik faoliyati boshlanadi. O‘sha yili «Bavariya» Hansni bosh murabbiy Niko Kovachga o‘rinbosar etib tayinlaydi. Ammo xorvat o‘zini ko‘rsata olmagach, yil so‘ngida Flik «Bavariya» bosh murabbiyiga aylanadi. Ha, 55 yoshga to‘lgan vaqtida Flik uchun endi katta murabbiylik vaqti boshlanayotgandi.

YeChL g‘olibi

Klub rahbariyati uchun kutilmaganda Flik «Bavariya»ni katta ishtiyoq bilan zo‘r boshqaradi. U kelganda to‘rtinchi o‘rinda bo‘lgan klub mavsum yakunida muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritadi. 2020 yil esa «Bavariya» Flik bilan UYeFA Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘ladi. Bu Flikning murabbiylik faoliyatidagi cho‘qqisi edi.

Flik YeChL bosh sovrini bilan.
Foto: Getty Images

Uning qo‘l ostida «Bavariya» shunchaki kutilmaganda chempion bo‘lmayotgan, yo‘lidan chiqqan barchani «yamlamay yutayotgandi». Chorak finalda «Chelsi»ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 7:1 hisobida yenggan.

Foto: MANU FERNANDEZ / POOL / AFP via Getty Images

Keyinchalik yarimfinalda «Lion», finalda PSJ nemislarga qarshilik qila olmaydi va Flik jamoasi Yevropada eng zo‘ri ekanini isbotlaydi. Bavariya» neytral maydonda o‘tgan va bir o‘yindan iborat chorakfinalda «Barselona»ni 8:2 hisobida «yer tishlatadi».Aynan o‘sha mavsumda Yevropa futbolidagi katta nohaqlik kuzatilib, France Football Robert Levandovskiyga «Oltin to‘p» topshirmagandi. Aftidan «Bavariya» oxirgi ikki o‘yinda fransuzlarni yenggani alam qilgan farang nashri koronavirus vaqtida futbolchilar eng yaxshi o‘yinini ko‘rsata olmaydi degan bahona bilan bir yil sovrin topshirmaslikka qaror qiladi.

Keyin «Bavariya»da biroz pasayish bo‘ldi va Flik 2021 yilda iste’foga chiqarildi. Ko‘p o‘tmay uni Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlashadi. Reja bo‘yicha Flik Qatar mundialiga jamoani olib borishi, keyin Germaniyani o‘z maydonida o‘tajak Yevropa chempionatiga tayyorlashi kerak edi.

Flik JCh-2022 doirasidagi Yaponiyaga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida.
Foto: Tribuna.uz

Ammo 2022 yilgi jahon chempionatida nemislar kutilmaganda guruhda qolib ketgach, Flikka bo‘lgan ishonch pasayadi. Mundialdan keyin bir nechta o‘rtoqlik o‘yinlarda bundestimni boshqargach, murabbiy iste’foga chiqariladi. Shu, shu, Flik bir yildan buyon ishsiz.

«Barsa»ga kelish ishtiyoqi

Germaniyalik murabbiy «Barselona»ni boshqarishni juda istadi. Ko‘plab insayderlar yozganidek Flik klubdan bo‘lgan ilk taklifniyoq qabul qildi. Balki o‘sha 8:2 hisobidagi kataloniyaliklar uchun mash’um o‘yindan keyinoq Flikda bu ruhiyatsiz jamoani boshqarish istagi paydo bo‘lgandir.

Axir Lissabondagi o‘sha «qatliom»ning bosh qahramonlaridan bo‘lgan Levandovskiy ham «Barsa»ni tanladi, halizamon ular ortidan Kimmix ham qo‘shilishi kutilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bu sovuqqon «Bavariya»chilar o‘z o‘ljasiga mehri tushgan qotilga o‘xshab ketyapti go‘yo.

Hans-Diter Flik va Joshua Kimmix Bundesliga bosh sovrini bilan.
​​​​​​Foto: Getty Images

Flik «Barsa»ga kelishidan avval yana «Bavariya»ga qaytishiga bir bahya qoldi. U vaqtda murabbiyda aytarli jiddiy taklif bo‘lmagan, u borishni xohlagan «Barselona» esa Xavi bilan kelishuvni bekor qilmasligini e’lon qilib bo‘lgandi. Ammo keyin Xavining matbuot anjumanida aytgan gaplari Laportega yoqmadi-da, uning «pattasini qo‘liga tutqazdi». Shundan keyin Flikning «Barsa»ga kelishi tezlashib ketdi. Murabbiy maosh masalasida ham tortishib o‘tirmay yillik 3 million yevro oylikka rozi bo‘ldi. Bu Yevropadagi o‘rtamiyona futbolchining maoshi deyish mumkin.

Endi nima bo‘ladi?

«Barselona» yangi mavsum oldidan katta transfer qila olmasligi deyarli aniq. Aksincha qarzlaridan qutilish va og‘irlashib borayotgan moliyaviy holatini tiklash uchun Rafinya kabi futbolchilar tap tortmay arablarga sotishi mumkin. Flik ham, tabiiyki, bundan boxabar. Ammo bu murabbiy natija uchun katta pul talab qiladiganlar xilidan emas.

Foto: fcbarcelona.com

Qurumsoq Laportega hozir matbuot anjumanlarida moliyaviy holatdan noliydigan emas, aynan shunaqa – boriga shukr qiladigan murabbiy kerak. Axir Messi ketgach, jamoa katta reklama shartnomalarini boy berdi, hozir klubda katta pul yo‘q, hali beri bo‘ladiganga ham o‘xshamaydi. Chunki klub afsonasi va katta pullar uchun garant allaqachon Mayamida «nafaqa ta’tilini boshlab yuborgan».

Flik rahbariyat gapiga indamay ko‘nikib ketadigan go‘l emasligi aniq, shunchaki u bor imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmoqchi. Buning ustiga «Barselona»ning tarkibini yomon deb ham bo‘lmaydi. Flik birinchi mavsumidayoq juda kuchli «Real»ga qarshilik qilishi qiyin bo‘ladi, ammo nemis hali katta murabbiylikda juda uzoq ishlamagani sabab isbotlashni istaydigan narsalari ko‘p.

Flikdagi bu ishtiyoqni endi yetishib chiqayotgan yosh murabbiylarnikiga o‘xshataman. Masalan, hozir Xabi Alonso va Hans-Ditir Flikning motivatsiyasi bir xil deyish mumkin.

Ikki jiddiy muammo qarshisida

Messining oxirgi yillaridagi «Barselona»da eng jiddiy muammo ruhiy kuchsizlik edi. O‘sha «Bavariya» bilan o‘yinda ham jamoa xuddi yutqazib bo‘lib maydonga tushgandi. Ruhiyat pastligi, qat’iyatsiz harakatlar jamoani ko‘p marta qiynab qo‘ydi. Supertrio tarqalishi bilan klubda g‘oliblik ruhi yo‘qolgandek bo‘ldi.

Xavi «Atletiko»ga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilmoqda.
Foto: Mateo Villalba / Getty Images

To‘g‘ri, undan keyin ham La Ligada g‘olib bo‘ldi, buni Xavi birinchi mavsumda ham uddalagandi. Ammo YeChLdagi o‘yinlarda «Barsa» ortiq katta jamoadek ko‘rinmayotgandi. Xavi kelgach esa asosiy muammo intizom va ichki muhit bo‘lib qoldi. Bu muammo ayniqsa PSJ bilan javob bahsida yaqqol ko‘rinib qoldi. Flik bu muammolarni hal qilish uchun eng yaxshi nomzod deyish mumkin.

Xullas, «Barselona» muxlislari xursand bo‘lsa arziydi. Klub zo‘r murabbiyni olib keldi. Endi 2:8 ni unutarsiz?

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Mavzuga oid