Moliya | 22:05 / 24.11.2025
4547
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning uzoq muddatli kredit reytinglari yaxshilandi. Bu nimani anglatadi?

Joriy yilda uchta yirik xalqaro reyting agentligi – Fitch Ratings, Moody’s va Standard & Poor’s (S&P) O‘zbekistonning uzoq muddatli kredit reytingiga ijobiy o‘zgartirishlar kiritdi. Xususan, Fitch va S&P reytingni bir pog‘ona oshirib, mos ravishda «BB-»dan «BB» darajasiga ko‘tardi. Moody’s esa mavjud ko‘rsatkichni qayta tasdiqlagan holda, prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi. O‘z-o‘zidan savol tug‘ilishi mumkin, bu mamlakatga nima beradi?

Foto: Kun.uz

Kredit reytingi nima?

Kredit reytingi deganda davlat yoki kompaniyaning qarz olish qobiliyati hamda olingan qarzni o‘z vaqtida qaytarish ehtimolining bahosi tushuniladi. Dunyoning eng yirik uch reyting agentligi – Fitch, Moody’s va S&P mamlakatlarning moliyaviy ishonchliligini harflar kombinatsiyasidan iborat shkala orqali baholaydi. Yuqori reyting – bu qarz beruvchilar va investorlar uchun davlat o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi ehtimoli yuqori ekanini anglatuvchi ishoradir. Aksincha, past reyting mamlakatning olgan qarzini qaytarishida xavf yuqoriligini bildiradi va investorlarni cho‘chitadi.

Reytinglar yaxshilanishi O‘zbekistonga nima beradi? 

Birinchidan, xalqaro moliya bozorlarida qarz olish yengillashadi. Yuqori reyting – investorlar va kreditorlar nazarida kamroq xavfni anglatadi. Demak, hukumat yoki o‘zbek korxonalari tashqi bozorlardan qarz olganda foiz stavkalari pasayishi mumkin, chunki investorlardan talab qilinadigan tavakkalchilik mukofoti (risk premium) kamayadi. Bu esa o‘z navbatida davlat uchun ham, xususiy sektor uchun ham moliyaviy xarajatlarni kamaytiradi. Masalan, hukumat yangi infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish yoki eski qarzlarni qayta moliyalashtirishda endi pastroq foizli qarz olishi mumkin – bu budjet mablag‘larini tejaydi yoki boshqa zarur sohalarga yo‘naltirishga imkon yaratadi. 

Ikkinchidan, reytingning oshishi xorijiy investorlar ishonchi ortishiga xizmat qiladi. Reyting agentliklarining ijobiy bahosi xalqaro biznes hamjamiyatiga O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror va ishonchli ekanligi haqida signal beradi. Natijada, mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimi ko‘payishi mumkin. Yuqori reytingli davlatlar ko‘pincha ko‘proq investorlarni jalb qiladi, chunki xorijiy kompaniyalar bunday mamlakatlarda loyihalar boshlash yoki ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirishda o‘zlarini xotirjamroq his qiladi. O‘zbekistonga ko‘proq sarmoya kirsa, yangi korxonalar ochiladi, texnologiyalar kirib keladi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Bu bevosita aholi farovonligiga ijobiy ta’sir etadi.

Uchinchidan, bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy imijini yaxshilaydi. Yaxshi reyting – bu davlatning global maydondagi moliyaviy obro‘sini ko‘rsatuvchi indikator. Ko‘plab xalqaro moliya institutlari (masalan, ayrim pensiya jamg‘armalari, investitsiya fondlari) faqat ma’lum bir reytingdan yuqori bo‘lgan davlatlarning obligatsiyalariga yoki loyihalariga sarmoya kiritadi. Reyting ko‘tarilgani sari, O‘zbekiston bunday investitsion fondlar va institutlar uchun ham ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kirib boradi. Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar (Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki va boshqalar) bilan hamkorlik olib borishda ham mamlakatning reytingi muhim ahamiyatga ega. Yuqori reyting moliyaviy intizom va islohotlarning tan olinishi belgisi sifatida ko‘riladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, kredit reytingining oshishi oddiy o‘zbekistonliklar hayotida birdaniga sezilarli o‘zgarish yasamaydi, balki uzoq muddatli istiqbolda imkoniyatlar yaratadi. Masalan, reyting yaxshilangani bilan ertasi kuniyoq narxlar tushib ketmaydi yoki ish haqlari oshmaydi. Biroq bu baholar ortidagi moliyaviy barqarorlik iqtisodiyotga bosqichma-bosqich ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Davlat moliyasining mustahkamligi va investorlar ishonchining ortishi makroiqtisodiy barqarorlikni kuchaytiradi: inflatsiya bosimini pasaytirishga yordam beradi, milliy valutaning barqarorroq bo‘lishiga ko‘maklashadi va iqtisodiy inqirozlarga chidamlilikni oshiradi. Yakunda esa bu omillar aholi farovonligining oshishi uchun sharoit yaratadi. Masalan, arzonroq kreditlar, yangi ish o‘rinlari va yaxshi infratuzilma ko‘rinishida. Albatta, hozirgi reytinglar investitsion darajaga yetmagan. Fitch va S&P shkalasida «BB» reytingi, Moody’s’ning «Ba3» reytingi hali xavfliroq toifa bo‘lib, investitsion (xavfsizroq) darajadan bir necha pog‘ona past hisoblanadi. Buni hisobga olgan holda, O‘zbekiston yanada yuqori – investitsion darajadagi reytinglarga erishish uchun islohotlarni izchil davom ettirishi, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashi va qarz yukini ehtiyotkorlik bilan boshqarishda davom etish lozim.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid